Qashqadaryoda «Ko‘hna Nasaf» turizm markazini qurish rejalashtirilmoqda
Bu Prezident qarori loyihasida nazarda tutilgan

Qashqadaryoda «Ko‘hna Nasaf» turizm markazini barpo etish rejalashtirilmoqda
Qashqadaryo viloyatida «Ko‘hna Nasaf» turizm markazini qurish ko‘zda tutilgan. Bu Prezident qarori loyihasida belgilangan.
Loyihaga muvofiq, Qarshi tumani va Qarshi shahri hududiga tutash «Batosh» MFYda 235 gektar yer ajratiladi. Dastlabki bosqichda 35 gektar maydonda milliy uslubdagi mehmonxona, restoran, amfiteatr, «Sharq bozori», savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari bunyod etiladi.
Shuningdek, Qashqadaryo daryosi bo‘yining 3 kilometri mustahkamlanadi, 7 kilometrlik «salomatlik yo‘lagi», piyoda va veloyo‘laklar hamda 3 ta piyodalar o‘tish yo‘li tashkil qilinadi.
Turizm markaziga olib boruvchi 13 kilometrlik yangi avtomobil yo‘li qurilishi, yo‘l bo‘yidagi bino va inshootlarni yagona me’moriy konsepsiya asosida ta’mirlash va rekonstruksiya qilish ham rejalashtirilgan.
Markazning master-rejasini ishlab chiqish va qurilish jarayoniga Turkiyaning «Vertebra» kompaniyasi jalb etilgan.
Loyihani moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 3 yil muddatga 100 mln dollar ekvivalentida foizsiz kredit ajratish rejalashtirilmoqda.
Qurilgan obyektlar foydalanishga topshirilgach, ular auksion orqali sotiladi. Tushgan mablag‘lar ajratilgan qarzni qoplashga yo‘naltiriladi.

