Dunyo

Qozog‘istonda pensioner bomba haqidagi hazili uchun samolyotdan tushirib qoldirildi

Qozog‘istonda pensioner bomba haqidagi hazili uchun samolyotdan tushirib qoldirildi

Qozog‘istonda Olmaota–Oqtov reysi yo‘lovchisi yukida bomba borligi haqida gapirgach, samolyotdan tushirib qoldirildi. Hodisa 3-sentyabr kuni Olmaota aeroportida sodir bo‘ldi.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, Olmaota aeroporti Transport politsiyasi boshqarmasi xodimlari FlyArystan aviakompaniyasi topshirig‘iga binoan yo‘lovchini reysdan tushirib qoldirgan.

Bunga yo‘lovchining “Bu sumkada qo‘rg‘oshin bormi yoki bombami” degan gapi sabab bo‘lgan. Shundan keyin transport politsiyasi va aviatsiya xavfsizligi xodimlari vaziyatga aralashgan. Ular yo‘lovchi va uning yukini tekshirgan.

“Taqiqlangan buyumlar yoki portlovchi moddalar topilmadi”, deb xabar berdi Transport politsiyasi boshqarmasi.

Ma’lum qilinishicha, aeroportda odamlarni evakuatsiya qilish ishlari amalga oshirilmagan. Aeroport odatdagi tartibda ishlashda davom etgan.

Shuningdek, bir yo‘lovchi ayol parvoz kechikishining sababini tushuntirib bergan. Uning aytishicha, yoshi katta yo‘lovchi samolyot bortida aviatsiyada xavfsizlikka tahdid deb baholanadigan “B” harfi bilan boshlanadigan so‘zni aytgan.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, gap og‘ir sumka haqida ketgan. Ekipaj yo‘lovchining bu gapini payqab qolgan va shundan so‘ng samolyot kapitani jarayonga aralashgan.

Yo‘lovchi ayol bort kuzatuvchilari yo‘riqnomaga muvofiq harakat qilganini va o‘z vazifalarini bajarganini ta’kidladi.

Yo‘lovchi javobgarlikka tortildi

Politsiya xabariga ko‘ra, erkakka nisbatan mayda bezorilik ayblovi qo‘yilgan. Ish hujjatlari tegishli qaror qabul qilish uchun sudga yuboriladi. Transport politsiyasi boshqarmasi yo‘lovchilarni hazillashib bo‘lsa ham bunday gaplarni ishlatmaslikka chaqirdi.

“Biz fuqarolarni bunday bayonotlarning jiddiyligini anglashga va jinoyat javobgarligiga hamda qoidabuzarning o‘zi va atrofdagilar uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan ‘hazillar’dan tiyilishga chaqiramiz”, deyiladi idora bayonotida.

Ostona aeroporti ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 273-moddasida terrorizm yoki boshqa xavfsizlikka tahdid haqida bilib turib yolg‘on xabar berganlik uchun qat’iy choralar nazarda tutilgan, jumladan:

5000 baravargacha bazaviy hisoblash miqdorida jarima; majburiy jamoat ishlari;

5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Tahdidli bayonot samolyot aeroportda bo‘lganida yangragan. Yo‘lovchilar zudlik bilan evakuatsiya qilingan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.