Layfstayl

Ovqatdan zaharlanishni qanday aniqlash mumkin, dastlabki soatlarda nima qilish kerak va qachon shifokorga murojaat qilish lozim? Shifokor tavsiyalari

Ovqatdan zaharlanish ishlab chiqarish, saqlash, tashish yo tayyorlashdagi qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan mahsulotlar tufayli ro‘y berishi mumkin. Gazeta umumiy amaliyot shifokori Javoxir Xalmuxamedov bilan alomatlar, birinchi yordam va profilaktika haqida suhbatlashdi.

Ovqatdan zaharlanishni qanday aniqlash, dastlabki soatlarda nima qilish kerak va qachon shifokorga murojaat qilish lozim? Shifokor tavsiyalari

Ovqatdan zaharlanish — bu kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlar, ularning toksinlari yoki boshqa zararli moddalar bilan ifloslangan oziq-ovqat yoki ichimliklarni iste’mol qilish natijasida yuzaga keladigan holat. Ko‘pincha bakteriyalar, viruslar yoki parazitlar bunga sabab bo‘ladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab qariyb 866 million kishi, ya’ni sayyoramizning deyarli har to‘qqizinchi aholisi, sifatsiz va xavfli mahsulotlarni iste’mol qilish oqibatida kasallanadi. Bu holat ovqatni ishlab chiqarish va saqlashdan tortib, uni tayyorlash va iste’mol qilishgacha bo‘lgan turli bosqichlardagi qoidabuzarliklar tufayli yuzaga kelishi mumkin.

Ayniqsa, besh yoshgacha bo‘lgan bolalar juda zaif hisoblanadi; ovqatdan zaharlanish holatlarining deyarli uchdan bir qismi ularning hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, homilador ayollar, keksalar, immuniteti zaiflashgan hamda surunkali kasalliklarga chalingan insonlar ham yuqori xavf guruhiga kiradi.

Javohir Xalmuxamedov Gazeta`ga ovqatdan zaharlanishni qanday aniqlash, qaysi holatlarda tibbiy yordamga murojaat qilish va kasallik xavfini qanday kamaytirish mumkinligi haqida ma’lumot berdi.

Ayrim mahsulotlar, ayniqsa, noto‘g‘ri saqlanganda, noto‘g‘ri tayyorlanganda yoki yetarli darajada termik ishlov berilmaganda, boshqalarga qaraganda ko‘proq ovqatdan zaharlanishga olib keladi. Bularga quyidagilar kiradi:

Agar tayyor taomlar uzoq vaqt xona haroratida qoldirilsa, xom va pishgan mahsulotlar birga saqlansa, kross-kontaminatsiya, ya’ni o‘zaro zararlanish — kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblarning xom oziq-ovqatlardan tayyor mahsulotlarga o‘tib qolish xavfi ortadi.

Alomatlarning qachon namoyon bo‘lishi kasallik qo‘zg‘atuvchisiga, organizmga tushgan mikroorganizmlar miqdoriga va inson organizmining individual xususiyatlariga bog‘liq. Masalan, stafilokokkli toksikoinfeksiyada belgilar 30 daqiqadan 6 soatgacha bo‘lgan vaqt ichidayoq paydo bo‘lishi mumkin, salmonellyozda — 1-3 sutkadan keyin, kampilobakteriozda esa — 2-5 kun o‘tib yuzaga chiqadi.

Ovqatdan zaharlanishning asosiy belgilari: ko‘ngil aynishi, qayt qilish, diareya, qorindagi sanchiqli og‘riqlar, holsizlik va tana haroratining ko‘tarilishi.

Kasallik og‘ir kechganda suvsizlanish alomatlari — kuchli chanqoq, og‘iz qurishi, kam peshob ajralishi va bosh aylanishi kuzatilishi mumkin.

Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, ovqatdan zaharlanishni oshqozon-ichak traktining boshqa kasalliklaridan farqlay olish muhim. Zaharlanish uchun aniq bir mahsulot bilan bog‘liqlik, to‘satdan va o‘tkir boshlanish hamda odatda bir-uch kun ichida to‘liq tuzalish xosdir.

