Qurtlagan shokolad: u yaroqlilik muddati oʻtmagan mahsulotlarda ham uchraydi
Ijtimoiy tarmoqlarda qadoqlangan shirinlik ichidan tirik qurt chiqqani aks etgan video tarqaldi. Eʼtiborli jihati - videodagi mahsulotning yaroqlilik muddati hali tugamagan. Mahsulot yaroqlilik muddati oʻtmagan boʻlsa ham, qadoq ichida qurt yoki boshqa zararkunanda paydo boʻlishi mumkinmi? Bunday holatga nima sabab boʻladi va hasharot mahsulotga qachon tushib qoladi? Kun.uz oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha mutaxassisdan shu savollarga javob oldi.

Qurtlagan shokolad: u yaroqlilik muddati oʻtmagan mahsulotlarda ham kuzatiladi
Yaroqlilik muddati mahsulot xavfsizligining yagona kafolati emas
Mutaxassis izohiga koʻra, mahsulotning yaroqlilik muddati hali tugamagan boʻlishi uning har qanday sharoitda xavfsiz ekanini anglatmaydi. Bunda mahsulotning qaysi harorat va namlikda saqlangani, qanday tashilgani hamda qadoqning butunligi katta ahamiyatga ega.
«Aynan shokolad mahsulotlari uchun belgilangan standart harorat 20 darajadan yuqori boʻlmasligi, nisbiy namlik esa 75–80 foiz boʻlishi kerak. Agar shu belgilangan talablarga rioya qilinmasa, hatto mahsulotning germetikligi buzilmagan taqdirda ham uning tashqi koʻrinishi oʻzgarishi mumkin.
Qurt mahsulotga qayerdan tushadi?
Mahsulotning ishlab chiqaruvchidan isteʼmolchigacha boʻlgan yoʻli bir necha bosqichdan iborat: ishlab chiqarish, qadoqlash, tashish, omborlarda saqlash va savdo. Ushbu bosqichlarning birortasida sanitariya qoidalari yoki saqlash talablari buzilishi mahsulot xavfsizligiga taʼsir qilishi mumkin.
Mutaxassisning taʼkidlashicha, mahsulot qadoqlangandan keyin ham uning xavfsizligiga tashqi omillar taʼsir koʻrsatishi mumkin. Masalan, tashish vaqtida qadoq shikastlanib, unga havo kirishi yoki mahsulot notoʻgʻri haroratda saqlanishi ehtimoli mavjud.
«Isteʼmolga yaroqlilik muddati hali tugamagan boʻlsa ham, mahsulot notoʻgʻri saqlansa, notoʻgʻri tashilsa yoki qadogʻi buzilsa, uning xavfsizligi buzilishi mumkin. Tashqi taʼsirlar oqibatida ikkilamchi ifloslanish yuzaga kelgan mahsulotni isteʼmol qilish tavsiya etilmaydi».

