Dunyo

Qozog‘istonda 14 harbiy halok bo‘lgan mashg‘ulotda qoidabuzarliklar aniqlandi

Sentyabr oyida Mang‘istov viloyatida 14 nafar harbiy dengizga oqib ketib, halok bo‘lgandi. Fojiadan keyingi tekshiruvda mashg‘ulotlarni tashkil etish va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha qator kamchiliklar aniqlandi.

Qozog‘istonda 14 harbiy halok bo‘lgan mashg‘ulotdagi qoidabuzarliklar fosh etildi

Qozog‘iston Mudofaa vazirligida harbiy mashg‘ulotlar ustidan nazorat, xavflarni baholash hamda favqulodda holatlarga tezkor javob berish borasida kamchiliklar aniqlangan. Bu haqda bosh vazir Oljas Bektenovning deputatlik so‘roviga bergan javobiga tayanib, Tengrinews xabar berdi.

“Xususan, xavfli omillarga yetarlicha e’tibor qaratilmagan, xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi ustidan zarur nazorat o‘rnatilmagan. Shuningdek, mashg‘ulotlarning xavfli bosqichlarini o‘z vaqtida to‘xtatish bo‘yicha qarorlar qabul qilinmagan”, dedi Bektenov.

Uning aytishicha, hozir Qozog‘iston armiyasida mashg‘ulotlarni havodan kuzatish uchun dronlardan foydalanilmoqda. Ayrim bo‘linmalarda harbiylarning qayerdaligi va sog‘lig‘ini kuzatish imkonini beruvchi maxsus qurilmalar ham ishlatilmoqda. Bundan tashqari, harbiylar ob-havo o‘zgarishlari haqida muntazam ma’lumot olish uchun “Kazgidromet” bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Tekshiruv sentyabr oyida Mang‘istov viloyatida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda 14 nafar harbiy halok bo‘lganidan keyin boshlangan. Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ob-havo keskin yomonlashib, kuchli shamol ko‘tarilgani sababli o‘quv-jangovar topshiriqni bajarayotgan harbiylar guruhi dengizga oqib ketgan.

Fojiadan keyin Mudofaa vazirligi rahbariyati almashtirildi va jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ish doirasida Harbiy-dengiz kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni, uning sobiq o‘rinbosari — shtab boshlig‘i va yana bir qancha mansabdor shaxslar hibsga olindi.

Shuningdek, mamlakat hukumati qurolli kuchlarda islohot o‘tkazilishini e’lon qildi. Unga ko‘ra, muddatli harbiy xizmat ikki bosqichli tizimga o‘tkaziladi. Mudofaa vazirligi jangovar harakatlarni mashq qilish uchun maxsus simulyatorlarni ham joriy etmoqchi. Bu harbiylarning tayyorgarligini yaxshilash va mashg‘ulotlar xarajatlarini kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.