Qashqadaryodagi Odirmon qadimiy shahar xarobasidan mehrob va ostodon topildi
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida miloddan avvalgi III — milodiy III asrlarga oid Odirmon arxeologik yodgorligidagi qazishmalarda diniy marosimlarga oid mehrob va dafn an’analari bilan bog‘liq ostodon aniqlandi. Mehrobda yong‘in izlari, ostodonda esa kiyik va archaga o‘xshash naqshlar saqlangan.

Qashqadaryodagi Odirmon qadimiy shahar xarobasidan mehrob va ostodon topildi
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida joylashgan Odirmon shahar arxeologik yodgorligida olib borilayotgan tadqiqotlar jarayonida diniy marosimlar bilan bog‘liq mehrob va noyob ostodon aniqlandi.
Yodgorlikda arxeologik qazishmalar joriy yilda ilk bor Samarqand arxeologiya instituti xodimi Sanjar Abdurahimov tomonidan olib borilmoqda. Tadqiqotlar yodgorlikning mudofaa inshootlari va ark qismida amalga oshirilmoqda.
Qazishmalar vaqtida yodgorlikning shimoli-sharqiy qismidan diniy marosimlar bilan bog‘liq mehrob topildi. Unda yong‘in izlari yaxshi saqlangan. Mehrobning balandligi 70 santimetr, eni 90 santimetrni tashkil etadi.
Mehrobning pol qismiga 18×28×2,5 santimetr o‘lchamdagi pishgan kafelsimon g‘ishtlar terilgan. Inshoot atrofi 2,5−3 santimetr qalinlikdagi loy suvoq bilan qoplangan. Suvoq qatlamlarining bir necha bor yangilangani mehrobdan uzoq vaqt davomida foydalanilgani va muntazam ta’mirlanganini ko‘rsatadi.
Tadqiqotlar davomida diniy-ma'naviy hayot va dafn marosimlari bilan bog‘liq muhim topilma — ostodon ham aniqlandi. Uning tashqi yuzasida turli bezak va tasvirlar, jumladan, kiyik hamda archa daraxtiga o‘xshash naqshlar mavjud. Tasvirlarning to‘liq mazmuni restavratsiya ishlari yakunlangach, yanada aniqroq o‘rganilishi kutilmoqda.
Mutaxassislarning dastlabki xulosalariga ko‘ra, Odirmon shahar yodgorligi miloddan avvalgi III asr va milodiy III asrlar oralig‘iga oid.
Qayd etilishicha, aniqlangan mehrob va ostodon yodgorlikda yashagan qadimgi aholining diniy qarashlari, marosimlari hamda dafn an’analarini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

