Qizlarni ish vaʼdasi bilan aldaganlikda gumonlangan ayol Istanbulda ushlandi
Yosh qizlarni yuqori maoshli ish vaʼdasi bilan Turkiyaga olib borib, pasportlarini olib qoʻygan holda ekspluatatsiya qilganlikda gumonlanayotgan oʻzbekistonlik ayol Istanbulda qoʻlga olindi. Uzoq vaqtdan buyon xalqaro qidiruvda boʻlgan shaxs Oʻzbekistonning vakolatli organlariga topshirildi.

Qizlarni ish vaʼdasi bilan aldaganlikda gumon qilingan ayol Istanbulda qoʻlga olindi
Oʻzbekiston va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida 1981-yilda tugʻilgan Oʻzbekiston fuqarosi N.E.ning qayerda ekanligi aniqlangan.
Maʼlum qilinishicha, u Jinoyat kodeksining 135-moddasi — odam savdosining 3-qismi bilan ayblanib, qidiruvga berilgan edi.
N.E. yosh qizlarni yuqori daromadli ishga joylashtirish vaʼdasi bilan aldab, Turkiyaga olib borganlikda gumon qilinmoqda. Xabarda qayd etilishicha, u qizlarning pasportlarini olib qoʻyib, ularni ekspluatatsiya qilgan boʻlishi mumkin.
Istanbulda ushlangan ayol belgilangan tartibda Oʻzbekistonning vakolatli organlariga topshirilgan. Hozirda unga nisbatan tergov va protsessual harakatlar davom ettirilmoqda.
Xabarda fuqarolar xorijda yuqori maoshli ish vaʼda qilayotgan shaxslarning aldovlaridan ogoh boʻlishga chaqirilgan.

