Raqobat qo‘mitasi aksiya va chegirmalarni raqamli nazorat qilishni taklif etmoqda
Raqobat qo‘mitasi aksiya va chegirmalar shaffofligini oshirish uchun QR-kod orqali narxlarni tekshirish, aksiyalarni oldindan elektron ro‘yxatga olish va narxlar tarixini raqamlashtirishni taklif qilmoqda. Bu takliflar 58 ta shoxobchadagi 116 ta aksiyani o‘rganishda 65 ta kamchilik aniqlangani ortidan tayyorlanmoqda.

Raqobat qo‘mitasi aksiya va chegirmalarni raqamli tarzda nazorat qilishni taklif qilmoqda
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi aksiya hamda chegirmalar ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida yangi raqamli mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlamoqda.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, mahsulot yonidagi QR-kodni skanerlash orqali xaridor uning oldingi narxlari va chegirmaning haqiqiy miqdori haqida ma’lumot olishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, aksiya shartlarini ular boshlanishidan oldin maxsus elektron tizimda qayd etish va mahsulotlar narxi o‘zgarish tarixini raqamlashtirish taklif etilmoqda. Bu chegirmalarning haqiqiyligini tekshirish hamda narxlar o‘zgarishini kuzatish imkonini berishi kutilmoqda.
Qo‘mita ushbu takliflarning maqsadi aksiya va chegirmalar shaffofligini oshirish, xaridorlarni chalg‘ituvchi holatlarning oldini olish hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish ekanini ta’kidlamoqda.
Qo‘mita 58 ta savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasidagi 116 ta aksiya va chegirmani o‘rganib, 65 ta muammo va kamchilikni aniqlagan. Ayrim holatlarda e’lon qilingan chegirmalar amalda boshqacha qo‘llanilgan, aksiya shartlari to‘liq tushuntirilmagan yoki g‘oliblarga va’da qilingan sovrinlar berilmagan.
Water Life Mineral MCHJning “Orzu ushalsin” aksiyasida uch nafar ishtirokchiga jami 60 mln so‘mlik sovrin berilmagan. Holat yuzasidan tadbirkorga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, tegishli qaror qabul qilingan va ko‘rsatma berilgan.
Namanganda fuqaro “Namangan avtotexxizmat” MCHJ aksiyasida Chevrolet Cobalt avtomobilini yutib olgan. Biroq telefon raqami noto‘g‘ri terilgani sababli u bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmagan va yutuq boshqa shaxsga berilgan. Qo‘mita aralashuvidan so‘ng avtomobil haqiqiy g‘olibga qaytarilgan.
Shuningdek, Namangandagi Baldini do‘konida 50 foiz chegirma e’lon qilingan bo‘lsa-da, mahsulotlarda narxnomalar bo‘lmagan.
IDEA do‘konida esa 20, 50 va 60 foizlik chegirmalar mahsulotning umumiy narxiga emas, balki muddatli to‘lovning oylik to‘lovlariga qo‘llanilgan.
“Samarqand Avtotexxizmat” MCHJning avtomobil xarid qilganlarga maishiy texnika sovg‘a qilish aksiyasi faqat Chevrolet avtomobili uchun 100 foiz oldindan to‘lov qilgan xaridorlarga tatbiq etilgan. Muddatli to‘lov asosida avtomobil olganlar va yuridik shaxslar aksiyada ishtirok eta olmagan. Qoidabuzarliklar aniqlangach, korxonaga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgan.
Qashqadaryo viloyatida IDEA brendining smartfonlarni bo‘lib to‘lash asosida xarid qilish bo‘yicha aksiyalari reklamasida ham ayrim ma’lumotlar ko‘rsatilmagan. Xususan, aksiyadagi mahsulotlar soni, ularning oldingi 30 kun ichidagi eng past narxlari va “1+1” aksiyasida qo‘shimcha qaysi mahsulot berilishi aniqlashtirilmagan.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, aniqlangan 65 ta kamchilikdan 59 tasi — 90,7 foizi huquqiy tushuntirishlar va ogohlantirish xatlari orqali bartaraf etilgan. To‘rtta tadbirkorlik subyektiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, tegishli qaror va ko‘rsatmalar berilgan. Iste’molchilar foydasiga qariyb 250 mln so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan.
Qo‘mita o‘rganishlar asosiy muammo qoidalarning yo‘qligida emas, balki ularga rioya etilishini o‘z vaqtida va samarali nazorat qilish mexanizmlari yetarli emasligida ekanini ko‘rsatganini qayd etdi.
Taklif etilayotgan raqamli mexanizmlar aksiya va chegirmalar haqidagi ma’lumotlarni tekshirishni osonlashtirishi, narxlarning o‘zgarishini kuzatish imkonini berishi va iste’molchilarni chalg‘ituvchi holatlarning oldini olishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil iyun oyida Raqobat qo‘mitasi aksiya va chegirmalarni o‘tkazish tartibini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritgan edi.
Ularning ayrimlari Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktabrdagi qarori bilan tasdiqlandi.
Xususan, chegirmadan oldingi narx, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bundan mustasno, so‘nggi 30 kun davomida amalda bo‘lgan eng past narx bo‘lishi belgilandi. Sotuvchilar chegirma miqdori va amal qilish muddatini aniq ko‘rsatishi, iste’molchi talabiga ko‘ra esa avvalgi narx haqida ma’lumot berishi shart.

