Dunyo

Harbiy xizmatga layoqatsiz rossiyaliklar dronlarga qarshi kurashga jalb etilishi mumkin. Putin tashabbusni ma’qulladi

Harbiy xizmatga yaroqsiz rossiyaliklar dronlarga qarshi kurashga jalb etilishi mumkin. Putin tashabbusni ma’qulladi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin sog‘lig‘i bo‘yicha “D” toifaga kiruvchi, ya’ni harbiy xizmatga mutlaqo yaroqsiz deb topilgan fuqarolarni armiya safiga jalb etish haqidagi tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Ammo ular frontga yuborilmaydi — mamlakat ichida dronlarni urib tushirish bilan shug‘ullanadi.

Bu tashabbus rossiyalik harbiy muxbir va “Yedinaya Rossiya” partiyasi yetakchilaridan biri Yevgeniy Poddubniy tomonidan ilgari surildi. U Vladimir Putin bilan 5-sentyabr kungi uchrashuvda og‘ir jarohatlar sabab “D” toifasiga tushib qolgan ayrim harbiylar yana xizmatga qaytishni istayotgani haqida ma’lum qildi.

Poddubniyning aytishicha, bunday ko‘ngillilar frontning oldingi chizig‘ida emas, balki hududiy bo‘linmalar tarkibida xizmat qiladi. Xususan, ular BARS tuzilmasining havo mudofaasi bo‘linmalariga jalb etiladi. Bunday otryadlar Rossiya shaharlari, qishloqlari va sanoat korxonalarini Ukraina dronlaridan himoya qilish bilan shug‘ullanadi.

“Oramizda shunday ko‘ngillilar guruhi borki, ular o‘z imkoniyatlarini baholab, obyektlarni dronlardan himoya qiluvchi hududiy bo‘linmalarda xizmat qilishni xohlashmoqda. Ular bunga istisno tariqasida ruxsat berilishni so‘ramoqda. Gap oldingi chiziq haqida ketmayapti. O‘z shahring, o‘z qishlog‘ing, korxonangni himoya qilish masalasi ko‘ndalang turibdi”, dedi Poddubniy.

Putin esa uning taklifiga qisqa javob berib, “qo‘llab-quvvatlayman”, dedi.

“D” toifasi o‘zi nima?

Rossiya harbiy-tibbiy tasnifiga ko‘ra, “D” toifasi fuqaroning harbiy xizmatga yaroqsiz ekanini anglatadi. Bunday fuqarolar odatda harbiy hisobdan chiqariladi va amaldagi tartib bo‘yicha Rossiya Mudofaa vazirligi bilan harbiy xizmat shartnomasini tuza olmaydi.

“D” toifasi og‘ir kasalliklar va jarohatlar mavjud bo‘lgan holatlarda berilishi mumkin. Ular qatoriga faol shakldagi sil, OIV, ayrim onkologik kasalliklar, shizofreniya va boshqa og‘ir ruhiy xastaliklar, shuningdek, oyoq-qo‘llarning yo‘qligi, ko‘rlik yoki to‘liq karlik kabi holatlar kiradi.

Tashabbus safarbarlik haqidagi bahslar fonida yangradi

Rossiyalik deputat tomonidan ilgari surilgan bu tashabbus mamlakatda yangi safarbarlik haqidagi bahs-munozaralar kuchaygan pallaga to‘g‘ri keldi. Vladimir Putin 3-sentyabr kuni safarbarlikning yangi to‘lqini haqidagi xabarlarni rad etib, hozircha vaziyat buni taqozo qiladigan darajada emasligini aytdi. Rossiya prezidenti bunday xabarlar Davlat dumasi saylovlari arafasida amalga oshirilayotgan “axborot operatsiyasi” ekanini ta’kidladi.

Shunga qaramay, Rossiya qurolli kuchlarining frontdagi yo‘qotishlari o‘rnini to‘ldirish masalasi hanuz dolzarb bo‘lib qolmoqda. Urushni o‘rganish institutining 31-avgust kungi tahlilida yozilishicha, Kreml rus armiyasi saflarini to‘ldirish mexanizmlarini saqlab qolishga urinmoqda. The Economist nashri esa o‘z manbalariga tayanib, Putin urushga yana 300–400 ming harbiy xizmatchi yuborishni ko‘zlayotgani haqida yozdi.

Urushni o‘rganish instituti buning uchun yangi safarbarlik e’lon qilinmasligi mumkinligini taxmin qilgan. Mutaxassislar fikricha, ushbu maqsadga Rossiya hududlaridan qo‘shimcha askar yollash orqali erishish mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.