Mahalliy

Namanganda ichki ishlar xodimiga 3 ming dollar pora taklif qilgan fuqaro ushlandi

Namanganda ichki ishlar xodimiga 3 ming dollar pora taklif qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda IIV axborot xizmati ma’lum qildi.

Namangan viloyatida bir fuqaro o‘ziga nisbatan yig‘ilgan hujjatlarni tergov organlariga yubormaslik hamda bank tomonidan bloklangan mablag‘larni yechib berish evaziga ichki ishlar xodimiga 3 ming dollar pora taklif qilgan vaqtda ushlangan.

Davlatobod tumanida yashovchi fuqaroning arizasi asosida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda 2002-yilda tug‘ilgan shaxsga tegishli bank plastik kartasidagi pullar boshqa tadbirkorning bank kartasiga o‘tkazilgani aniqlangan.

Shuningdek, MChJ rahbariga tegishli iPhone 15 Pro Max va Galaxy A34 5G telefonlari tekshirilganda, ularda “MobKesh” ilovasi o‘rnatilgani, undagi boshqa shaxs profilida 40 mln 615 ming so‘mlik limit va 4 mlrd 991 mln so‘mlik tranzaksiyalar tarixi mavjudligi aniqlangan.

Shundan so‘ng, fuqaro o‘ziga nisbatan to‘plangan hujjatlarni tergov organlariga yubormaslik, qonuniy chora ko‘rmaslik va bank tomonidan bloklangan mablag‘larni blokdan chiqarish evaziga ichki ishlar xodimiga 3 ming dollar taklif qilgan.

IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Namangan shahridagi ko‘chalardan birida mayor S.ga 3 ming dollar berayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq Navoiyda YPX inspektoriga bayonnomani “hal qilib berish” va yuk mashinasini jarima maydonidan chiqarish evaziga 1000 dollar pora taklif qilgan shaxs qo‘lga olingani xabar qilingan edi. Shuningdek, Navoiyda mast haydovchining otasi hujjatlarni sudga yubormaslik va avtomobilni jarima maydonidan chiqarish uchun YPX xodimiga 1000 dollar pora taklif qilgani haqida ham ma’lumot berilgandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.