Layfstayl

“Birovning qo‘shig‘ini kuylab, unvon olishyapti”. Xonanda Mohira Asadova o‘ziga qo‘yilgan taqiqlar va 45 yillik ijodida mukofotga loyiq ko‘rilmagani haqida

“Birovning qo‘shig‘ini kuylab, unvon olishyapti”. Xonanda Mohira Asadova o‘ziga qo‘yilgan taqiqlar va 45 yillik ijodida mukofotga loyiq ko‘rilmagani haqida

1990-yillarning mashhur xonandasi, “Shohsanam”, “Muhabbatni chiqarganlar chidaganga” kabi qo‘shiqlari bilan tanilgan, ijodda biroz sokinlashgan Mohira Asadova “Temp Podkast” loyihasiga intervyu berdi. Suhbat davomida ijodkor hozir nimalar bilan bandligi, aslida san’atkor bo‘lishni istamagani hamda 45 yillik ijodi davomida birorta ham mukofotga loyiq ko‘rilmagani haqida so‘zlab berdi.

“Muxlislarimga sovg‘a tayyorlayapman”

Mohira Asadova bugun qayerda ekani va nimalar bilan shug‘ullanayotganini aytdi.

O‘zbek davlat filarmoniyasi qoshidagi Botir Zokirov nomidagi milliy simfonik orkestrining oliy toifali solist vokalistiman. Har kuni ish, yangi ijod mahsullari, konsert dasturlari, syomka va gastrol safarlari bilan bandman. Yangi qo‘shiq ustida ham ishlayapman. Yozib, tugatib olsam, o‘zgacha rakurs, o‘zimga qarama-qarshi yo‘nalish va hech kim kutmagan tarzda klip olish niyatim bor. Muxlislarim mendan kutilmagan sovg‘ani olishadi, deydi xonanda.

“15 yoshimda ‘Dutorchi qizlar’ ansamblida ish boshlaganman”

Mohira Asadova san’at yo‘lini maqom yo‘nalishida boshlab, keyin estradada ijodini davom ettirgan.

Ustozim 15 yoshimda meni ishga olgan, unda hali maktab o‘quvchisi edim. Qo‘limda hattoki pasportim yo‘q 8-sinf qiz bo‘lganman. Ustozim menga ishonib, 15 yoshli qizni katta ansamblga qonunan ishga olgan. Bu yil ish boshlaganimgda roppa-rosa 45 yil bo‘ldi. O‘zim ham 60 yoshni qarshilayman. Bayramlar munosabati bilan shu yilning oxiri — dekabr oylarida yakkaxon konsert berish niyatim bor, deydi xonanda Mohira Asadova.

“Universitetda san’atga teskari yo‘nalishda o‘qiganman”

Shu sababli universitetga topshirish paytida san’atga mutlaqo teskari bo‘lgan yo‘nalish — pedagogika universitetining Maktabgacha ta’lim fakultetiga kirganman. Kunduzgi bo‘limda o‘qib, darsdan keyin televideniyega borib, 5 dan 8 gacha ishlardim. O‘sha paytlarda shu qadar g‘ayratim va ishtiyoqim bor ediki, charchoq nima ekanini bilmaganman. Katta davlat tadbirlari, konsertlar bizning “Dutorchi qizlar” ansamblisiz o‘tmagan. Odamlardan hatto “Dazmolni yoqsak ham sizlar chiqib kelyapsiz” degan askiyalarni eshitganmiz. Bundan tashqari, hosil bayramlari ham bo‘lardi. Masalan, “Andijon viloyati bugun paxta rejasini bajaribdi, konsertga borasizlar”, deb qolishardi. Qo‘l telefonlar bo‘lmagani uchun uydagilarni ogohlantirib ham qo‘ya olmasdik, ishdan to‘g‘ri boshqa viloyatlarga ketib qolardik. Kelgunimizcha transportlar qatnovi tugab, metrolar yopilib qolgan bo‘lardi. Xullas, xohish bo‘lsa, hech qanday charchoq bilinmas ekan, deydi xonanda.

“Bir kechada Mohira emas, Shohsanam bo‘lib uyg‘onganman”

— “Dutorchi qizlar” ansamblida ishlab yurgan kezlarim, 1993-yilda katta Yangi yil bayrami tadbiri bo‘lgan. Shunda estrada yo‘nalishida ilk bor “Shohsanam” nomli qo‘shig‘imni ijro etdim. Marhum do‘stim, bastakor Sultonali Rahmatov musiqasi, Jamol Kamol she’ri bilan shu qo‘shiq yaraldi. Tarona 31-dekabr kuni jaranglagan bo‘lsa, 1-yanvar kuni Mohira emas, Shohsanam ismi bilan qaytadan “dunyoga keldim”. Chunki kichik diapazon talab qiladigan qo‘shiq shu darajada xit va shlyager bo‘lib ketishini xayolimga ham keltirmagan edim. Bozorlarda, yo‘lda, mashina va avtobuslarda qo‘shig‘im tinimsiz jaranglashni boshladi. Hatto qo‘shiqning orasidagi “jingl”ni kesib olib, ko‘rsatuvlarga ham qo‘ya boshlashdi, deya eslaydi san’atkor.

