“Qizimni yerto‘lada saqlar emishman”. Yetimlikda ulg‘aygan, “birrov”dan 1000 dollar topadigan, mashhur hamkasbi IIBga shikoyat qilgan Rayhon G‘aniyeva 48 yoshda (foto, video)

“Qizimni yerto‘lada saqlar emishman”. Yetim ulg‘aygan, “birrov”iga 1000 dollar oladigan, mashhur hamkasbi IIBga shikoyat qilgan Rayhon G‘aniyeva 48 yoshda (foto, video)
Buyuk san’atkorlar sulolasidan chiqqan, bir yoshidayoq filmda rol o‘ynagan, yosh-u qari muxlislariga ega Rayhon G‘aniyeva 16-sentyabr kuni 48 yoshga kirdi. Samimiyligi bilan hamkasblaridan ajralib turadigan, ikki marta turmush qurgan va qiz farzandli bo‘lishni orzu qiladigan san’atkorning tug‘ilgan kuni munosabati bilan uning hayoti va ijodiga nazar tashlaymiz.
**Rayhon 6 yoshida otadan yetim qolgan**
Xonandaning katta bobosi Nabi G‘aniyev o‘z davrining mashhur aktyor va rejissyori bo‘lgan. U o‘zbek kino san’atining nodir durdonalari sanalgan “Nasriddin Buxoroda” (1943), “Tohir va Zuhra” (1945), “Nasriddinning sarguzashtlari” (1946) va “Farg‘ona qizi” (1948) kabi filmlarni suratga olgan. Uning to‘rt farzandi bo‘lib, ularning hech biri san’atkor bo‘lishni istamagan. Faqat o‘g‘li Hotamning farzandi Otabek G‘aniyev bobosining kasbini davom ettirgan.
Otabek G‘aniyev 1977-yili aktrisa Tamara Shakirova bilan oila quradi. Ikki ijodkorning muhabbatidan qo‘ng‘iroq sochli qizaloq Rayhon dunyoga keladi. Dastlab hammasi yaxshi edi. Otabek G‘aniyev eng yaxshi rollarni ijro etayotgan paytda baxtsiz hodisaga uchrab, vafot etadi. O‘shanda Rayhon G‘aniyeva 6 yoshli qizaloq edi. Oila boshining erta vafoti yaqinlariga oson kechmagani aniq.
**“Bolaligim quvonchli o‘tmagan”**
Tamara Shokirova butun e’tiborini ijodga qaratadi, nafaqat o‘zbek, balki ozarbayjon va hind kinoijodkorlari bilan ham hamkorlik qiladi. 1993-yilgacha o‘ndan ortiq filmlarda suratga tushib, keyin ikkinchi bor turmush quradi. Bu nikohidan yana bir qiz farzand ko‘radi va unga Nasiba deb ism qo‘yadi.
— Bilasizmi, ko‘pchilik bolalik eng baxtli davr deydi. Ammo men o‘zimning bolaligim haqida bunday deya olmayman. Chunki bolaligim baxtli va quvonchli bo‘lmagan. Shuning uchun ham u kunlarni eslashni istamayman. Ota-onam o‘z davrining juda band aktyorlari edi, ular doim suratga olish maydonchalarida, safarlarda bo‘lishardi. Onam meni qanchalik yaxshi ko‘rmasin, tirikchilik va ish sabab meni yotib qoladigan rejimdagi bog‘chaga berishga majbur bo‘lgan. Tasavvur qiling, hatto kechalari ham bog‘chada qolib ketardim. Keyinchalik maktab davrim ham xuddi shunday o‘tdi. V. Uspenskiy va Gliyer nomidagi musiqa maktablarining qat’iy tartib-intizomi meni oddiy bolalik quvonchlaridan ayirgan. Men ko‘chada bolalar bilan chopib yurmaganman, doim pianino qarshisida o‘tirib, mashq qilishim shart edi. Bugungi irodam, har qanday qiyinchilikka chidashim aynan o‘sha yolg‘izlikda o‘tgan bolaligim mahsulidir.
