Mahalliy

Navoiyda quyma oltinni 340 mln so‘mga noqonuniy sotmoqchi bo‘lganlar ushlandi

Navoiyda 340 million so‘mga quyma oltinni noqonuniy sotishga uringan shaxslar qo‘lga olindi.

Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, Navoiyda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ikki nafar fuqaro quyma oltinni noqonuniy yo‘l bilan 340 million so‘mga sotishga urinayotgan vaqtda ushlangan.

Aniqlanishicha, Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida istiqomat qiluvchi, 1987 va 1993-yillarda tug‘ilgan bu ikki shaxs 212,9 gramm quyma oltinni xaridorga 340 million so‘mga sotish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Ular mijozga 999 probali 26,3 gramm oltinni berib, qolgan qismini keyinroq yetkazib berishni va’da qilgan holda, undan 20 ming dollar va 100 million so‘m olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Bundan tashqari, ulardan birining yashash xonadonida qumdan oltin ajratib olishga mo‘ljallangan yashirin sex tashkil etilgani ham fosh etildi.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 177-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda qimmatbaho metallarni qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu modda 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi.

Avvalroq Toshkent viloyatida bolalardan foydalanib oltin va 40 ming dollarni noqonuniy olib chiqishga urinish holati ham fosh etilgan edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.