Ringdagi şon-şuhratdan moliyaviy inqirozgaça: xitoylik maşhur boksçi nega xonavayron böldi?
Zou Şiming - Xitoy boksining tirik afsonasi, ikki karra olimpiada ğolibi hamda WBO yönalişi böyiça sobiq jahon çempioni. U va rafiqasi Çin yurtida uzoq yillar davomida muvaffaqiyat va farovonlik timsoli sifatida körsatib kelingan. Biroq katta sportdan keyin boşlangan yetti yillik tadbirkorlik maşaqqat bilan töplagan 200 mln yuan yoki taxminan 30 mln dollar miqdoridagi boylikni havoga uçirdi.

Ringdagi shuhratdan moliyaviy inqirozgacha: xitoylik mashhur bokschi nega xonavayron bo‘ldi?
Zou Shiming havaskorlar orasida uch karra jahon chempioni bo‘lgan, 2008-yilgi Pekin va 2012-yilgi London Olimpiadalarida oltin medalni qo‘lga kiritgan. U 2013-yilda, 32 yoshida katta tavakkal qilib, professional boksga o‘tdi va AQShga yo‘l oldi. Professional ringdagi ilk jangi uchun gonorari 250 ming dollarni, ikkinchi jangi uchun esa 500 ming dollarni tashkil etgan. Biroq bokschi gonorari kam to‘lanadigan eng yengil vazn toifasida jang qilgani va AQShdagi yillik mashg‘ulot xarajatlari yuqoriligini hisobga olsak, mushtlashishning o‘zi bilan 200 mln yuan to‘plashning imkoni yo‘q edi.
Katta kapitalning asosiy manbai sportchining nomini shou-biznes va reklama bozoriga mohirlik bilan olib kirish bo‘ldi. 2015-yilda chempionlik kamari uchun kechgan ilk jangdagi mag‘lubiyatdan so‘ng Pekin universitetida MBA darajasini olgan “ishbilarmon” rafiqasi Ran Yingying uni o‘g‘li bilan birga mashhur “Ota, qayerga ketyapmiz?” realiti-shousida qatnashishga ko‘ndiradi. Bu qaror oilaga mislsiz mashhurlik va boylik olib keldi. Keyingi besh yil ichida er-xotin o‘ndan ortiq reytingi baland teleko‘rsatuvlarning doimiy mehmoniga aylandi, yirik brendlar bilan million yuanlik reklama shartnomalarini imzoladi. Natijada Zou Shiming Xitoyning eng boy sportchilari reytingida oltinchi o‘ringa ko‘tarildi, oila esa Pekin, Shanxay, Guyyan va AQShdan qimmatbaho ko‘chmas mulklar xarid qildi.
2014-yilda Zou Shimingning chap ko‘zi to‘r pardasi jiddiy shikastlandi. Shifokorlar uni ogohlantirdi: ringdagi yana bir kuchli zarba uni butunlay ko‘rish qobiliyatidan mahrum qilishi mumkin edi. Shunga qaramay, u boksni davom ettirdi. Ammo 2017-yil iyulida yaponiyalik Syo Kimuraga qarshi jangda og‘ir nokautga uchrab, WBO chempionlik kamaridan ayrilgach, professional faoliyatini yakunladi.
O‘sha pallada Zou oldida sokin hayot yo‘lini tanlash imkoniyati bor edi: to‘plagan 200 mln yuanni bankka qo‘yish va Sport qo‘mitasidagi nufuzli lavozimlardan birida ish boshlash. Ammo ikki omil bokschini tinch hayotdan voz kechib, biznesga kirib kelishga undadi. Birinchidan, Shiming sobiq jamoadoshlarining sportni tark etgach, og‘ir ahvolda qolganini ko‘radi. Shu bois u nafaqaga chiqqan bokschilarni ish bilan ta’minlaydigan ulkan boks markazi qurishni niyat qiladi. Ikkinchidan, rafiqasi, biznes boshqaruvi bo‘yicha nufuzli universitet bitiruvchisi bo‘lgan Ran Yingying uni tadbirkorlik faoliyatini boshlashga undaydi. Shu tariqa Zou yirik biznes imperiya qurishga kirishadi.
Eng katta xato 2018-yilda Shanxaydagi Xuanpu daryosi bo‘yida 18 ming kvadrat metrlik, ikki yarimta futbol stadioni maydoniga teng ulkan boks markazining ochilishi bo‘ldi. Ran Yingying uni odamlar gavjum joyda qurishni taklif qilgan bo‘lsa-da, Zou G‘arb boksi Xitoyga aynan Shanxay portlari orqali kirib kelganiga urg‘u berib, qatnov juda kam bo‘lgan hududni tanlaydi. Natijada metro yetib bormagan majmuaga kirish yo‘lini ham bokschi o‘z hisobidan qurishga majbur bo‘ladi.
