Fransiyadagi muzeydan 9 mln yevrolik san’at asarlari o‘g‘irlab ketildi (foto)

Fransiyadagi muzeydan 9 mln yevrolik san’at asarlari o‘g‘irlab ketildi (foto)
Fransiyada o‘g‘rilar Renuar muzeyidan umumiy qiymati 9 million yevroga teng bo‘lgan uchta rasmni olib ketdi. Bu haqda Kan-Syur-Mer shahri meri Brayan Massonga tayanib ABC News xabar berdi.
Ikki nafar o‘g‘ri 8-sentyabr kuni fransuz impressionist rassomi Per-Ogyust Renuarga bag‘ishlangan muzeyga bostirib kirgan. Ular to‘rtta san’at asarini o‘g‘irlagan, biroq qochib ketayotganda bittasini tashlab ketgan.
Mahalliy Nice-Matin gazetasi o‘g‘irlangan rasmlar Madam Pichon portreti (1895), Madam Colonna Romano portreti (1910), Coco Lisant (1905) va Jeune fille au puits (1886) ekanini yozmoqda. Shahar meriyasi o‘g‘irlangan asarlarning qiymatini 9 million yevroga (14,5 million dollar) baholagan.
“Shaharning videokuzatuv kameralariga tushgan ikki kishi qochish chog‘ida rasmlardan birini tashlab ketgan”, dedi Brayan Masson.
Muzey signalizatsiyasi soat 5:48 da ishga tushgan. Oradan atigi besh daqiqa o‘tib, shahar politsiyasi voqea joyiga yetib kelgan. Gumondorlar qidirilmoqda, tergov davom etmoqda.
Renuar muzeyi 1960-yilda rassomning 1919-yildagi vafotidan oldin yashagan uyida tashkil etilgan. Uning kolleksiyasida Renuarga tegishli bo‘lgan buyumlar va mebellar, jumladan, uning molberti, nogironlar aravachasi, rassom tomonidan chizilgan portretlar, peyzajlar va nyud suratlar bor.
Bu o‘g‘irlik Parijdagi Luvr muzeyidan kunduzi taxminan 88 million yevro qiymatidagi zargarlik buyumlari o‘g‘irlanganidan bir yil o‘tmay yuz berdi. Luvrni talon-toroj qilishda gumon qilingan to‘rt kishi ushlangan. Biroq xalqaro hamkorlikka qaramay, o‘g‘irlangan buyumlar hanuz topilmagan.
Mart oyida Italiyadagi muzeydan Pyer-Ogyust Renuar, Pol Sezann va Anri Matissning uchta asari o‘g‘irlab ketilgandi. Ikki oy o‘tib, kartinalar gumondorlardan birining uyidan topilgan. Ular topilganidan bir necha kun o‘tib, Italiyadagi boshqa bir muzeydan yana to‘rtta kartina o‘g‘irlab ketilgandi.