Lekin 12 yoshimda oyim menga kuchukcha sovg‘a qilgani bugungacha yodimda. Uzoq vaqt orzu qilgan narsamga ega bo‘lganimdan rosa xursand bo‘lgandim, deydi xonanda intervyularining birida.
**“Onam san’atkor bo‘lishimni istamagandi”**
Xonanda bir yoshidayoq filmda suratga tushgan. U 1980-yili “O‘zbekfilm” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan “Leningradlik bolalarim” filmida Hadichaning farzandi rolini ijro etgan. Hadicha rolini esa onasi Tamara Shokirova o‘ynagan. Rayhon san’atkorlar oilasida tug‘ilgan bo‘lsa-da, onasi uning bu kasbni egallashiga jiddiy qarshilik ko‘rsatadi.
— Men azaldan balerina bo‘lishni telbalarcha orzu qilganman. Uyda shippak o‘rniga puantalarda yurardim, hatto ularni yechmasdan uxlashga tayyor edim. Ammo onam san’at olamidagi qiyinchiliklarni bilgani uchun meni boshqa yo‘lga yo‘naltirishni xohlagan. U meni aldab “Balerina bo‘lish uchun avval pianino chalishni mukammal o‘rganishing kerak, usiz o‘qishga qabul qilishmaydi”, degan. Shunday qilib, 11 yilim musiqa maktabida o‘tdi. Maktabni bitirish arafasida nufuzli tanlovda g‘olib chiqdim va afsonaviy dirijyor Haqnazarov bilan simfonik orkestr hamrohligida chiqish qilish imkoniga ega bo‘ldim. Ammo o‘shanda sahna ortidagi g‘irromliklarni, insonlarning bir-biriga bo‘lgan hasadini va intrigalarni ko‘rib, qattiq ko‘nglim qoldi. “Musiqa olami shunday bo‘lsa, men bu yerda qolmayman”, deb, uyimga yaqin joylashgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga o‘qishga kirdim.
**“Ingliz tili filologiyasini bitirib, filmda suratga tushganman”**
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining ingliz filologiyasi fakultetini tamomlagan Rayhon G‘aniyeva 1999-yili professional ijodga qadam qo‘yadi. U ilk bor 2000-yili suratga olingan “Tohir va Zuhra” musiqali filmidagi qo‘shig‘i bilan odamlar tiliga tushadi. O‘sha davrlarda xonandalar bugungidek ko‘p bo‘lmagan. Shu sabab ham Rayhonning qo‘shiqlari zamonaviy yoshlar orasida tez ommalashgan.
— Mening eng katta muammoyim pulim yo‘qligi edi. Albatta onam ham san’atni tanlashimga qarshi bo‘lgan. So‘ng musiqaga chin dildan ko‘ngil qo‘yganimni tushungan onam meni qo‘llab-quvvatlay boshladi. Shou-biznes sohasi o‘ziga yarasha qing‘ir ishlarga to‘la, deyishadi. Ammo men hayotimda hech qachon bunday holatni uchratmaganman. Faqat moliyaviy muammolar meni qiynagan.
“Tohir va Zuhra” filmi hayotimda burilish yasagan loyiha edi. Aslida filmda boshqa tarkib — o‘sha davrning eng mashhur yulduzlari ishtirok etishi kerak edi. Ammo tasodifni qarangki, bir xonanda suratga olishga bir kun qolganda rad javobini bergan. Menga kechasi qo‘ng‘iroq qilib: “Ertaga tongda soat 6 da uchib ketishimiz kerak, kela olasanmi?” deyishdi. Men o‘sha zahoti, meni hattoki nima kutayotganini bilmay rozilik berdim. “Azoblaysan” qo‘shig‘i o‘shanda hitga aylandi va men o‘zim kutmagan darajada mashhur bo‘lib ketdim. Pulim yo‘q bo‘lsa ham, ishtiyoqim va Alloh bergan omadim bor edi, deydi Rayhon.
