Iqtisodiyot

Qirg‘izistonning Xitoydan qancha qarzi borligi ochiqlandi

Qirg‘izistonning Xitoy oldidagi qarzi ma’lum qilindi

Qirg‘izistonning Xitoyga bo‘lgan qarzi 1,4 milliard dollarni tashkil etadi. Bu haqda moliya vaziri o‘rinbosari Umutjan Amanbayev 2025-yilgi respublika byudjetining ijrosi haqidagi hisobot muhokamasi vaqtida aytib o‘tdi.

Amanbayevning so‘zlariga ko‘ra, ilgari Xitoy oldidagi qarz mamlakat jami qarzlarining 40 foizigacha bo‘lgan. Keyinchalik bu ulush 27 foizga kamaygan.

“2020-yilgacha bu qarz mamlakat byudjetining jami daromad qismining 90-100 foizigacha bo‘lgan. Joriy yilning yetti oyi bo‘yicha tahlil o‘tkazdik, Xitoyga qarzdorlik byudjet daromadlarining atigi 16 foizini tashkil etdi. Ya’ni, biz bugun barcha qarzni muammosiz to‘lashimiz mumkin, ammo, albatta, to‘lov muddatlariga rioya qilish va qarzdan bosqichma-bosqich qutulish yaxshiroqdir”, dedi Amanbayev.

Vazir o‘rinbosari hozir barcha kreditlar faqat rivojlanish uchun olinayotganini va ular iqtisodiy o‘sish bilan bog‘liqligini ta’kidladi.

“Qarzni to‘lashga 77 milliard som yo‘naltirildi, shundan 70 foizi — tashqi qarzga. Hozir bizda muddati o‘tgan qarz degan tushuncha yo‘q. Mamlakatni rivojlantirish uchun kredit olishdan qo‘rqmaslik kerak”, deya qayd etdi u.

Qirg‘iziston prezidenti 2025-yilda mamlakat tashqi qarzini bir kunda to‘lash mumkinligini aytgandi. U iqtisodiyot barqaror o‘sib borayotganini, tashqi qarz hajmi esa sezilarli darajada kamayganini bildirgan. Jumladan, 2020-yilda tashqi qarz yalpi ichki mahsulotning 54 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich taxminan 25 foiz ekanini aytgandi.

“Iqtisodiyot uchun hech qanday xavf yo‘q. Biz tashqi qarzni bir kunda to‘lashimiz mumkin, lekin bu manfaatli emas — foizlar yuqori bo‘ladi, jarimalar nazarda tutilgan. 2035-yilga borib biz ilgari olingan kreditlar bilan muammosiz hisob-kitob qilamiz”, degan edi davlat rahbari.

Ma’lumot uchun, 2023-yilda Japarov mamlakatlarni va xalqaro moliya tashkilotlarini respublikaning qarzidan kechib, u yerda energetika obyektlarini qurishni boshlashga chaqirgandi. 2024-yilda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Qirg‘izistonning 58,9 million dollarlik tashqi qarzidan kechgandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.