Uch daqiqada o‘g‘irlangan millionlab yevrolik kartinalar topildi
Italiya politsiyasi mart oyida Parma yaqinidagi xususiy muzeydan o‘g‘irlangan fransuz rassomlari Per Ogyust Renuar, Pol Sezann va Anri Matissning uchta asarini topdi. Millionlab yevroga baholanayotgan kartinalar ish bo‘yicha gumondorlardan birining uyidan chiqqan.

**Uch daqiqada o‘g‘irlangan millionlab yevrolik san’at asarlari topildi**
Italiya politsiyasi joriy yil mart oyida mamlakat shimolidagi muzeydan o‘g‘irlangan fransuz rassomlari Per Ogyust Renuar, Pol Sezann va Anri Matissning asarlarini topishga muvaffaq bo‘ldi.
Parma politsiyasi rahbari Andrea Palyaroning 14-avgust kuni ma’lum qilishicha, o‘g‘irlangan san’at asarlari jinoyat ishi bo‘yicha gumondorlardan birining uyidan topilgan. Tergov doirasida Moldovaning to‘qqiz nafar fuqarosi gumon qilinmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ularning besh nafari kartinalarni o‘g‘irlashda bevosita ishtirok etgan bo‘lishi mumkin.
Topilgan asarlar Renuarning ijodining so‘nggi davriga mansub «Baliqlar» (taxminiy bozor qiymati 3 million yevro), Sezannning qalam va akvarelda ishlangan «Gilosli natyurmort» (taxminiy bozor qiymati 6 million yevro) hamda Matissning «Terrasadagi odaliska» akvarel asari (taxminiy bozor qiymati 20 ming yevro) hisoblanadi. Shu tariqa, topilgan uchta asarning umumiy qiymati 9 million yevrodan oshadi.
Kartinalar mart oyi oxirida Parma yaqinida joylashgan san’atshunos va kolleksioner Luiji Manyani nomidagi fondning xususiy kolleksiyasidan o‘g‘irlangan edi. Manyani-Rokka fondi muzeyida Yevropa tasviriy san’atining noyob namunalari, jumladan, Titsian, Albrext Dyurer, Piter Paul Rubens va Fransisko Goyya kabi mashhur rassomlarning asarlari saqlanadi. Muzey Italiyadagi eng muhim xususiy badiiy kolleksiyalardan biri hisoblanadi.
Avvalroq tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, yuzlarini kapyushon bilan yashirgan o‘g‘rilar muzeyning kirish eshigini buzib ochgan. Ular bino ichida bor-yo‘g‘i uch daqiqa bo‘lib, uchta qimmatbaho asarni olib qochgan. O‘g‘irlikdan so‘ng Manyani-Rokka fondi hodisani oldindan puxta rejalashtirilgan jinoyat deb atagan. Fond ma’lumotiga ko‘ra, videokuzatuv tizimi ishlagani, politsiya va qo‘riqlash xizmati tezkor harakat qilgani sabab jinoyatchilar muzeydagi boshqa qimmatbaho asarlarni olib ketishga ulgurmagan.

