Qo‘llanma: IELTS yoki boshqa xalqaro imtihon uchun sarflangan pulni qanday qaytarib olish mumkin?

Qo‘llanma: IELTS va boshqa xalqaro imtihonlar uchun to‘langan pullarni qaytarish tartibi
2021-yildan boshlab O‘zbekistonda xalqaro imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan fuqarolar imtihon uchun sarflangan mablag‘larni qaytarib olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Agar ishtirokchi belgilangan minimal balldan yuqori natija ko‘rsatsa, imtihonning to‘liq qiymatini qoplash mumkin. Masalan, IELTS imtihoni uchun kamida 7 ball to‘plash talab etiladi. Ushbu kompensatsiya Yoshlar ishlari agentligi tomonidan to‘lab beriladi.
Kompensatsiyani kimlar olishi mumkin?
* Imtihon topshirish vaqtida 31 yoshga to‘lmagan O‘zbekiston fuqarolari.
* Respublikada doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar.
* Agar imtihonni 16 yoshga to‘lmagan shaxs topshirgan bo‘lsa, arizani uning ota-onasi yoki qonuniy vakili (vakillik huquqini tasdiqlovchi hujjat bilan) topshiradi.
Qaysi imtihonlar uchun kompensatsiya beriladi?
Kompensatsiya olish mumkin bo‘lgan 18 ta xalqaro imtihon ro‘yxati mavjud. Har bir imtihon uchun belgilangan minimal ball yoki darajaga erishish shart.
TestDaF, Goethe-Zertifikat, DELF, DALF, TCF, TOPIK, JLPT va HSK imtihonlari uchun 2027-yil 1-yanvargacha minimal darajadan bir pog‘ona past natija ko‘rsatilsa ham kompensatsiya olish mumkin. Bu imtiyoz faqat shu 7 ta imtihonga va belgilangan muddatgacha amal qiladi. Boshqa imtihonlar uchun bunday yengillik mavjud emas.
Kurslar uchun ham pulni qaytarish mumkinmi?
Yo‘q. Yagona portalda xizmat "o‘qish va imtihon topshirish xarajatlari uchun kompensatsiya" deb nomlansa-da, faqat imtihonning o‘z narxi qoplanadi. Kurslar, repetitorlik xizmatlari va boshqa tayyorgarlik xarajatlari kompensatsiya hisobidan qoplanmaydi.
Ariza qachon topshiriladi?
Sertifikat olingan kundan boshlab 180 kundan kechiktirmay ariza topshirish lozim. Bu muddatdan keyin kompensatsiya olish imkoni bo‘lmaydi.
Arizani qayerga topshirish kerak?
Arizani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali onlayn topshirish mumkin. Xizmat "O‘qish va xalqaro imtihonlarni topshirish xarajatlarini qoplash uchun ariza berish" deb nomlanadi.
Tizimga OneID yoki MyID orqali kiriladi, bu shaxsiy ma’lumotlarning bir qismini avtomatik to‘ldirishga yordam beradi. Arizaga sertifikat va to‘lov kvitansiyasi PDF formatida ilova qilinadi. Anketada sertifikatning ro‘yxatdan o‘tgan raqami, berilgan sanasi va imtihon topshirilgan tashkilot ko‘rsatilishi shart.
Ariza topshirilgandan so‘ng pul avtomatik tushadimi?
Yo‘q. Yagona portaldagi tasdiq pul o‘tkazilganini anglatmaydi.
Yoshlar ishlari agentligi sertifikatni 12-15 ish kuni ichida tekshiradi (agar sertifikatni bergan tashkilotdan tasdiqnoma talab etilsa, bu muddat 42 kungacha cho‘zilishi mumkin). Ma’qullangandan so‘ng SMS xabar keladi va my.gov.uz saytidagi shaxsiy kabinetda kompensatsiya olish huquqini beruvchi ma’lumotnoma paydo bo‘ladi. Bu ma’lumotnoma keyingi bosqichda zarur bo‘ladi.
Pullarni qanday olish mumkin?
YIDXPda kompensatsiya olish huquqini tasdiqlovchi ma’lumotnoma paydo bo‘lgandan so‘ng, yana 12 kun kutish va shundan keyingina bankka so‘rov yuborish kerak.
