Samolyotlar yetishmovchiligi: Rossiya Vetnamdan yordam soʻradi
Rossiya Vetnam aviakompaniyalarining samolyotlarini ekipaji va texnik xizmat koʻrsatishi bilan birga ijaraga olishni taklif qildi. Moskva bu orqali ikki mamlakat oʻrtasidagi aviaqatnovlar sonini koʻpaytirishni rejalashtirmoqda.

Samolyotlar tanqisligi: Rossiya Vetnamdan yordam soʻradi
Rossiya Vetnamga mahalliy aviakompaniyalar samolyotlarini Rossiya tashuvchilariga “hoʻl” lizing asosida berish taklifini yoʻlladi.
Bu haqda Rossiya transport vaziri Andrey Nikitin 9-sentabr kuni Moskvada boʻlib oʻtgan Rossiya–Vetnam muzokaralaridan soʻng maʼlum qildi.
“Hoʻl” lizingda samolyot faqat ijaraga berilmaydi, balki uning ekipaji, texnik xizmat koʻrsatish va boshqa operatsion xizmatlar ham ijara beruvchi tomon zimmasida qoladi.
Nikitinning aytishicha, Rossiya tomoni tegishli takliflarni Vetnamga taqdim etgan va ular hozir koʻrib chiqilmoqda.
Rossiya transport vaziri ikki davlat oʻrtasidagi sayyohlar oqimi sezilarli darajada oshganini taʼkidladi. Uning maʼlumotiga koʻra, 2026-yilda Rossiya va Vetnam oʻrtasidagi aviaqatnovlar koʻrsatkichi 2025-yilga nisbatan qariyb uch baravar koʻpaygan.
Moskva Vetnam aviakompaniyalaridan samolyotlarni “hoʻl” lizingga olish ikki mamlakat oʻrtasidagi aviaqatnovlar sonini yanada oshirish imkonini beradi, deb hisoblamoqda.
Rossiya bundan avval ham xorijiy samolyotlarni shu tartibda ijaraga olish masalasida boshqa davlatlar bilan muzokaralar olib borgan. Ular orasida Markaziy Osiyo mamlakatlari, Qatar, Kuvayt va Efiopiya bor.
2025-yil yozida Efiopiya Rossiyaning taklifini rad etgan edi. Mamlakat rasmiylari Ethiopian Airlines samolyotlarini ijaraga berish bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatiga ega emasligini bildirgan. Shuningdek, AQShning ehtimoliy ikkilamchi sanksiyalari bilan bogʻliq xavflar ham qayd etilgan.
Hozircha Rossiya aviakompaniyalarining xorijiy tashuvchilar bilan “hoʻl” lizing boʻyicha kelishuvga erishgani haqida xabar berilmagan.
Rossiya aviakompaniyalarining qoʻshimcha samolyotlarga ehtiyoji Boeing va Airbus laynerlarini xarid qilish hamda taʼmirlashdagi qiyinchiliklar fonida ortib bormoqda. Bu ikki ishlab chiqaruvchining samolyotlari Rossiya fuqarolik aviatsiya parkining qariyb uchdan ikki qismini tashkil etadi va yoʻlovchi tashishlarning 90 foiziga xizmat qiladi.
“Kommersant” hisob-kitobiga koʻra, yozda Rossiyaning 11 ta yirik aviakompaniyasidagi 673 ta samolyotdan 130 tasi parvozlarni amalga oshirmagan. Bu parkning qariyb beshdan bir qismiga teng.
2025-yil aprelida Rossiya prezidenti Vladimir Putin mahalliy aviakompaniyalarga xorijiy samolyotlarni “hoʻl” lizing asosida ijaraga olishga ruxsat bergan edi.

