Mahalliy

Navoiyda niqob taqib, xonadonga pichoq bilan bostirib kirgan erkak 15 yilga qamaldi

Navoiyda niqob taqib, uyga pichoq bilan bostirib kirgan shaxs 15 yilga qamoq jazosiga hukm qilindi.

Navoiy viloyatining Karmana tumanida xonadonga bostirib kirib, qizga pichoq tiragan, so‘ngra uning qo‘l-oyoqlarini bog‘lab, qimmatbaho buyumlarni o‘g‘irlagan xavfli retsidivist 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Ushbu fuqaro 2026-yil 23-aprel kuni o‘zganing mol-mulkini bosqinchilik yo‘li bilan talon-taroj qilish maqsadida tumandagi xonadonlardan biriga noqonuniy ravishda kirgan. U yuziga oq rangli doka niqob taqib, oshxona pichog‘i bilan qurollangan holda yotoqxonada yotgan yosh qizga hujum qilgan.

Jabrlanuvchi faol qarshilik ko‘rsatgan. Shundan so‘ng sudlanuvchi uni xonada bo‘lgan charm tasma yordamida qo‘l-oyoqlaridan bog‘lab, pichoq bilan qo‘rqitgan va pul qayerdaligini so‘ragan.

“Tintishni boshladi. Shkafdan sumkaning ‘remen’ini olib, qo‘limni bog‘ladi. Keyin yana pichoqni tirab, pul qayerdaligini so‘radi”, deya jabrlanuvchi sud jarayonida voqeani so‘zlab berdi.

Bosqinchilikni sodir etgan shaxs xonadondan tilla buyumlar va taqinchoqlarni olib, voqea joyidan qochgan. Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida u bir kun o‘tib qo‘lga olingan va sudgacha hibsda saqlangan.

Sudlanuvchi bundan avval ham turli jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilib, xavfli retsidivist deb topilgan. Sudda erkak o‘z qilmishidan pushaymonligini bildirib, kechirim so‘ragan.

Sud hukmiga ko‘ra, u Jinoyat kodeksining 164-moddasi 4-qismi “b” bandida (bosqinchilik, o‘ta xavfli retsidivist tomonidan) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topildi. Unga 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

2026-yil iyul oyida Samarqandda bankka bostirib kirib, pul talab qilgan niqobli shaxs qo‘lga olinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi. Muzokaralardan so‘ng tartibbuzar o‘z xohishi bilan taslim bo‘lgan va qo‘lga olingan. Hodisa oqibatida fuqarolarga zarar yetmagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.