Rotavirus, dizenteriya va boshqa ichak infeksiyalari odamdan odamga, ifloslangan suv, oziq-ovqat, maishiy buyumlar yoki yuvilmagan qo‘llar orqali yuqadigan viruslar yoki bakteriyalar tufayli kelib chiqadi. Ular ko‘pincha nafaqat qayt qilish va ich ketishi, balki harorat ko‘tarilishi, burun oqishi, tomoq og‘rig‘i va shamollashga o‘xshash boshqa alomatlar bilan ham kechadi. Ayrim ichak infeksiyalari og‘irroq kechishi, kuchli intoksikatsiya va qayta-qayta qusaverish bilan birga yetti kungacha davom etishi mumkin.

Shuningdek, Javohir Xalmuxamedov ovqatdan keyingi har bir qorin og‘rig‘i ham ovqatdan zaharlanish emasligiga e’tibor qaratdi. Agar qorin dam bo‘lishi, ich kelishining buzilishi va noqulaylik muntazam takrorlansa va aniq bir mahsulotni iste’mol qilish bilan bog‘liq bo‘lmasa, bunga ingichka ichakda bakteriyalarning haddan tashqari ko‘payishi sindromi yoki oshqozon-ichak traktining boshqa surunkali kasalliklari sabab bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda mustaqil ravishda “navbatdagi zaharlanish”ni davolashga urinmasdan, gastroenterologga murojaat qilish va tekshiruvdan o‘tish zarur.

Ovqatdan zaharlanishning asosiy xavflaridan biri — degidratatsiya, ya’ni suvsizlanishdir. Organizm suyuqlik bilan birga elektrolitlarni, jumladan, natriy va kaliyni ham yo‘qotadi. Kuchli suvsizlanish oqibatida qon bosimi tushib ketishi, buyraklar faoliyati buzilishi, kuchli holsizlik va og‘ir holatlarda karaxtlik yuz berishi mumkin.

Qayt qilish va ich ketishi kuzatilganda suyuqlik yo‘qotilishining o‘rnini muntazam to‘ldirib borish muhim. Suyuqlikni tez-tez va oz-ozdan, ayniqsa, ko‘ngil ayniganda — har 10-15 daqiqada bir necha qultumdan ichish kerak. Buning uchun tarkibida tuzlar va glyukoza bo‘lgan regidratatsiya eritmalaridan (masalan, “Regidron”) foydalangan ma’qul. Ular nafaqat suv balansini, balki qayt qilish va diareya paytida organizm yo‘qotgan elektrolitlarni ham tiklashga yordam beradi. Agar bunday eritma topilmasa, oddiy suv yoki ochiqroq damlangan choy ichish mumkin.

“Ideal holatda organizm qancha suyuqlik yo‘qotsa, taxminan shuncha miqdorda o‘rni to‘ldirilishi kerak. Peshob ajralishini kuzatib boring: agar u muntazam va och rangda bo‘lsa, suyuqlik yetarli. Agar peshob kam ajralsa va rangi to‘qlashsa, ko‘proq suv ichish lozim. Agar inson tinimsiz qusavergani sababli suyuqlik icha olmasa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak — bunday holatda eritmalarni tomir orqali yuborish talab etilishi mumkin”, — deya tushuntiradi shifokor.

Ovqatdan zaharlangandan keyin odatiy ratsionga bosqichma-bosqich qaytish lozim. Dastlabki soatlarda o‘zini majburlab ovqatlantirish kerak emas. Biroq shifokor to‘liq tuzalguncha uzoq vaqt och qolishni ham tavsiya etmaydi.

Ishtaha ochilgach, yengil ovqatlardan iborat kichik porsiyalar bilan cheklangan ma’qul: guruch qaynatmasi, suxari, banan, dimlab pishirilgan olma, suvda yoki sho‘rvada tayyorlangan kartoshka pyuresi. Kuniga 5-6 mahal oz-ozdan tanovul qilish tavsiya etiladi.

Ikkinchi-to‘rtinchi kunlarda, ahvolga qarab, qaynatilgan tovuq, kurka yoki baliq go‘shti, pishirilgan sabzavotlar, suvda pishirilgan bo‘tqalar, yog‘siz tvorog va tabiiy yogurtni asta-sekin qo‘shish mumkin.

Yog‘li va qovurilgan ovqatlar, achchiq taomlar va ziravorlar, ko‘p miqdordagi shirinliklar, qattiq kletchatkali xom sabzavot va mevalar, dukkakli mahsulotlar, kofe, gazlangan ichimliklar va sharbatlardan vaqtincha voz kechgan ma’qul, spirtli ichimliklarni esa butunlay istisno qilish shart. Ayrim ichak infeksiyalaridan so‘ng laktozani vaqtincha hazm qilolmaslik holati yuzaga kelishi mumkin, shuning uchun sutni ham vaqtincha cheklash lozim.

