Xitoydan 3 ming bosh naslli qoramol olib kelindi — Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi

Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasining “Daryo”ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon Xitoydan O‘zbekistonga 3 ming bosh Golshteyn zotli, naslli qoramol olib kelingan.
Qo‘mita xabariga ko‘ra, O‘zbekistondagi 80 ta korxona Xitoydan zotli qoramol import qilish bo‘yicha shartnomalar imzolagan. Barcha viloyatlarga Xitoydan Golshteyn (Chinese Holstein) zotli, naslli sut qoramollarini olib kelish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan. Yil boshidan hozirga qadar 3 ming bosh qoramol import qilingan bo‘lib, bu naslli mollarni respublikada boqish va ko‘paytirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlanishicha, zotli qoramollarni Xitoyning sog‘lom va xavfsiz deb topilgan ikkita hududidan olib kelishga ruxsat berilgan. Xitoyning Milliy uy hayvonlari genetik resurslari bazasida Chinese Holstein alohida sut sog‘ib olish yo‘nalishidagi qoramol zoti sifatida qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda nasldor chorva import qiluvchilar 2029-yilgacha qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilishi belgilangan. Xorijdan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar uchun subsidiya ajratish tartibining amal qilish muddati 2030-yil 31-dekabrgacha uzaytirilgan. Shuningdek, 2026-yil 1-iyuldan 2030-yilgacha aholi xonadonlarida identifikatsiya qilingan sigirlardan olingan har bir nasldor buzoq uchun subsidiya ajratiladi.