Xonanda 2002-yilda ilk yakkaxon konsert dasturini taqdim etishga muvaffaq bo‘lgan. Omad kelsa, birvarakayiga keladi, deganlaridek, Rayhon 2002-yilda “Nihol” mukofoti sovrindoriga aylandi. “San’atga bo‘lgan qiziqishim, xohishim barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tishimga kuch bergan”, deydi u.
**“Rayhon oqqonmi yoki saraton?”**
Ammo odamlar orasida “Rayhon G‘aniyeva oqqon, saraton ekan. Shu bois unga ketma-ket mukofot topshirishyapti”, degan gap-so‘zlar ham tarqaladi. Ammo xonanda bu kabi mish-mishlarga e’tibor bermay, ijod qiladi. Keyinchalik xonandaning buyrak yetishmovchiligi bilan og‘rigani va og‘ir operatsiyani boshdan kechirgani haqida tasdiqlanmagan xabarlar tarqalgandi. Ammo xonanda hech bir intervyusida bu haqda gapirmasdi. 2020-yili esa bergan intervyusida jurnalistning og‘ir operatsiyani boshdan kechirgani haqidagi savoliga quyidagicha javob berdi.
Foto: Instagram
— Hayot va o‘lim orasida bo‘lganman, bu haqida gapirish juda og‘ir, deya umumiy javob bergan xonanda.
Jurnalistning “Rossiyadagi mashhur jarroh xonasidagi devorda suratingiz ilinib turar ekan” degan savolidan esa hayratlanadi.
Rayhon G‘aniyeva ijodining eng gullagan davrlari 2005—2010-yillarga to‘g‘ri keladi. O‘sha yillarda yaratilgan qo‘shiqlar esa hanuz muxlislar tilidan tushmayapti. “Yodingdami?”, “Kechir”, “Orzungga ishon”, “Doimo”, “Baka-baka bang” kabi qo‘shiqlari tinglovchilar orasida og‘izdan og‘izga o‘tib kelmoqda.
**“‘Kechir’ so‘nggisi bo‘ldi”**
Rayhon G‘aniyeva ijodi davomida o‘zini aktrisalikda ham sinab ko‘rdi. U ishtirok etgan “Kechir” filmini tomoshabinlar iliq kutib olgan. U mazkur filmning ssenariysini o‘zi yozgan va kartinada shou-biznes olamidagi illatlarni ochib berishga harakat qilgan.
Bosh qahramon Samira (Rayhon) juda mashhur va muvaffaqiyatli estrada xonandasi bo‘lsa-da, shaxsiy hayotda o‘zini yolg‘iz his qiladi. Kunlardan bir kuni u oddiy, ammo iste’dodli fotograf Saidni uchratib qoladi. Ular o‘rtasida sof muhabbat paydo bo‘ladi, biroq hayot sinovlari va ijtimoiy tabaqalanish ularning munosabatlariga to‘sqinlik qiladi.
**“Ajrashib, bir necha yil depressiyaga tushib qoldim”**
Rayhon birinchi turmush o‘rtog‘i, aktyor Yigitali Mamajonov bilan munosabatlari qanday boshlanganini hamda ajrimdan so‘ng psixolog seanslariga qatnaganini so‘zlab berdi.
Foto: Sayyod.com
— Bu barchaga ma’lum bo‘lsa kerak. Hammasi klip suratga olish jarayonidan boshlangan. Turmush qurish taklifi ham telefonda kelganida, oradagi yosh farqi sabab biroz ajablanganmiz. Taqdir ekan, turmush qurdik. Erim uchun o‘z vaqtida ovqatini tayyorladim, kiyimlarini dazmolladim, kirini yuvdim. Uyimni sarishta va shinam tutdim. Ko‘p ayollar kabi erimdan qancha pul topayotganini so‘ramadim... Ammo nikoh ajrim bilan yakunlandi.
