Navoiyda 2 yoshga to‘lmagan qizini qizigan pechga bosgan ona sudlandi

Navoiyda 2 yoshga to‘lmagan qizini qizigan pechga bosgan ona sudlandi
Navoiy viloyati Karmana tumanida 2 yoshga to‘lmagan qizini hojatini aytadigan qilish maqsadida qizigan pechga bosgan 23 yoshli ayolning ozodligi cheklangan.
Ma’lum bo‘lishicha, ayol o‘z farzandi (2024-yilda tug‘ilgan) — qizini joriy yil yanvar oyida mahallasidagi bog‘chaga bergan. Bola ich kiyimiga hojatini chiqarib qo‘ygani sababli bog‘cha opalari bu haqda onasiga bir necha bor aytgan.
Ayol bu masalani ovsini bilan muhokama qilgan. Ovsini unga qaynsinglisi ham yoshligida ich kiyimiga hojat chiqarib qo‘yganini, akalari uning dumbasini issiq narsaga kuydirgach, bu odatini tashlaganini aytgan.
Shundan keyin ona shu usul qiziga ham yordam berishi mumkin, degan xulosaga kelgan. 19-yanvar kuni u qizini cho‘miltirish uchun hammomga olib kirib, uning ikki dumbasi va sonining old qismini qizib turgan pechning karnayiga bosgan.
Ertasi kuni ayol qizining ikki dumbasi kuyganini ko‘rib, jarohatlangan joylariga dori surtgan va uni uy sharoitida davolagan. Oradan 3–4 kun o‘tgach, bolaning kuyganidan qaynonasi ham xabar topgan.
Voqea qariyb besh oy o‘tib IIB xodimlariga ma’lum bo‘lgan. 11-iyun kuni ayol va uning turmush o‘rtog‘i o‘rtasida oilaviy kelishmovchilik yuzaga kelgach, qaynonasi uyga mahalla raisi, xotin-qizlar faoli va IIB xodimlarini chaqirgan. U kelinidan shikoyat qilish jarayonida nabirasining kuygan joylarini telefoniga suratga olib qo‘yganini aytib, rasmlarni xodimlarga ko‘rsatgan.
Sudda ayol qizini qiynash niyati bo‘lmaganini, uni ich kiyimiga hojat chiqarib qo‘yish odatidan qaytarish uchun shunday qilganini bildirgan. U qilmishidan pushaymonligini aytib, suddan yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan.
Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bolaning ikki dumbasida kuygan yaralar aniqlangan.
Jarohatlar yuqori haroratli jism ta’sirida yuzaga kelgan va sog‘liqning olti kundan ko‘p davom etmaydigan buzilishiga sabab bo‘luvchi yengil tan jarohati deb baholangan.
Sud ayolning aybiga iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, yoshligi va ilgari sudlanmaganini jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida inobatga olgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Karmana tuman sudi ayolni Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi “a, v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Unga 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