Odatda, umumiy holatga qarab, bir necha kun yoki bir hafta ichida odatiy ovqatlanish tartibiga qaytish mumkin.

Eng ko‘p tarqalgan xato — “har ehtimolga qarshi” o‘zboshimchalik bilan antibiotiklar ichishdir. Agar zaharlanish oziq-ovqat tarkibidagi toksinlar tufayli yuzaga kelgan bo‘lsa, antibiotiklar yordam bermaydi. Ko‘plab ichak infeksiyalari ham o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi va antibakterial terapiyani talab qilmaydi. Bunday dorilarni nazoratsiz qabul qilish nojo‘ya ta’sirlar xavfini oshiradi va bakteriyalarning ularga nisbatan chidamliligini shakllantiradi.

Mutaxassis tavsiyasisiz ich ketishiga va qusishga qarshi dorilarni ichish mumkin emas, ayniqsa, yuqori harorat kuzatilganda yoki najasda qon bo‘lsa. Ular hamma vaziyatga ham to‘g‘ri kelmaydi, aksincha, ahvolni og‘irlashtirishi yoki yanada jiddiyroq kasallik alomatlarini yashirishi mumkin.

Enterosorbentlar, jumladan, faollashtirilgan ko‘mir qusish va ich ketishida birinchi yordamning asosi bo‘lgan regidratatsiya o‘rnini bosa olmaydi. Ularni qo‘llashni shifokor bilan maslahatlashgan ma’qul, ayniqsa, gap oddiy ovqatdan emas, balki dorilar yoki kimyoviy moddalardan zaharlanish haqida ketayotgan bo‘lsa.

Qayt qilish o‘z-o‘zidan boshlanmagan bo‘lsa, uni sun’iy ravishda qo‘zg‘atmaslik kerak. Bu tuzalishni tezlashtirmaydi va qizilo‘ngachning shikastlanishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, oshqozonni spirtli ichimliklar bilan “dezinfeksiya qilish”ga urinish ham yordam bermaydi — spirt oshqozon-ichak shilliq qavatini yallig‘lantiradi va suvsizlanishni kuchaytiradi.

“Yengil holatlarda asosiy vazifa — organizmning tiklanishiga yordam berishdir: suyuqlik yo‘qotilishining o‘rnini to‘ldirish, odatiy ovqatlanishga bosqichma-bosqich qaytish, zarurat bo‘lganda enterosorbentlar, ba’zan esa probiotiklar qabul qilish. Odatda maxsus davolanish talab etilmaydi. Qo‘shimcha dori-darmonlarni shifokor alomatlarga qarab tayinlaydi, antibiotiklarni esa faqat bunga haqiqatan ham ko‘rsatma bo‘lgan hollardagina tavsiya qiladi”, — deydi Javohir Xalmuxamedov.

Agar tinimsiz qayt qilish sababli bemor suyuqlik icha olmasa, darhol tibbiy yordamga murojaat qilish shart. Og‘izning qattiq qurishi, ajralayotgan peshob miqdorining keskin kamayishi yoki bir necha soat davomida peshob chiqmasligi, bosh aylanishi va kuchli holsizlik jiddiy suvsizlanishdan dalolat berishi mumkin.

Qusiq massasida yoki najasda qon paydo bo‘lganda, axlat qoramtir tus olganda, qorinda kuchli yoki kuchayib boruvchi og‘riqlar sezilganda, tutqanoq va karaxtlikda shoshilinch yordam zarur. Shuningdek, yuqori harorat bir necha kun davomida tushmasa yoki alomatlar chekinmasdan ahvol og‘irlashsa, shifokorga borishni kechiktirmaslik kerak.

Ko‘rishning buzilishi yoki bitta buyumni ikkita ko‘rish (diplopiya), yutinish va gapirishning qiyinlashishi, mushaklardagi keskin zaiflik botulizmdan dalolat berishi mumkin — bu asab tizimini shikastlovchi va nafas olish mushaklari falajiga olib kelishi mumkin bo‘lgan o‘ta og‘ir kasallikdir. Bunday alomatlarda tezkor tibbiy yordam talab etiladi.

