«Real»da kambek, «Siti» 4 ta gol oʻtkazib yutqazdi
«Real» Rimdagi oʻyinda 7 daqiqada uch gol urib, gʻalabani ilib ketdi; ingliz jamoalari oʻyinlarida hokkeycha (yoki tennischa) hisoblar, Abduqodir Husanov boshlangʻich tarkibga qaytgan oʻyinda «Siti» «PSJ»ga oʻz uyida magʻlub boʻldi. Chorshanba oqshomida YECHL guruh bosqichida boʻlib oʻtgan oʻyinlar va turnir jadvalidagi vaziyat.

«Real» kambek qildi, «Siti» esa 4 ta gol oʻtkazib magʻlub boʻldi
15-oktabrga oʻtar kechasi Chempionlar ligasi tarixidagi eng sermahsul oqshomga aylandi. 9 ta oʻyinda jamoalar jami 46 ta gol urishdi: oʻrtacha har bir uchrashuvda 5 tadan gol.
«Roma» – «Real» 3:4
Gollar: de Ron, 20 (1:0). Mbappe, 25 (1:1). Malen, 51 (2:1). Malen, 57 (3:1). Espi, 82 (3:2). Endrik, 85 (3:3). Ryudiger, 90 (3:4)
«Roma»: Gollini, NʼDika, Ermoso (Kuliyerakis, 81), Manchini (Balerdi, 64), de Ron, Kone (Pizilli, 17), Uesli Vinisius, Molina, Soule (Pellegrini, 64), Malen, Dibala (Mora, 46)
«Real»: Kurtua, Konate, Ryudiger, Kukurelya (Karreras, 78), Dyumfris (Arda Guler, 59), Valverde, Tchuameni (Bernardu Silva, 70), Bellinghem, Vinisius Junior (Endrik, 59), Diomande (Espi, 79), Mbappe
Ogohlantirishlar: Manchini, 60. Uesli Vinisius, 69. Pellegrini, 89 – Karreras, 90
Joze Mourinio bu safar ham nostalgiya safari taassurotini uygʻotdi. U birinchi turda oʻzining sobiq jamoasi «Inter»ga qarshi maydonga tushgandi. Endi esa yana bir qadrdon klub — «Roma» stadionida mehmon boʻldi. Mezbon muxlislar uni bannerlar bilan kutib olishdi. Bu Mbappe uchun ham alohida uchrashuv edi: u shu kuni Messining rekordini yangilab, asosiy yevrokubokda 100 ta oʻyin oʻtkazgan eng yosh futbolchiga aylandi — 27 yoshu 298 kun. Vinisius ham diqqat markazida edi. Shu kuni La Liga rahbariyati braziliyalik futbolchini «Vilyarreal»ga qarshi bahsdagi harakati uchun 4 oʻyinga diskvalifikatsiya qilgani eʼlon qilindi va u endi maʼlum muddat faqat yevrokuboklarda maydonga tushishi mumkin edi.
Yetti yillik tanaffusdan soʻng YeChLga qaytgan rimliklar uchrashuvni juda faol boshlashdi va Kurtuani birin-ketin sinovdan oʻtkaza boshlashdi. Belgiyalik darvozabon avval Ermosoning burchakka yoʻnaltirilgan zarbasini qaytardi, biroq mezbonlarning keyingi hujumida de Ronning zarbasidan soʻng yuzaga kelgan rikoshet uni ojiz qoldirdi. Oradan besh daqiqa oʻtgach esa mezbonlar darvozaboni ham xuddi shunday vaziyatga tushdi va Mbappe hisobni tenglashtirdi.
Ikkinchi boʻlimda Vinisius antiqahramonga aylandi. U maydon markazida tovoni bilan pas berishga urinib, toʻpni yoʻqotdi, shundan keyin boshlangan tezkor qarshi hujum Malenning goliga olib keldi. Oradan biroz vaqt oʻtib niderlandiyalik hujumchi yana bir qarshi hujumda dublni rasmiylashtirdi.
Shundan keyin Mourinioning sabri tugadi va u Vinisiusni 59-daqiqadayoq almashtirdi. Maydonni tark etayotganda braziliyalik vinger murabbiylar shtabiga ochiq norozilik bildirdi. Ammo uning oʻrniga tushgan Endrik oʻyinni butunlay oʻzgartirib yubordi. Madridliklar safidagi eng past boʻyli futbolchilardan biri hisoblangan hujumchi ikki marta burchak zarbasi vaqtida bosh bilan zarba berdi: birinchisida darvozabon qaytargan toʻpni Espi baribir darvozaga kiritdi, ikkinchisida esa gol Endrikning oʻz nomiga yozildi.

