Layfstayl

Ra’no Shodiyeva 47 yoshda: saratonni yenggan, 4 marta o‘lim bilan yuzlashgan va ijodga qayta olgan aktrisaning sinovli hayoti haqida

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Shodiyeva 12-avgust kuni 47 yoshga to‘ldi. Uning hayoti, xuddi filmlardagidek, baxtli va sinovli lahzalarga boy. Aktrisa saraton kasalligini yengib, to‘rt marta o‘lim bilan yuzlashgan va ijodga qayta olgan.

**Bolalik va orzular**

Ra’no Shodiyeva 1979-yil 12-avgustda Samarqandda tug‘ilgan. Oilada ikki farzand bo‘lishgan, akasi san’atdan uzoq sohada faoliyat yuritadi. Aktrisa bolaligidan raqqosa bo‘lishni orzu qilgan.

“Oilada ikkita farzandmiz. Ota-onam akam ikkimizning tahsil olishimiz uchun bor imkoniyatlarni yaratib bergan. Har yili yozda Rossiyadagi eng yaxshi oromgohlarga borib dam olardik. Onam o‘ziga nisbatan e’tiborli va hamisha eng qimmat mualliflik liboslarini kiyardi. Men esa ularni o‘zimga moslab tikib olardim. Ammo onam biror marta buning uchun urishmagan. Liboslarga o‘chligimning sababi raqs bilan bog‘liq. ‘Raqqosa chiroyli kiyimda raqsga tushishi kerak’, degan tushuncham bor edi. Xullas, bolalikdan faqat raqqosa bo‘laman degan niyat bilan ulg‘ayganman”, – deydi Ra’no Shodiyeva.

**Tahdidlar va Samarqandga ko‘chish**

Aktrisaning bolaligi Toshkentda o‘tgan, chunki onasi sudlarda tarjimon bo‘lib ishlagan. Bir kuni kar-soqov insonning yaqinlari onasiga tahdid qilib, “Agar sud qarorini foydamizga chiqarib bermasang, bolalaringni o‘ldiramiz”, deyishgan. Shundan so‘ng ota-onasi Ra’no va akasini Samarqanddagi bobosining hovlisiga olib borishgan.

“U yerda bobomning katta hovlisi bor edi. Hovli o‘rtasida katta favvora bo‘lardi, atrofida 40 ga yaqin tovus yurardi”, – deydi u.

**Badavlat bobo va kasalmand ota-ona**

Ra’no Shodiyevaning bobosi juda badavlat inson bo‘lgan, u quruq mevalar ishlab chiqaradigan kombinatga rahbarlik qilgan. Otasi buvisi homiladorligidagi kasallik sabab tug‘ma nuqson bilan tug‘ilgan. Onasi esa kasallik tufayli eshitish qobiliyatini yo‘qotgan. Uchinchi sinfgacha oddiy maktabda o‘qigan, keyin kar-soqovlar maktabiga o‘tkazilgan va u yerda otasi bilan tanishgan.

**Kinoga kirib kelish va dizaynerlik faoliyati**

Aktrisa kinoga 13 yoshida Qamara Kamolovaning “Atrof oppoq qorga burkandi” filmidagi roli bilan kirib kelgan. Dastlab aktrisa bo‘lish xayolida bo‘lmagan. Maktabni bitirgach, otasining taklifi bilan dizaynerlikka o‘qigan va 16 yil davomida atelyeda konstruktor-dizayner bo‘lib ishlagan.

“Tanzila Norboyevaning shaxsiy dizayneri bo‘lganman. Opa bilan atelyeda ishlab yurgan paytimda tanishganmiz. Bu sohadan ketganimdan keyin, afsuski, Tanzila opaga hech narsa qilib bera olmadim. Hali ham o‘zimni kechira olmayapman. Yaqinda ko‘rishganimizda ham ko‘ylak, kostyumlar tikib bersang bo‘lar ekan, deb qoldilar. Keyin men Turkiyaga ketdim va bu iltimoslarini bajara olmadim”, – deydi aktrisa.

**“Chimildiq” va “Shaytanat” filmlari**

18 yoshida Melis Abzalov Ra’no Shodiyevani “Chimildiq” filmiga taklif qilgan. Keyin “Shaytanat” filmining kastingiga chaqirishgan. Aktrisa bu film haqida hech qanday ma’lumotga ega bo‘lmagan, chunki faqat rus tilidagi kitoblarni o‘qigan. Zaynab roli uchun ko‘plab aktrisalar kasting topshirgan, avvaliga bu rolni Navro‘za Biynazova ijro etgan, ammo qandaydir sabablarga ko‘ra suratga tushishni istamay qolgan.

**Oliy ta’lim va ustozlik**

Kinodagi rollari muvaffaqiyatli chiqa boshlagach, Ra’no Shodiyeva bu sohada ham tahsil olishga qaror qilgan. Ozodbek Nazarbekov, Halimaxon kabi ijodkorlar bilan kursdosh bo‘lgan. Magistraturada ham o‘qib, qo‘g‘irchoq teatr aktyorligi bo‘limida kar-soqov bolalar uchun spektakllar sahnalashtirishni niyat qilgan. Institutdan ish taklif qilingach, besh yil davomida ustozlik qilgan, ammo ijoddan uzilganini his qilib, ustozlikni tark etgan.