Kompensatsiyani Xalq Bankining "Xazna" ilovasi orqali olish mumkin. Ilovani App Store yoki Play Market’dan yuklab olish mumkin. Avval ilovada ro‘yxatdan o‘tish (telefon raqamini kiritish, akkaunt yaratish va parol o‘rnatish) lozim.
Ilovaga kirgach, alohida identifikatsiyadan o‘tish talab etiladi: pasport seriyasi yoki JSHSHIR, tug‘ilgan sana ko‘rsatiladi va yuzni skanerlash orqali biometrik tekshiruvdan o‘tiladi. Ro‘yxatdan o‘tish va identifikatsiya bir martalik jarayon bo‘lsa-da, identifikatsiya birinchi urinishdayoq o‘tmasligi mumkin, shuning uchun qayta urinishga tayyor turish kerak.
Pul kelib tushadigan bank kartasini ilovaga alohida biriktirish lozim. Faqat identifikatsiyadan o‘tib, karta biriktirilgandan so‘nggina "Xizmatlar" → "Ijtimoiy xizmatlar" → "Xalqaro imtihon (xarajatlarni qoplash)" bo‘limiga kirish imkoni ochiladi. Ushbu bo‘limda mablag‘larni qaytarish uchun so‘rov yuborish va ma’lumotnomani ilova qilish kerak bo‘ladi.
Bu imtihon topshirgan shaxsning kartasi bo‘lishi shartmi?
Yo‘q. Ilovaga istalgan kartani qo‘shish mumkin – bu karta imtihon topshirgan shaxsga tegishli bo‘lishi shart emas. Qaysi karta ulanganidan qat’i nazar, pul o‘sha kartaga tushadi.
Imtihon uchun to‘langan summa to‘liq qaytariladimi?
Ha, imtihon narxining 100 foizi qoplanadi. Masalan, hozirda Toshkentda IELTS imtihoniga ro‘yxatdan o‘tish 2 664 000 so‘mdan boshlanadi – aynan shu summa (yoki amalda qancha to‘langan bo‘lsa, o‘sha) qaytarib beriladi.
Qo‘shimcha to‘lov qilish kerakmi?
Yo‘q. My.gov orqali ariza berish ham, bankdan pul olish ham bepul, hech qanday komissiya undirilmaydi.
Kompensatsiyani naqd pulda olsa bo‘ladimi?
Yo‘q. To‘lov faqat "Xazna" ilovasi orqali amalga oshiriladi, bo‘limda naqd pul berilmaydi.
Nima uchun "Xazna" ilovasida "Xizmat mavjud emas" xabari paydo bo‘ladi?
Bu kompensatsiya rad etilganini bildirmaydi. Ehtimol, Yoshlar ishlari agentligi joriy davr uchun to‘lovlar limitini tugatgan yoki yangi moliyalashtirish hali kelib tushmagan bo‘lishi mumkin – kompensatsiya mablag‘lari har 15 kunda o‘tkaziladi. Yangi moliyalashtirish kelib tushishi bilan to‘lov "Xazna" ilovasida yana faollashadi. Buning qachon sodir bo‘lishini Yoshlar ishlari agentligining rasmiy Telegram kanalida bilib olishingiz mumkin – u yerda limitlar va moliyalashtirish bosqichlari haqidagi yangiliklar e’lon qilib boriladi.
Nega arizam rad etildi?
Ko‘pincha arizani to‘ldirishda xatolikka yo‘l qo‘yilgani, ball yetarli bo‘lmagani yoki sertifikat olinganidan keyin 180 kun o‘tib topshirilgani sababli rad etiladi. Agar sabab arizadagi xatolik bo‘lsa, uni darhol tuzatib, qaytadan topshirishingiz mumkin.
Kompensatsiyani bir necha marta olsa bo‘ladimi?
Bir imtihon uchun faqat bir marta olish mumkin. Lekin keyinroq boshqa turdagi imtihonni (masalan, IELTS’dan keyin TOEFL’ni) topshirib, kerakli ballni to‘plasangiz, u uchun ham alohida kompensatsiya olishingiz mumkin.
Menda hali savollar bor. Qayerga murojaat qilsam bo‘ladi?
Yoshlar ishlari agentligi dasturga oid batafsil yo‘riqnomalar va tushuntirishlar berib boriladigan Telegram kanalni yuritadi. Agar mablag‘ni qaytarishda muammolarga duch kelsangiz, kanal administratoriga +998 71 209-01-04 (ichki raqamlar: 305, 406) orqali murojaat qilishingiz mumkin.

