Surxondaryoda miloddan avvalgi 1700−1500-yillarga oid qabriston va arxeologik ashyolar topildi
Surxondaryoda 100 ga yaqin qabrdan iborat Ozod yodgorligida arxeologik tadqiqotlar olib borilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qabrlar Sopolli madaniyatiga xos bo‘lib, yodgorlik va arxeologik ashyolar miloddan avvalgi 1700−1500-yillarga borib taqalishi mumkin.

Surxondaryoda miloddan avvalgi 1700−1500-yillarga oid qabriston va arxeologik topilmalar aniqlandi
Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanidagi Ozod yodgorligida miloddan avvalgi 1700−1500-yillarga mansub qabriston hamda arxeologik ashyolar topildi.
Bu yerda Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti va Xitoyning Shimoli-g‘arbiy universiteti Ipak yo‘li arxeologiyasi tadqiqot markazi hamkorligida arxeologik qazuv-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Tadqiqotlar 15-avgustdan boshlangan. Ozod yodgorligi 2023-yilda Surxondaryo havzasining sharqiy qismida o‘tkazilgan dala-qidiruv ishlari chog‘ida aniqlangan.
Yodgorlik Ozod qishlog‘ining janubi-sharqida, Dalvarzintepadan qariyb 6 kilometr janubi-sharqda joylashgan. Uning maydoni taxminan 200×100 metrni tashkil qiladi.
Mutaxassislar yodgorlik hududida 100 ga yaqin qabr mavjudligini aniqlagan. Joriy yilda uning janubi-g‘arbiy qismidagi 10 dan ortiq qabrda arxeologik tadqiqotlar olib borilmoqda.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, qabrlarning tuzilishi va ulardan topilgan arxeologik ashyolar Sopolli madaniyati yodgorliklariga xos belgilarni ko‘rsatmoqda.
Radiokarbon (¹⁴C) tahlillari hamda arxeologik ashyolarning qiyosiy-tipologik o‘rganilishi yodgorlikning miloddan avvalgi 1700−1500-yillarga oid ekanini ko‘rsatmoqda.
Ozod yodgorligi Surxondaryo havzasida aniqlangan eng qadimgi qabristonlardan biri sifatida baholanmoqda. Uni o‘rganish mintaqadagi qadimgi dafn an’analarining shakllanishi va rivojlanish bosqichlarini tadqiq etishda muhim ahamiyatga ega.
Ayni paytda yodgorlikda arxeologik dala-qazuv ishlari davom etmoqda.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ular aniqlangan qatlam 320−280 ming yil avval shakllangan bo‘lib, sanalar tasdiqlansa, Arkutsoy O‘zbekistondagi eng qadimgi arxeologik yodgorlikka aylanishi mumkin.

