Xitoy Rossiyaga dron ishlab chiqarish uchun yashirincha 46 tonna xomashyo yetkazib berdi — OAV

Xitoy Rossiyaga dron ishlab chiqarish uchun yashirincha 46 tonna xomashyo yubordi — OAV
Xitoyning davlatga qarashli Jilin Chemical Fiber Group kompaniyasi Rossiyaga dronlar ishlab chiqarishda ishlatiladigan 46 tonna kimyoviy xomashyoni yashirincha jo‘natgan. Yuk tinch maqsadlardagi fuqarolik mahsuloti sifatida ko‘rsatilgan. Bu haqda Politico va The Telegraph tegishli hujjatlarga tayangan holda xabar berdi.
Hujjatlarga ko‘ra, uglerod tolasi ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan poliakrilonitril moddasi Rossiyaning Alabuga-Fiber kompaniyasi tomonidan qabul qilingan. Bu kompaniya “Rosatom” tarkibiga kiradi. Tataristondagi Alabuga maxsus iqtisodiy zonasida 2023-yildan beri Eronning Shahed dronlari asosida uchuvchisiz apparatlar yig‘ib kelinmoqda.
2026-yilga oid hujjatlarda ushbu yuk fuqarolar foydalanadigan sintetik tolalar kodi ostida rasmiylashtirilgani qayd etilgan. Vashingtondagi Fan va xalqaro xavfsizlik instituti rahbari Devid Olbraytning aytishicha, uglerod tolasi dronlarning qanotlari, dvigateli va yonilg‘i baki kabi ichki qismlarini mustahkamlash uchun ishlatiladi. Uning hisob-kitobiga ko‘ra, 46 tonna poliakrilonitril kamida 1300 ta dron ishlab chiqarishga yetadi.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi qo‘llayotgan dronlarida Xitoy ehtiyot qismlari avval ham bir necha bor aniqlangan. Biroq bu hujjatlar Xitoydan bunday xomashyo bevosita yetkazib berilganini tasdiqlovchi ilk dalil hisoblanadi.
Xitoydan kimyoviy moddalar yuborilgani haqidagi hujjatlar Ukraina xavfsizlik va hamkorlik markazi tomonidan qo‘lga kiritilgan. Hujjatlarning haqiqiyligini Ukraina hukumati hamda AQSH Kongressining Xitoy bo‘yicha maxsus qo‘mitasi tasdiqladi. Shuningdek, bu ma’lumotlar Buyuk Britaniya hukumatiga ham topshirildi.
AQSH Davlat departamenti va Markaziy razvedka agentligi bu borada izoh berishdan bosh tortdi. Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi esa hujjatlardagi ma’lumotlarni rad etmadi.
24-sentyabr kuni Donald Tramp Vashingtonda Xitoy raisi Si Szinpin bilan uchrashishni rejalashtirmoqda. Jurnalistlarga ko‘ra, bu yangi dalillar fonida Ukraina AQSH prezidentiga bosimni kuchaytirishi mumkin. Maqsad Pekinni Rossiyaga bunday mahsulotlarni yetkazib berishni to‘xtatishga majbur qilishdir.

