“Qoʻrqitib qoʻymoqchi edim” – Namanganda yollanma qotil orqali erini oʻldirmoqchi boʻlgan ayol va uning jazmani qamaldi
Qotillik sahnalashtirilib, shartli yollanma qotil holatni tasvirga olgan holda buyurtmachilarga koʻrsatgan. Erining oʻlganiga ishongan ayol va uning jazmani shartli yollanma qotilga 5,5 ming dollar berayotganda qoʻlga olingan. Ayol sudda erini oʻldirmoqchi emas, qoʻrqitib qoʻymoqchi boʻlganini aytgan.

“Qoʻrqitib qoʻymoqchi edim” – Namanganda yollanma qotil orqali erini oʻldirtirmoqchi boʻlgan ayol va uning jazmani qamaldi
Namanganda yollanma qotil yordamida erini oʻldirtirmoqchi boʻlgan 37 yoshli ayol hamda uning 34 yoshli jazmani jinoiy javobgarlikka tortildi.
Sud qaroriga koʻra, N.M. ismli ayol jabrlanuvchi M.B. bilan birga yashab kelgan. Ularning bir nafar farzandi bor edi.
M.B. turmush oʻrtogʻi bilan sudlanuvchi X.T. oʻrtasidagi ishqiy aloqadan xabar topib, rashk qila boshlagan. Shu sabab ayol M.B.ni oʻldirish uchun yollanma qotil izlagan. U bu masalada fuqaro T.Q.ga murojaat qilib, buning evaziga 6 ming dollar berishini aytgan.
Ayolning “killer topib berish” haqidagi iltimosidan keyin T.Q. IIBga vaziyat yuzasidan ariza bilan murojaat qilgan. Ariza asosida 2026-yil 4-mart kuni DXX, viloyat IIB va viloyat prokuraturasi hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Tadbir davomida M.B.ning oʻldirilgani sahnalashtirilgan. Keyin shartli yollanma qotil holatni videoga olib, buyurtmachilarga koʻrsatgan. Ayol va uning jazmani shartli yollanma qotilga 5 500 dollar bergan paytda qoʻlga olingan.
IIV mazkur jinoyat ishi boʻyicha eʼlon qilgan videolavhada buyurtmachilarning Telegram orqali shartli qotil bilan suhbatlashgani ham aks etgan.
Unda ayol turmush oʻrtogʻi Cobalt mashinasida yolgʻiz yurishini, uni “Andijon–Namangan” yoʻlidagi ovloq joyda oʻldirib, mashinasini yoqib yuborish kerakligini, buning evaziga 6 ming dollar berishini aytgan.
N.M. sudda aybiga qisman iqrorlik bildirgan va aslida turmush oʻrtogʻini qoʻrqitib qoʻymoqchi boʻlganini maʼlum qilgan.
Muttasil kaltaklagani sababli qoʻrqitib qoʻyish uchun qattiqroq urish rejasi boʻlgan. Qoʻshnim folbin edi, T.Q. bilan tanishtirdi. Unga erimni qoʻrqitib qoʻyish haqida aytganimizda T.Q. agar urib-doʻpposlasa IIBga ariza qilishi va jinoyat fosh boʻlishi mumkinligini, yoʻq qilib yuborsa izi chiqmasligini maʼlum qildi. Bizni qotillik jinoyati sodir qilishga T.Q. undadi. M.B.ni oʻldirib yuborish haqidagi taklifni dastlab T.Q. berdi. U bilan 6 500 dollarga kelishdik. Dastlab X.T. ming dollar berdi.