“Bolalar, keksalar, homilador ayollar va surunkali kasalligi bor insonlar ovqatdan zaharlanishni og‘irroq o‘tkazadi, ularda suvsizlanish va boshqa asoratlar tezroq rivojlanishi mumkin. Shuning uchun ular salomatlik yomonlashuvining dastlabki belgilaridayoq shifokorga murojaat qilishlari lozim”, — deb tavsiya qiladi shifokor.

Ovqatdan zaharlanish xavfini kamaytirishning asosiy usullaridan biri — mahsulotlarni saqlash harorati me’yorlariga rioya qilishdir. Sovitkich kamerasida harorat +4 °C dan yuqori bo‘lmasligi, muzxonada esa taxminan -18 °C bo‘lishi kerak. Muzlatkichni haddan tashqari to‘ldirib yubormaslik lozim — sovuq havo erkin aylanishi uchun mahsulotlar orasida yetarlicha joy qolishi kerak.

Xom go‘sht, parranda go‘shti va baliqni o‘zaro zararlanishning oldini olish maqsadida tayyor taomlardan alohida saqlash zarur.

Pishirilgan taomlarni xona haroratida uzoq vaqt qoldirmaslik kerak. Tez buziladigan mahsulotlar sovitkichsiz ko‘pi bilan ikki soat, havo harorati +32 °C dan yuqori bo‘lganda esa bir soatdan ortiq qolmasligi lozim.

Mahsulot sotib olayotganda nafaqat uning yaroqlilik muddatini, balki saqlash sharoitlarini ham tekshiring. Go‘sht, baliq va sut mahsulotlari to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nurlari ostida emas, balki sovitkichli vitrinada yoki muz ustida turishi shart. Qadoq butun, shikastlanmagan va shishmagan bo‘lishi kerak.

Bozorda sifati buzilgani sezilib turgan mahsulotlarni xarid qilmang — masalan, sirti yopishqoq bo‘lib qolgan yoki noxush hid kelayotgan go‘sht, ezilgan va chirigan sabzavot-mevalar, so‘ligan yoki qoraygan ko‘katlarni olmang.

Tayyor salatlar, rollar, sut va boshqa tez buziladigan mahsulotlarni xarid aravachasiga eng oxirida solgan ma’qul, toki ular sovitkichsiz iloji boricha kamroq vaqt tursin.

Yo‘lda tez buziladigan oziq-ovqatlarni sovitkich elementlari bo‘lgan termosumkalarda tashish va qizib ketgan mashinada qoldirmaslik kerak. Kabob uchun mo‘ljallangan xom go‘shtni tayyor taomlardan, sabzavotlardan va termik ishlov berilmaydigan boshqa mahsulotlardan alohida saqlash lozim.

Piknikda asosiy qoida — sovuqlik zanjirini buzmaslikdir. Kolbasa va pishloq mahsulotlari, mayonezli salatlar, okroshka va boshqa sovuq taomlarni safarga chiqishdan oldin tayyorlab, dasturxonga tortilguncha sovuq holda saqlagan ma’qul.

Go‘shtni to‘liq pishirib/qovurib olish shart.

Sovitkichsiz ikki soatdan ko‘proq, +32 °C dan yuqori haroratda esa bir soatdan ortiq ochiqda turgan taomlarni keyinroq yeyish uchun uyga olib ketmaslik kerak.

Ko‘cha taomlarini xarid qilayotganda savdo nuqtasining tozaligiga, masalliqlarning saqlanish sharoitiga va sovitkich uskunalarining mavjudligiga e’tibor bering. Tayyor taom yoki uning tarkibiy qismlari yuqori haroratda qancha ko‘p tursa, bakteriyalarning ko‘payish xavfi shuncha yuqori bo‘ladi.

Yetkazib berish xizmatida esa tashish vaqti va sharoitlari ayniqsa muhim. Xom baliqli rollar, mayonezli taomlar, sut mahsulotlari va kremli shirinliklar termosumkalarda yetkazib berilishi shart. Keltirilgan taomni darhol iste’mol qilish yoki sovitkichga qo‘yish lozim.

“Eng asosiy qoida — mahsulotning yangiligi yoki saqlanish sharoitiga shubhangiz bo‘lsa, uni aslo iste’mol qilmang. Yaroqlilik muddati va qadog‘ini tekshiring, saqlash harorati, tashqi ko‘rinishi va hidiga e’tibor bering. Agar nimadir shubha uyg‘otsa, tavakkal qilmagan ma’qul”, — deya xulosa qiladi shifokor.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.