Rossiya Nestlé va Auchan aktivlarini tashqi boshqaruvga oʻtkazdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Nestlé va Auchan kabi qator xorijiy kompaniyalarning mamlakatdagi aktivlarini «vaqtinchalik boshqaruv»ga oʻtkazish toʻgʻrisida farmon imzoladi. Natijada xorijiy mulkdorlarning ushbu aktivlarni mustaqil boshqarish imkoniyati cheklanadi.

Rossiya Nestlé va Auchan aktivlarini tashqi boshqaruvga topshirdi
17-sentabr kuni farmon Rossiyaning huquqiy axborot rasmiy portalida eʼlon qilindi. Reuters xabariga koʻra, Shveysariyaning Nestlé oziq-ovqat konserni hamda Fransiyaning Auchan chakana savdo guruhiga tegishli Rossiyadagi aktivlar «L.Ye.V. Menedjment» kompaniyasining vaqtinchalik boshqaruviga oʻtkazilgan.
DW maʼlumotiga koʻra, farmon jami 81 ta korxonadagi aksiya va ulushlarni qamrab oladi. Roʻyxatda Nestléʼning Rossiyadagi tuzilmalari, Auchanʼning shoʻba korxonalari, shuningdek, Fransiyaning FM Logistics va NG Concept logistika kompaniyalari bilan bogʻliq aktivlar ham bor.
Bundan tashqari, Leroy Merlin tomonidan Rossiyada tashkil etilgan «Le Monlid» kompaniyasidagi ayrim ulushlar ham «vaqtinchalik boshqaruv»ga berilgan.
Yangi farmonga muvofiq, aktivlarni boshqarish «L.Ye.V. Menedjment» kompaniyasiga topshirildi.
Rossiya 2023-yildan beri ayrim xorijiy kompaniyalar aktivlarini «vaqtinchalik boshqaruv»ga oʻtkazish mexanizmidan foydalanib kelmoqda. Bu mexanizm avval Danone va Carlsberg kabi kompaniyalarning Rossiyadagi aktivlariga nisbatan ham qoʻllangan.
Reuters taʼkidlashicha, Rossiya Ukrainaga qarshi keng koʻlamli urush boshlanganidan soʻng xorijiy kompaniyalar aktivlari ustidan nazoratni kuchaytirgan. 2023-yilda imzolangan farmon Moskvaga Rossiya «doʻst boʻlmagan» deb hisoblaydigan davlatlar kompaniyalarining aktivlarini vaqtinchalik boshqaruvga oʻtkazish imkonini bergan.
Nestlé Rossiya bozorida faoliyatini davom ettirib kelayotganini va buni aholi uchun asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish zarurati bilan izohlagan. Kompaniya Reutersʼga avvalroq uning aktivlarini vaqtinchalik boshqaruvga oʻtkazish boʻyicha Rossiya rasmiy idoralaridan murojaat olmaganini bildirgan.

