Dunyo

Renuar kartinalari oʻgʻirligida gumonlanuvchilar ushlandi - 4,2 mln yevrolik ikki asar hali topilmagan

Fransiyada rassom Per Ogyust Renuar muzeyidan kartinalar oʻgʻirlanishi boʻyicha bir nechta gumonlanuvchi qoʻlga olindi. Mahalliy nashrlar olti kishi ushlanganini yozmoqda, AFP esa besh kishi haqida xabar bergan. Olib ketilgan ikki kartina hozircha topilmagan.

Renuar kartinalari oʻgʻirlanishi bo‘yicha gumonlanuvchilar qoʻlga olindi — 4,2 mln yevrolik ikki asar hanuz topilmadi

Nice Matin va BFM TV 7-oktabr kuni ushlanganlar orasida muzeyga bevosita kirganlikda gumon qilinayotgan ikki shaxs ham borligini bildirdi.

Qoʻlga olish amaliyotlari Fransiyaning Alp, Var, Ero va Du departamentlarida oʻtkazilgan. Gumonlanuvchilar Nitssada uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan oʻgʻirlik ishi doirasida soʻroq qilinishi kutilmoqda.

Tergovni nazorat qilayotgan Marsel prokuraturasi xabarlar chop etilgan paytda rasmiy izoh bermagan. Shu sababli ushlanganlar soni borasida manbalarda tafovut saqlanib qolmoqda.

Oʻgʻirlik 8-sentabr kuni erta tongda Fransiyaning janubi-sharqidagi Kan-syur-Mer shahrida yuz bergan. Ikki shaxs Renuar muzeyiga kirib, toʻrtta kartinani olib chiqishga uringan.

Qochish chogʻida ular ikki asarni muzey bogʻida tashlab ketgan. Bular «Madam Stefan Pishon portreti» va «Koko kitob oʻqimoqda» kartinalaridir. Ikkinchi asarda rassomning Koko laqabli kenja oʻgʻli Klod Renuar tasvirlangan.

«Madam Kolonna Romano» va «Quduq yonidagi yosh ayol» kartinalarini esa oʻgʻrilar olib ketishga muvaffaq boʻlgan. Ularning umumiy qiymati 4,2 mln yevro deb baholanmoqda.

Ishni Nitssa sud politsiyasi, madaniy boyliklarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashuvchi markaziy boshqarma va Marseldagi ixtisoslashgan mintaqalararo sud tuzilmalari oʻrganmoqda. Nice Matin maʼlumotiga koʻra, ehtimoliy buyurtmachilarni aniqlash uchun tergov tafsilotlari sir saqlanmoqda.

Renuar muzeyi 1960-yilda rassom umrining soʻnggi yillarini oʻtkazgan villada ochilgan. Uning kolleksiyasida Renuar asarlaridan tashqari Aristid Mayol, Per Bonnar va Raul Dyufi ishlari ham bor.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.