Renovatsiyada kompensatsiya miqdori qanday belgilanadi?
Oʻzbekistonda kompleks qurilish hududlarida renovatsiya loyihalarini amalga oshirishda mulkdorlar bilan kelishishning alohida tartibi belgilangan. Loyiha doirasida uy-joy sotib olinishi, oʻrniga boshqa mulk yoki shu hududdan uy-joy berilishi mumkin. Kelishuvga erishilmagan holatlarda kompensatsiya masalasi sud orqali hal etiladi.

Renovatsiyada kompensatsiya miqdori qanday belgilanadi?
Prezidentning 2026-yil 24-fevraldagi PQ-73-son qarori bilan koʻp kvartirali turar joy majmualarini kompleks qurish mexanizmlari belgilangan.
Qarorga koʻra, 2026-yil 1-martdan 2028-yil 1-martga qadar ayrim hududlarda eksperiment tariqasida maxsus huquqiy rejim amal qiladi.
Belgilangan tartibga muvofiq, investitsiya kompaniyasi avval kompleks qurilish hududidagi koʻchmas mulk egalari bilan muzokara olib boradi. Mulkdor oʻz mol-mulki bilan investitsiya kompaniyasi bilan tuziladigan shartnoma asosida loyihada ishtirok etishi ham mumkin.
Muzokaralar jarayonida investitsiya kompaniyasi mulk va unga tegishli yer uchastkasini sotib olishi yoki tomonlar boshqa shaklda kelishib olishi mumkin. Jumladan, mulkdorga mavjud mulki oʻrniga boshqa mulk yoki kompleks qurilish amalga oshirilayotgan hududdan uy-joy berish imkoniyati ham nazarda tutilgan.
Kompleks qurilish loyihasini amalga oshirish uchun hududdagi koʻchmas mulk obyektlari mulkdorlarining kamida 80 foizi bilan notarial tasdiqlanadigan kelishuv bitimlari tuzilishi shart.
Agar ayrim mulkdorlar bilan kelishuvga erishilmasa yoki ular kompensatsiya turi va miqdoridan norozi boʻlsa, investitsiya kompaniyasi sudga murojaat qiladi. Bunday holatda kompensatsiya miqdorini belgilashda boshqa mulkdorlar bilan tuzilgan notarial kelishuvlar asosida shakllangan oʻrtacha bozor narxi asos qilib olinadi.
Prezident qarori bilan kompleks qurilish loyihalari amalga oshiriladigan dastlabki hududlar ham belgilangan. Ular orasiga Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi Jarqoʻrgʻon, Mirobod tumanidagi Abdurauf Fitrat va Sergeli tumanidagi Xonobodtepa mahallalari kiritilgan.
Shuningdek, Namangan shahridagi Ravnaq mahallasi ham kompleks qurilish hududi sifatida belgilangan. Qaror roʻyxatida Samarqand va Qarshi shaharlaridagi hududlar ham nazarda tutilgan.
Mazkur mexanizmning asosiy shartlaridan biri koʻchmas mulk egalarining huquqlarini himoya qilish hisoblanadi. Qarorda kompleks qurilish mexanizmlarini joriy etish bilan birga mulkdorlar huquqlarining soʻzsiz himoya qilinishini kafolatlash maqsadi alohida belgilangan.