Foto: Instagram
Har bir nikoh arshda sodir bo‘lishiga va taqdirga ishonaman. Ajrim esa men uchun katta zarba edi. Har bir ayol kabi menda ham tushkunlik, “farzandlarim otasiz qanday yashaydi?” degan qo‘rquvlar bor edi. Bir necha yil og‘ir depressiyada yurdim. Menga singlim Nasiba, do‘stim Yakzon, shuningdek, professional psixolog bilan o‘tkazilgan seanslar yordam berdi. Shundan keyingina men o‘zimni angladim va hayotga boshqacha qaray boshladim. Hozir har birimiz o‘z oilamizga egamiz. Men esa ikki nafar o‘g‘lim borligidan baxtliman, deydi xonanda.
**“Birovning oilasini buzmayman”**
Rayhon G‘aniyeva farzandli bo‘lishni uzoq vaqt orziqib kutgan. 2014-yili bir emas, ikkita o‘g‘il farzandni dunyoga keltirgan.
Foto: Instagram
— Men birovning oilasini buzmayman va oilalar mustahkam bo‘lishi tarafdoriman. Hamma inson baxtli bo‘lishga haqli, degandi Rayhon G‘aniyeva intervyularining birida.
**“Farhodga bir dugonam oshiq edi”**
— Biz Farhod bilan bir-birimizni talabalikdan beri taniymiz. Qizig‘i, institutda bir dugonam unga juda oshiq edi. Biz dugonamiz xursand bo‘lishi uchun kafeda o‘tirib, Farhodning derazadan o‘tib ketishini poylar edik(kulib). Yillar o‘tib taqdir bizni bog‘ladi. U menga turmush qurish taklifini berganda juda uyaldim, hatto o‘sha dugonamdan xafa bo‘lmaydimi?, deb ruxsat so‘radim. Turmush qurishimga esa Rashid Xoliqov turtki bo‘lgan. U kishi meni tushlikka chaqirib “Rayhon, Farhod juda yaxshi yigit, men o‘zim kafilman. Senga turmush o‘rtoq va bolalaringga ota kerak, qo‘rqma”, deb nasihat qilgan edi. Men u kishini qattiq hurmat qilardim va aytganlarini qildim. Mana, 10 yildirki baxtli yashayapmiz, deydi u.
Foto: Instagram
Farhod Alimov bilan qurilgan oila uzoqqa bormaydi, deb hisoblaganlar ham bo‘lgan. Ammo Rayhon otani bolalaridan ajratmaydigan inson ekanini isbotlay oldi. U turmush o‘rtog‘ining farzandlarini oilaviy safarlarga olib boradi. Suratlarni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylashni ham kanda qilmaydi.
**“DJ Piligrim meni militsiyaga bergan”**
Rayhon hamkasbi DJ Piligrim bilan bo‘lgan mojaro haqida ham so‘zlab bergan.
— Ilhom (DJ Piligrim) bilan institutda birga o‘qiganmiz, u o‘sha paytdayoq mashhur edi. U bilan sodir bo‘lgan mojaro esa hayotimdagi eng tushunarsiz vaziyatlardan biri bo‘lgan. Biz ajoyib duet yozgandik, hammasi joyida edi. To‘satdan u barcha ishni to‘xtatdi, men unga gaplashib olishni, barchasiga oydinlik kiritishni taklif qildim, ammo u menga qo‘ng‘iroq qilib, dahshatli ayblovlar yog‘dira boshladi va hatto o‘g‘ri deb ham atadi.
Keyin esa meni militsiyaga berganini eshitdim. U meni “shaxsiyatini haqorat qilish”da ayblagan ekan. Men shokka tushganman, chunki hayotimda birinchi marta organ xodimlariga tushuntirish berishimga to‘g‘ri kelgan. Oxiri hamma intervyularimni tekshirib, haqorat so‘zlari yo‘qligini aytib, ishni yopishdi. O‘shanda judayam qattiq ranjiganman, lekin hozir bari o‘tib ketdi. Men gina saqlamayman. Menimcha, Ilhom kayfiyati juda o‘zgaruvchan inson. Balki yana duet ham yozarmiz (kulib), deydi Rayhon.
**“Qiz farzand ko‘rishni xohlayman”**
Rayhon o‘zbek shou-biznesidagi eng tartibli xonandalardan biri. U kunini to‘g‘ri taqsimlashni va ortiqcha insonlarga vaqt sarflashni yomon ko‘radi.
