Rossiya dronlar yig‘ishga 25 ming nafargacha shimoliy koreyalikni jalb qilgan — hisobot

Rossiya dronlar yig‘ishga 25 ming nafargacha shimoliy koreyalikni jalb qilgan — hisobot
Rossiya Ukrainaga qarshi urushda ishlatiladigan dronlarni yig‘ish ishlariga 25 ming nafargacha Shimoliy Koreya fuqarosini jalb etgan. Bu haqda AQSH, Germaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya va boshqa davlatlar tuzgan Sanksiyalar monitoringi bo‘yicha ko‘p tomonlama guruh (MSMT) xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya KXDR fuqarolarini harbiy dronlar ishlab chiqarishga tobora faolroq safarbar qilmoqda.
“Bunday hamkorlik Pxenyanni noqonuniy qurol ishlab chiqarish dasturlarini moliyalashtirish uchun muhim daromad manbai bilan ta’minlaydi”, deyiladi hisobotda.
Tataristondagi “Alabuga” maxsus iqtisodiy zonasida joylashgan korxonalarda 25 ming nafargacha Shimoliy Koreya fuqarosi mehnat qilmoqda. Rossiya aynan shu zonada Ukrainaga qarshi urushda qo‘llaniladigan dronlarini ishlab chiqaradi.
“Shimoliy Koreya ishchilari sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun Rossiyaga talabalar niqobi ostida kirib keladi. Ularning o‘rtacha yillik maoshi 7 500 dollarni tashkil etadi”, deyiladi hisobotda.
MSMTga ko‘ra, bu summa shimoliy koreyaliklar Xitoyda topishi mumkin bo‘lgan daromaddan besh baravar yuqori. Shu bois Rossiya ular uchun tobora jozibador davlatga aylanmoqda. 2025-yil oxirida Xitoyda 20 mingdan 70 minggacha, Rossiyada esa 15 mingdan 30 minggacha shimoliy koreyalik ishlagan.
“Ishlab topilgan mablag‘ning katta qismi KXDR rasmiylari tomonidan musodara qilinadi. Ayrim holatlarda esa hukumat tomonidan undirilgan summa ishchining o‘zida qolishi kerak bo‘lgan daromaddan ham oshib ketgan”, deb yozadi hisobot mualliflari.
Shu tariqa, xorijda ishlayotgan Shimoliy Koreya fuqarolari 2025-yili Kim Chen In hukumatiga 800 million dollargacha daromad keltirgan.
“Ushbu mablag‘ KXDR BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarini buzgan holda ishlab chiqayotgan yadroviy va raketa dasturlarini moliyalashtirishga xizmat qilgan”, deb ta’kidlaydi MSMT.
Guruh tarkibiga 11 ta davlat kiradi.
U tuzilishidan avval, 2024-yilda Rossiya tashabbusi bilan BMTning tegishli ekspertlar kengashi tarqatib yuborilgan. Kengash 15 yil davomida Pxenyan tomonidan sanksiyalarni chetlab o‘tish va yadroviy qurol ishlab chiqish faoliyati haqida hisobotlar tayyorlab kelgan. MSMT e’lon qiladigan ma’lumotlar a’zo davlatlarning maxsus xizmatlari ma’lumotlariga asoslanadi.

