Raqobat qo‘mitasi O‘zbekistondagi taksi agregatorlarining narx belgilashini o‘rganmoqda
Raqobat qo‘mitasi taksi agregatorlarining narx belgilashi va ular faoliyatida insofsiz raqobat alomatlari bor-yo‘qligini o‘rganishni boshladi. Bunga yirik agregatorlar ishidagi 'texnik nosozliklar' fonida tig‘iz vaqtlarda yo‘l haqi bir necha baravar qimmatlashgani sabab bo‘ldi.

Raqobat qo‘mitasi O‘zbekistondagi taksi agregatorlari narx belgilashini o‘rganmoqda
O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi taksi agregatorlari xizmatlari narxlari hamda ularning faoliyatida insofsiz raqobat alomatlari bor-yo‘qligini o‘rganishni boshladi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi kunlarda yirik agregatorlar ishida kuzatilgan “texnik nosozliklar” ortidan raqobatchi xizmatlarda tig‘iz paytlarda yo‘l haqi bir necha baravar oshgan. Bu esa jamoatchilikning asosli e’tirozlariga sabab bo‘lgan.
O‘rganish jarayonida qo‘mita narxlarning oshirilishi qanchalik asosli ekani va raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya qilinayotganiga alohida e’tibor qaratadi.
Agregatorlarga yo‘l haqini belgilash algoritmlarini qayta ko‘rib chiqish, narxlarning keskin va sun’iy oshirilishining oldini olish tavsiya etildi.
Shuningdek, kompaniyalar quyidagi choralarni ko‘rishi kerak:
“Raqobat muhitidagi har qanday harakat iste’molchilar manfaatlariga zid bo‘lmasligi, xizmatlar narxi va sifati esa adolatli hamda shaffof tamoyillarga asoslanishi lozim”, — deya ta’kidladi qo‘mita.
Qo‘mita, agar agregatorlar raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik yoki iste’molchilar huquqlarini himoya qilish talablarini buzgan bo‘lsa, tekshiruv o‘tkazilishi va qonunchilikda belgilangan choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 9-oktabr kuni kechqurun O‘zbekistondagi Yandex Go xizmatida taxminan bir soat davomida nosozlik kuzatildi. O‘sha kuni Rossiyaning Kaluga viloyatidagi “Yandeks” data-markaziga dronlar hujum qildi. Xizmatdagi uzilishlar fonida boshqa taksi agregatorlari va xizmatlariga talab oshganini kompaniyalar Gazeta’ga tasdiqladi.
11-oktabr kuni ertalab Yandex Go foydalanuvchilari yana nosozliklarga duch keldi: ilova safarlar narxini ko‘rsatmadi va taksi buyurtma qilish imkonini bermadi. Jamoat transporti bo‘limida avtobuslar harakati ham aks etmadi. Haydovchilar va kurerlar ham muammolar haqida xabar berdi. Shu kuni Yandex Cloud Rossiyaning Vladimir shahridagi data-markaz dron hujumi oqibatida shikastlanganini ma’lum qildi. Data-markaz faoliyati to‘liq to‘xtatildi.
Yandex Uzbekistan “Gazeta”ga xizmatlar taqsimlangan hisoblash infratuzilmasidan foydalanishini, shu sabab bir mamlakatdagi nosozlik boshqa mamlakatda ayrim funksiyalarning ishlashiga ta’sir qilishi mumkinligini tushuntirdi. Yuklamani qayta taqsimlash jarayonida ham xatolar yuzaga kelishi mumkin. Kompaniya o‘zbekistonlik foydalanuvchilarning ma’lumotlari himoyalangani va qonunga muvofiq zarur darajada muhofaza qilinishini ta’minlaydigan yurisdiksiyada saqlanishini bildirdi.
12-oktabr kuni kechqurun kompaniya “Gazeta”ga xizmatlar bosqichma-bosqich tiklanayotganini ma’lum qildi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, taksopark hamkorlariga to‘lovlar odatdagidek avtomatik tarzda amalga oshirilgan, haydovchilar uchun tezkor to‘lovlar ham mavjud bo‘lgan. Ayrim to‘lovlarda esa xatolar yoki kechikishlar kuzatilishi mumkin edi.