— Eng sevimli mashg‘ulotim farzandlarim bilan birga bo‘lish. Men bolalarim bilan birga bo‘lsam dam olaman. Turmush o‘rtog‘imga chaqaloq xohlashim haqida gapirganimda, biz farzand ko‘rish yoshidan o‘tganimizni aytdilar, deydi xonanda.
— Boshqa farzand ko‘rishni rejalashtirmayapmiz. Menda uch nafar, Rayhonda esa ikkita — umumiy besh farzandimiz bor. Men farzand tarbiyalashni juda murakkab va qiyin jarayon deb bilaman. Shu besh farzandimizni katta qilib olsak ham katta gap. Umuman olganda farzandlarimiz bir-biri bilan ahil va inoq, deydi Rayhonning turmush o‘rtog‘i Farhod Alimov.
**“Qizimni yerto‘lada saqlar emishman”**
Rayhon G‘aniyeva o‘zi haqidagi eng kulgili va dahshatli mish-mishlarni sanab o‘tdi.
— Mish-mishlarning sanog‘i yo‘q. Eng hayratlanarlisi mening hammadan yashirgan qizim borligi va men uni yerto‘lada saqlashim haqidagi uydirma bo‘lsa kerak. Buni kim o‘ylab topganiga hayronman. Balki, o‘sha paytda qo‘shnimiz Rashid akaning qizchasi menga juda bog‘lanib qolgani va ishga birga qatnaganimiz uchun shunday o‘ylashgandir. Yana turmush o‘rtog‘im bilan “shartnoma asosida” yashaganimiz, bolalarimiz ham “kontrakt” bo‘yicha dunyoga kelgani haqidagi gaplar... Bularning hammasi safsata. Mening shaxsiy hayotim faqat o‘zimning Instagram sahifamda, qolgan hamma narsa yolg‘on.
**Rayhonning shou-biznesda dugonasi yo‘qmi?**
— Shou-biznesda dugonam bor. U taniqli xonanda Sagdiana. O‘zbek shou-biznesi vakillarining hammasi bilan yaxshi munosabatdaman, lekin yaqin emasman. Faqat ikki hamkasbim bilan gaplashmayman, xolos. Tanishlarim kechki ovqatlarga taklif qilishadi, lekin bormayman. Bo‘sh vaqtimni farzandlarim bilan o‘tkazishni xohlayman, deydi Rayhon.
**Rayhonning davri o‘tdimi?**
Xonandaning “Rayhonning davri o‘tdi” degan gap-so‘zlarga munosabati qanday?
— Tanqidlarni juda og‘ir qabul qilaman. Yuzta maqtov tursa ham, bitta yomon gapni o‘qib tushkunlikka tushaman. Bir marta hatto bir nashr “Rayhonning chiptalari sotilmayapti, u endi qulagan uchuvchiga o‘xshab qolgan”, deb yozganida, ulardan xafa bo‘lib obunani bekor qilganman. Lekin oradan bir oy o‘tib, 2024-yilgi konsertimda barcha biletlar sotildi. Mana bu mening sahnadagi javobim edi! Men hamon sahnadaman, hamon muxlislarim ardog‘idaman.
**So‘nggi konsertini taqdim etgandi, ammo...**
Xonanda 2023-yilda ijodidagi so‘nggi konsertini taqdim etishini ma’lum qilgandi. Endi konsert bermaslikni va bor e’tiborini farzandlariga qaratish niyatida ekanini aytgan xonanda muxlislarining talabi bilan 2026-yilda yana konsert berishini ma’lum qilib, uni ham katta shou tarzida o‘tkazdi.
Rayhon G‘aniyeva to‘y-tantanalarning eng talabgir xonandalaridan biri. Xonandaning poytaxt to‘ylaridagi birrovi 1000 dollar qilib belgilangan.
Ayni paytda badavlat o‘zbek xonandasining hayoti ana shunday rang-barangliklarga boy. Qisqasi, u ham yulduz bo‘lib tug‘ilmagan va bugungi kunlarga osonlikcha yetib kelmagan.

