Layfstayl

Qovoq, lavlagi va achchiq qalampir: organizmni viruslardan himoya qiluvchi boshqa kuzgi sabzavotlar

Qovoq, lavlagi va achchiq qalampir: organizmni viruslardan asrovchi boshqa kuzgi sabzavotlar

Sabzavotlar sog‘lom ovqatlanishning ajralmas qismi ekani hammaga ma’lum. Ular organizm uchun zarur bo‘lgan kletchatka, kraxmal, mineral va biologik faol moddalarni o‘zida jamlaydi. Bundan tashqari, sabzavotlar inson immunitetini kuchaytirish, organizmni turli kasalliklardan himoya qilish xususiyatiga ega, deb yozadi “Noviy ochag”.

Immunitetni qanday kuchaytirish mumkin?

Mavsumiy infeksiyalarni yengib o‘tish uchun to‘g‘ri ovqatlanish zarur. Ratsionda oqsillarning bo‘lishi organizm uchun muhim bo‘lib, ular mushaklar, organlar va teri holatini yaxshilashda ishtirok etadi. Shuningdek, ular fermentlar va gormonlar ishlab chiqarish, organizmning funksional faolligini ta’minlash hamda immunitet tizimini mustahkamlash uchun kerak.

Yog‘lar esa yallig‘lanishga qarshi himoyani ta’minlaydi va virus tarqalishiga qarshi turadi.

Uglevodlar organizmning asosiy yoqilg‘isi bo‘lib, inson tanasida kechadigan barcha jarayonlar uchun energiya beradi. Uglevodlar sabzavotlardagi asosiy oziq moddalardan biridir.

A vitamini immunitet tizimini mikrob va viruslarni yo‘q qiladigan hujayralar ishlab chiqarishga rag‘batlantiradi, E vitamini esa kuchli antioksidant hisoblanadi. C vitamini antitanalar ishlab chiqarishda muhim rol o‘ynaydi, immunitet uchun javobgar bo‘lgan oq qon hujayralari sonining ortishiga yordam beradi.

Kletchatka ichak mikroflorasini qo‘llab-quvvatlaydi, ovqat hazm qilish tizimini yaxshilaydi va organizmni toksinlardan tozalashga ko‘maklashadi.

Antioksidantlar oksidlanish jarayonlariga qarshi kurashadi va natijada hujayralarni tiklashga, organizmdagi metabolik jarayonlarni optimallashtirishga hamda immunitet tizimini mustahkamlashga yordam beradi.

Ferment va fitonsidlar patogen bakteriya va viruslarni bostiradigan tabiiy antibiotiklar bo‘lib, ular immunitet tizimini imkon qadar mustahkamlashga yordam beradi.

Minerallar (kalsiy, fosfor, magniy, natriy, kaliy, xlor, oltingugurt, temir, rux, mis, yod, ftor va boshqalar) barcha hujayralar, to‘qimalar va suyaklarning tarkibiy qismidir; ular organizmdagi kislota muvozanatini saqlaydi va metabolizmga katta ta’sir ko‘rsatadi.

Sabzavot kletchatkasi organizmning tabiiy detoksifikatsiyasini ta’minlaydi, toksik metabolitlarni chiqarib yuboradi va shu orqali immunitetni himoya qiladi. Organizmda toksinlar kamroq to‘plangani sababli, immunitet tizimi ham shunga yarasha kamroq zo‘riqadi.

Kuzgi sabzavotlar tarkibida nimalar bor?

Karam

Karam eng foydali kuzgi sabzavotlardan biri bo‘lib, uni muntazam iste’mol qilish immunitet tizimini mustahkamlaydi, chunki unda A, C, E, B vitaminlari, kalsiy, kaliy va fosfor mavjud. Bundan tashqari, C vitamini xom va tuzlangan karamda saqlanib qoladi. Karam tolaga boy manba bo‘lib, ichak faoliyatini faollashtiradi. Qolaversa, fransuz olimlari tuzlangan karam koronavirus organizmga kirganda uning ta’sirini kamaytirishi mumkin, degan xulosaga kelgan.

Qovoq

Qovoqning asosiy afzalligi minerallarning yuqori miqdorida: kaliy, kalsiy, magniy, mis, fosfor va temir. Qovoqda vitaminlar ham ko‘p: C, E, B guruhi. Kletchatkaning yuqori miqdori tufayli qovoq ichak faoliyatini rag‘batlantiradi. Qovoq sabzi yoki mol go‘shti jigariga qaraganda bir necha baravar ko‘p karotinni o‘z ichiga oladi va bu qizil-to‘q sariq mahsulot pigmenti yaqqol antioksidant xususiyatlarga ega. Qovoq tarkibida rux ko‘p, uning urug‘larida esa qimmatbaho o‘simlik moylari bor.

Sabzi

Sabzi juda ko‘p karotinni o‘z ichiga oladi, bu modda inson organizmida retinol (A vitamini) ga aylanadi va virusli hamda bakterial kasalliklarning oldini olishga yordam beradigan ajoyib antioksidantdir. Ilmiy tadqiqotlar qaynatilgan sabzi xom sabziga qaraganda ko‘proq antioksidant xususiyatlarga ega ekanini isbotlagan. Pishirilganda antioksidantlar darajasi deyarli 34 foizga oshadi. Sabzi tarkibida C, B, E vitaminlari hamda kaliy, fosfor, temir, mis, yod, rux kabi minerallar ko‘p.

Lavlagi

Bu noyob mahsulot tarkibida inson organizmining ko‘plab ichki organlari va tizimlarining to‘g‘ri ishlashi uchun zarur bo‘lgan juda ko‘p foydali moddalar mavjud. Lavlagi ichaklarni tozalaydi, metabolizmni yaxshilaydi, A, C, E, B vitaminlari hamda kaliy, natriy, fosfor, magniy, kalsiy, temir, rux, marganets, mis va selen kabi minerallarni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, lavlagi tarkibidagi moddalar oqsillarning so‘rilishini va qondagi gemoglobinni tashishni yaxshilaydi. Ildiz hosilida tabiiy antioksidantlar juda ko‘p.

Piyoz va sarimsoq

Bu sabzavotlarning o‘tkir hidi kuchli antivirus va antibakterial ta’sirga ega faol moddalar — fitonsidlar borligini bildiradi. A, E vitaminlari, organik kislotalar, minerallar va efir moylariga boy tarkibi tufayli piyoz va sarimsoq virusli kasalliklar hamda shamollashning oldini olish va davolash uchun foydalidir. Organizmdagi fitonsidlar, immunostimulyatorlar va efir moylari tufayli viruslar rivojlanishi uchun mos bo‘lmagan muhit yuzaga keladi. C vitamini shilliq pardalarni himoya qiladi. Rux, temir va B vitamini gemoglobinni oshiradi va organizmning tabiiy resurslarini faollashtiradi.

Achchiq qalampir

Uning tarkibidagi kapsaitsin qon aylanishini faollashtiradi, balg‘amni ko‘chiradi, uning o‘pkadan chiqishini osonlashtiradi va bevosita antibakterial hamda antivirus ta’sirga ega. Bu sabzavot tomoq shishini va burun tiqilishini bartaraf etishga qodir.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.