Mahalliy

Qashqadaryoda Yangi Qarshi shahri quriladi

Qarshi shahri, Koʻkdala va Qarshi tumani chegarasidagi 5 ming gektar maydonda 500 ming aholiga moʻljallangan Yangi Qarshi shahri bunyod etiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev loyihaning bosh rejasini 2 oy muddatda ishlab chiqish, loyihada ilgʻor shaharsozlik yechimlaridan foydalanish topshirigʻini berdi. Shuningdek, Qarshi tumanidagi kanal boʻyida 235 gektarlik “Yangi Nasaf” ekomajmuasi quriladi.

Qashqadaryoda Yangi Qarshi shahri bunyod etiladi

Qashqadaryo viloyatida 500 ming aholiga moʻljallangan Yangi Qarshi shahri quriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifi chogʻidagi yigʻilishda maʼlum qildi.

Davlat rahbarining aytishicha, Yangi Qarshi shahri Qarshi shahri, Koʻkdala va Qarshi tumani chegarasida, 5 ming gektar maydonda, 500 ming aholiga moʻljallab barpo etiladi.

Qarshi tumanidagi kanal boʻyida 235 gektarlik “Yangi Nasaf” ekomajmuasi qurilishi ham boshlanadi.

Qayd etilishicha, viloyatda koʻchat ekish va yashil hududlarni kengaytirish borasida ham “Qashqadaryo tajribasi” shakllantiriladi. Har yili Navroʻz arafasida “Eng yashil mahalla” tanlovi oʻtkazilib, gʻoliblar elektromobil hamda boshqa qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi.

Shavkat Mirziyoyevning soʻzlariga koʻra, Qashqadaryoga yiliga 6 million turist jalb qilish uchun barcha imkoniyat mavjud. Yil boshidan buyon viloyatga 2,5 million sayyoh kelgan, faqat Gʻelon qishlogʻining oʻziga tashrif buyurganlar soni 500 mingga yetgan.

Tatariston bilan hamkorlikda Gʻelondagi togʻ-changʻi kurortining birinchi bosqichini kelasi yil ishga tushirish rejalashtirilgan. Tabiati Gʻelonga oʻxshash Chiroqchidagi Taragʻay, Kitobdagi Bashir va Yakkabogʻdagi Tatar qishloqlarini ham etnoturizm markazlariga aylantirish imkoniyati bor. Shahrisabz tumanidagi Sayyod va Suvtushar qishloqlarida esa togʻ daryolari asosida rafting va sport turizmini rivojlantirish mumkin.

Masʼullarga ushbu olti qishloq boʻyicha bir oy ichida master-reja tayyorlab, 1-martdan 50 million dollarlik loyihalarni boshlash topshirildi.

Shuningdek, har bahor Gʻuzorda “Lola va kabob”, Koʻkdalada “Chiyal yaxna” gastronomik festivallarini oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.