**Xayriya ishlari**

Onasi imkoniyati cheklangan bolalar madaniyat markazida ishlagan. Bir kuni onasi “Sen taniqli aktrisasan, nega menga yordam bermaysan”, deb qolgan. Dastlab onasini ranjitmaslik uchun xayriya ishlarida qatnashgan, ammo keyinchalik bolajonlarga mehr qo‘ygan. Hozirda bu sohada nafaqat onasi va o‘zi, balki qizi ham faoliyat yuritadi.

**Oilaviy hayot**

Ra’no Shodiyeva samarqandlik, turmush o‘rtog‘i esa qashqadaryolik. Ularning dunyoqarashlari va odatlari bir-biriga mos emas. Aktrisa noziklikni yoqtirsa, turmush o‘rtog‘i samimiy inson. Ammo turmush o‘rtog‘i oilaparvar va ayolini qadrlaydigan inson. Oilasi uchun hamma imkoniyatni yaratib beradi.

**Og‘ir xastalik va kurash**

Aktrisa jigar saratoniga chalingan. Jigarining 70 foizi olib tashlangan. Birinchi jarrohlik amaliyoti 2022-yilda, ikkinchisi esa 2024-yil aprelida amalga oshirilgan.

“Turkiyadagi kasalxonada 4 marta hayot bilan xayrlashganman. Hatto shifokorlarning o‘zlari ham ‘Yaqinlaringizni, turmush o‘rtog‘ingiz va bolalaringizni chaqiring, ular siz bilan xayrlashishga ulgurishsin’, deyishgan. Shunday gaplardan keyin men hamma narsaga tayyor edim. Organizmim, immunitetim charchab qolgan edi. Hayotdan ketayotganimni qabul qilib bo‘lgan edim. Kunlardan birida erta tongda ko‘zimni ochdim va o‘zimga ‘Sen nima qilyapsan? Qayerga ketmoqchisan? To‘g‘ri, farzandlaring sensiz ham yashashda davom etadi. Lekin o‘zing-chi? Yashashni istamaysanmi?’, dedim. Shu tarzda o‘zim bilan o‘zim suhbatlashib, o‘zimni yerga tushirdim. Avvalambor Alloh, lekin inson kasal bo‘lganida o‘ziga rahmi kelmasligi kerak. Imkon qadar kurashish kerak. Shifokorlar mening yashab ketganimni mo‘jiza ekanligini aytishdi”, – deydi aktrisa.

**“Mendirman Jaloliddin” serialidagi rol**

Birinchi operatsiyadan keyin metastaz kuzatilgan va ikkinchi operatsiyaga tayyorlana boshlagan. O‘sha paytda “Mendirman Jaloliddin” serialining ikkinchi fasli syomkasi boshlangan edi. Aktrisa o‘z obrazini boshqa aktrisadan qizg‘angan va ma’lum shart-sharoitlar asosida ishlashini aytgan. Mehmet Bo‘zdag‘ning “Rolingizni o‘zingiz o‘ynab bersangiz, mamnun bo‘lar edik”, degan gapi unga katta turtki bo‘lgan.

“Shifokorlar menga 8 soat davom etadigan kimyoterapiyani qilishdi, undan so‘ng esa 42 soatlik boshqa kimyoterapiyani ulashdi. Men salkam uch kun mobaynida kimyoterapiya olib yurganman. Bo‘ynimga osiladigan sumkachaga ‘ximiya’ni solib qo‘yishardi. Men o‘sha holatda sumkani kiyimlarim tagiga yashirib, serialda suratga tushganman”, – deydi Ra’no Shodiyeva.

**Davolanish xarajatlari va yordam**

Saratondan davolanish juda qimmatga tushgan. Ikki yil ichida bir operatsiya 37 ming dollar, yana bittasi 42 ming, 25 ming, eng arzoni 15 ming dollar bo‘lgan. Undan keyin reabilitatsiya va kimyoterapiya muolajalari ham qimmat bo‘lgan. Dorilar Hindistondan olib kelingan.

“Turkiyada davolanishning so‘nggi kunlarida kasalxonadan chiqaman, deganimda klinika menga yana 83 ming dollar hisob chiqarib berdi. O‘shanda buncha pulni qayerdan topamiz, deb o‘ylaganmiz. Turmush o‘rtog‘im ‘Mashinani sotamiz, uni sotamiz, buni sotamiz’, deb reja qildi va o‘sha pulni topdi. Davolanishimga 500 ming dollardan ko‘proq pul ketdi”, – deydi Ra’no Shodiyeva.

Pul topishda qiyinchiliklar bo‘lganida, Jahongir Ortiqxo‘jayev turmush o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qilib, yordam berishini aytgan. Ra’no Shodiyeva Istanbuldagi klinikada davolanayotganida, Jahongir Ortiqxo‘jayev boshqa ko‘plab odamlarning davolanishiga ham yordam berganini bilgan. Ular bir necha yuz ming dollarlik operatsiyalarga homiylik qilgan.

“Menga ham juda yaxshi sharoit qilib berdilar, o‘g‘lim va kuyovim Istanbulda yonimga borishganida ularga hatto taksi ham qilib berdilar. Ulardan juda ham minnatdorman”, – deydi Ra’no Shodiyeva.

**Nabiralar va avtobiografik kitob**

Aktrisa 2021-yilda o‘g‘li Diyorni uylantirgan, kelini rus millatiga mansub. Ko‘p o‘tmay qizi Raxshonani ham turmushga bergan. Hozirda aktrisaning to‘rt nafar nabirasi bor.

2026-yil fevral oyida aktrisa hayot yo‘li haqida avtobiografik kitob yozib tugatgan va unda asosiy urg‘uni jiddiy xastalikni qanday yengib o‘tganiga qaratgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.