Majmuaning yillik ijara haqi 50 mln yuan yoki 7,5 mln dollardan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Shuningdek, uni jihozlash uchun ham katta pul sarflangan: markazning ichki qismiga 3 mln yuanlik ulkan billur qandil o‘rnatiladi, Germaniyada ishlab chiqarilgan, har biri 200 ming yuan turadigan yugurish yo‘lakchalari xarid qilinadi. Muammolar faqat ortiqcha dabdaba bilan cheklanib qolmaydi. Boshqaruv va ta’minot shartnomalarining qarindoshlarga berilishi xarajatlarni keskin oshiradi. Dastlab 15 kishidan iborat bo‘lgan xodimlar shtati esa 300 nafargacha kengaytiriladi.
Xarajatlar kattaligi sababli mijozlar uchun narxlar ham ancha qimmat qilib belgilanadi. Zalning yillik abonementi 38 mingdan 88 ming yuangacha yoki Shanxaydagi o‘rtacha narxdan 5 barobar qimmat edi. Natijada ulkan zalda mijozlar soni eng ko‘p bo‘lganda ham 30 kishiga yetmadi va markaz 7 yil ichida atigi bir oygina foyda bilan ishlaydi.
Vaqtida saboq chiqarish o‘rniga er-xotin 20 dan ortiq kompaniya ochib, o‘zlari tushunmaydigan sohalarga pul tikishda davom etadi. Bir kishi uchun o‘rtacha chek 300 yuandan oshadigan “Ran Wei” restorani, moda kiyimlari, kibersport va choyxona tarmoqlari ketma-ket kasodga uchradi. Pandemiya davridagi karantinlar oflayn biznesni butunlay falaj qildi. Yo‘qotishlarni tezroq qoplash ilinjida P2P moliyaviy piramidalariga tikilgan 80 mln yuan va kriptovalyutaga yo‘naltirilgan 40 mln yuan ham butunlay kuyib ketadi. Eng yomoni, er-xotin oilaviy mol-mulkni biznes xatarlaridan himoya qilish uchun trast fondlarini tashkil etmagan. Aksincha, boks markazi uchun shaxsiy kafillik berib, kompaniya qarzlari bo‘yicha javobgarlikni ham o‘z zimmasiga olgan. Natijada biznesning qarzlari oilaning shaxsiy moliyaviy majburiyatlariga aylanadi.
Moliyaviy tanglik oilani bor-budidan ayirdi. Er-xotin Pekin, Guyyan, AQSh va Shanxaydagi uylarini, xususan, Shanxay sohilidagi 82 mln yuanlik qasrini ham sotib, ijara xonadonga ko‘chib o‘tdi. Ran Yingying hatto o‘zining 72 ta qimmatbaho “Hermes” sumkasi va qutisi ochilmagan 200 juftdan ortiq brend poyabzallarini ham ikkilamchi bozorda sotib yubordi.
Qarzlar fonida yuzaga kelgan bosim sababli er-xotin o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashdi. Hatto uch marta ajrashish uchun ariza ham berishdi, biroq uch farzand va umumiy qarzlarning mavjudligi sababli buning imkoni bo‘lmadi. Biznes kasodga uchragach, Zou Shiming tushkunlikka tushib qoldi. Bu paytda xotini imkon qadar vaziyatni o‘nglash uchun kuniga 14 soatlab jonli efirda mahsulot sotishni yo‘lga qo‘ydi. Keyinchalik Zou ham o‘zini qo‘lga olib, ko‘rgazmali janglar va tijorat tadbirlariga qaytdi.
Tinimsiz mehnat va ko‘chmas mulklarning sotilishi o‘z natijasini berdi. 2026-yil bahoriga kelib, er-xotin uchta yirik bankdagi asosiy kreditlar to‘liq yopilgani va qarz bosimi 80 foizga kamayganini ma’lum qildi. Ammo oilaning yaqin do‘stlari oldidagi 40 mln yuan qarzi saqlanib qolyapti. Shunga qaramay, sobiq chempion va uning rafiqasi bankrotlik e’lon qilib javobgarlikdan qochish o‘rniga, xatolarini mardonavor tan olib, qarzlarini mehnat qilib uzayotgani jamoatchilik tomonidan e’tirof etilyapti.

