Qibraydagi ikki konteynerdan 7 kilogramm marixuana va pnevmatik qurol topildi
Toshkent viloyati Qibray tumanida qishloq xoʻjaligi maqsadlarida foydalanish uchun ijaraga berilgan yer maydoni chetidagi ikki konteynerdan 7 kilogramm marixuana, pnevmatik qurol va uch dona patron aniqlandi. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

Qibraydagi ikki konteynerdan 7 kilogramm marixuana va pnevmatik qurol aniqlandi
Tezkor tadbir Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi hamda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida amalga oshirilgan.
Xabarga koʻra, yer maydoni Qibray tumanida yashovchi, 1986-yilda tugʻilgan, muqaddam sudlangan fuqaroga uzoq muddatli ijaraga berilgan. Uning chetida joylashgan ikkita konteyner xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilgan.
Tekshiruv davomida quruq holatda saqlanayotgan jami 7 kilogramm marixuana, IJ-38 rusumli pnevmatik qurol hamda xabarda 12 millimetr kalibrli deb koʻrsatilgan uch dona patron ashyoviy dalil sifatida olingan.

