Rossiya agroxoldingi Oʻzbekistonga har yili 7 ming bosh sigir import qilishni boshlashi mumkin

Rossiya agroxoldingi Oʻzbekistonga har yili 7 ming bosh sigir import qilishni boshlashi mumkin
Moskvada Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov va «Step» agroxoldingi Direktorlar kengashi raisi Ali Uzdenov oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Tomonlar Oʻzbekiston agrosanoat sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, jumladan, sut va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni muhokama qildilar.
Oʻzbekistonga har yili 7 ming bosh golshtin zotli nasldor yirik shoxli qoramol olib kirish va ularni mamlakat hududlaridagi mahallalarda yashovchi oilalarga taqsimlash taklif etildi. Ushbu zotdagi sigirlar yuqori mahsuldorligi bilan ajralib turadi va ayrim hollarda kuniga 40 litrdan ortiq sut beradi.
Ushbu loyiha oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi uchun barqaror daromad manbalarini yaratish va oilalarni kambagʻallikdan chiqarishga koʻmaklashishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari joriy yilda Rossiyada gʻalla hosili yuqori boʻlgani fonida Kaspiy dengizi orqali Oʻzbekistonga 500 ming tonna bugʻdoy yetkazib berish imkoniyatlarini ham muhokama qildilar.
Xususan, Astraxan va Maxachqalʼa portlaridan foydalangan holda logistika yoʻnalishlarini tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi.

