Odam savdosida ayblanib uzoq vaqtdan buyon qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol Turkiyada ushlandi
Odam savdosida ayblanib, xalqaro qidiruvda bo‘lgan 43 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Istanbulda qo‘lga olindi. Ayol yosh qizlarni yuqori maoshli ish va’dasi bilan Turkiyaga olib kelib, pasportlarini tortib olish orqali ekspluatatsiya qilganlikda gumonlanmoqda. Ayblanuvchi O‘zbekistonga olib kelindi.

Odam savdosi jinoyatini sodir etishda ayblanib, uzoq vaqt davomida xalqaro qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol Turkiyada qo‘lga olindi.
O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan, 1981-yilda tug‘ilgan N.Ye. ikki mamlakat huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamkorligida Istanbul shahrida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari chog‘ida ushlangan.
Gumonlanuvchi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi (Odam savdosi) bilan ayblanmoqda. U yosh qizlarni yuqori maoshli ish va’dalari bilan aldab Turkiyaga olib kelish, ularning pasportlarini olib qo‘ygan holda fohishalikka majburlash va ekspluatatsiya qilishda gumon qilinmoqda, deyiladi xabarda.
Ushlangan shaxs belgilangan tartibda O‘zbekistonning vakolatli organlariga topshirilgan. Ayni paytda unga nisbatan tegishli tergov va protsessual harakatlar davom ettirilmoqda.