“Birgina qo‘shig‘im ortidan konsert berganman”

Ilk konsertim bo‘lishiga qaramay, u besh kunga belgilangan edi. Chiptalar shu darajada tez sotilib, odamlar yana talab qildiki, ikkinchi kundan boshlab ikki seansda konsert bera boshlaganman. O‘zim kutmagan holatda besh kunlik konsertim ikki baravarga ortib ketgan. Demoqchi bo‘lganim, harakatda baraka, deydi xonanda Mohira Asadova.

“Yillar davomida taqiqda bo‘lib keldim”

— 1995-yillardan boshlab davlat telekanallari yillar davomida menga taqiq qo‘yib, birorta qo‘shiq, klipimni chiqarishmadi. Lekin qo‘limda litsenziyam bo‘lgani sababli xususiy telekanallarda kliplarimni bemalol “aylantirdim”. Pulini bersangiz, 24 soat bo‘lsa ham Mohira Asadova kuylayveradi. Taqiqda o‘tirganimni o‘zim aytmasam, hech kim, hech qaysi muxlisim sezmadi. Chunki aytganimdek, xususiy kanallardagi chiqishlarimni to‘xtatmadim. Menga kim taqiq qo‘yganini yaxshi bilaman, ammo bu mavzuda gapirishni istamayman, arzimaydi, deydi xonanda.

“Qiyomatda hammadan haqqimni so‘rab olaman”

— Bugungi kungacha o‘z-o‘zidan Mohira Asadova bo‘lib qolmaganman. Ne-ne mashaqqatlarni ko‘rdim, ne-ne o‘limlardan qolganman. Ko‘nglimni ranjitgan, oyog‘imga bolta urgan, qasd qilgan har kimsani qiyomatda birma-bir eslab, haqqimni so‘rab olaman, deydi xonanda.

“Mashhurligim ortidan mashinaning minglab dollarlik raqamini tekinga olganman”

— Mashhurlik menga ko‘chada yurishda, xaridlarni bemalol qilayotganimda xalaqit beradi. Ammo yomon tomonidan ko‘ra yaxshisi juda ko‘p. Istaysizmi, yo‘qmi, tanishlaringiz shu darajada ko‘payib ketar ekanki, millionlar bilan hal qilolmayotgan ishingiz bitta telefon qo‘ng‘iroq bilan bitib ketarkan. Ammo qars ikki qo‘ldan chiqadi — yaxshi bo‘lsangiz, sizga ham shunday bo‘lishadi. Birgina misol, yangi mashina olganimda, chiroyli raqam taqmoqchi bo‘lganman. Men xohlagan raqamim auksionlarga chiqib ketgandi. Shunda eskidan tanish bo‘lgan odamim bilan bog‘lanib, vaziyatni tushuntirdim. Chaqirdi, borsam, odamlarga minglab dollarlarga sotiladigan F 050 FA raqamni menga tekinga berdi, deydi xonanda.

“45 yillik ijodim davomida birorta unvon berilmadi”

Qo‘limdan kelgancha xalqimga, vatanimga xizmat qildim. Katta-katta festivallarda Gran-pri sohibi bo‘ldim. Chet ellarda O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tardim. Tadbirlarda “Uzbekistan — Mokhira” deb e’lon qilishadi. YUNESKO tasnifi ostida o‘tkazilgan bellashuvda 159 mamlakat ichidan O‘zbekistondan kelgan Mohira Asadova Gran-prini qo‘lga kiritishi — sensatsiya, deydi Mohira Asadova.

Hozir esa qornim emas, qadrimga yig‘layman. 45 yillik san’atim davomida hech qanday unvonga loyiq ko‘rilmadim. Bitta qo‘shiq aytib turib, “Zulfiya” mukofotini olishyapti. U ham o‘zining ijod mahsuli bo‘lmaydi. Ustozlarning qo‘shig‘ini olib, qayta bastalab, “Do‘ppi tikdim, ipaklari tillodan” deb, yarim yilga qolmay “Nihol”, bir yilga bormay “O‘zbekitsonda xizmat ko‘rsatgan artist”, ikki yilga bormay “O‘zbekiston xalq artisti” mukofotlarini olishyapti. Ularning tepasida turgan homiylari bilan orasidagi ishqiy munosabatlari uzilsa, mukofotni olib, olgan haligi xonanda ko‘rinmay ham ketadi. Lekin tarixda qolyapti. Ularning ismini aytishni ham istamayman. Menga shu alam qiladi. Men biror unvonim bilan tarixda qolishni xohlayman, bo‘ldi shu. Filmlarning so‘ngida falonchi-falonchi aktyorlar va boshqalar, deyishadiku, o‘sha boshqalarni ichida qolib ketishni istamayman, deydi xonanda Mohira Asadova.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.