“Qoʻlingdan hech narsa kelmaydi” degan odamga ishonma. Hattoki menga ham»: Ustozingizning qaysi oʻgiti esingizda?
Kun.uz Ustozlar kuni munosabati bilan «Ustozingizning qaysi gapini unutmaysiz?» mavzusida soʻrovnoma oʻtkazdi. Unda respondentlar ustozlaridan eshitgan, yillar oʻtsa-da xotirasida saqlanib qolgan eng taʼsirli, ibratli va hazilomuz gaplari bilan oʻrtoqlashdi.

“Qoʻlingdan hech narsa kelmaydi” degan odamga ishonma. Hattoki menga ham»: Ustozingizning qaysi oʻgiti esingizda?
Ustozlardan eshitilgan soʻzlarning bir qismi oʻqishga, bilim olishga undaydi. Baʼzi nasihatlar sodda tuyulsa ham, yillar oʻtsa-da ahamiyatini yoʻqotmaydi. Masalan, «Ertalab vaqtliroq turib oʻqishingga bor», degan gap oʻquvchilik davridagi oddiy tanbehlardan biri boʻlgan.
«Hayot har doim ham sen xohlaganingdek boʻlavermaydi. Shuning uchun oʻzingning kuching yetadigan darajada oʻqi».
«Beshga oʻqinglar, lekin besh olish uchun hamma narsani qilishinglar shart emas. Hayotda baho vaznli emas».
«Nima boʻlishidan qatʼi nazar, yaxshi oʻqigan, harakat qilgan inson hech qachon kam boʻlmaydi».
«Bugundan boshlasang ham kech emas».
Respondentlar yodga olgan gaplar orasida ustozlarning bilimdan tashqari, inson boʻlishga chorlagan nasihatlari ham bor.
«Faqat yaxshi oʻqinglar... odam boʻlinglar, inson boʻlish kerak».
Universitetda dars bergan ustozlardan biri esa kelajakdagi shifokorlarga kasbdan oldin insonlikni qoʻyishni uqtirgan:
«Birinchi oʻrinda yaxshi inson boʻlinglar, keyin albatta yaxshi shifokor boʻlasizlar».
Bunday gaplar ustozlik faqat fan oʻrgatish bilan cheklanmasligini koʻrsatadi. Ayrim ustozlarning shogirdlariga aytgan oddiy bir jumlasi ham yillar oʻtib ularning hayotga qarashiga aylanishi mumkin.
Soʻrovnomadagi eng taʼsirli javoblardan biri esa insonning oʻz imkoniyatlariga ishonishi haqida edi:
«Hayotda hech qachon “qoʻlingdan hech narsa kelmaydi” degan odamga ishonma. Hattoki menga ham».
Ustozning shogird hayotidagi oʻrni baʼzan aynan shunday oddiy, ammo yillar davomida unutilmaydigan soʻzlarda namoyon boʻladi. Chunki maktab yoki universitet davri tugaganidan keyin ham ayrim gaplar inson bilan birga qoladi.

