Qashqadaryoda ekopolitsiya xodimlari hujumga uchradi

Qashqadaryoda ekopolitsiya xodimlariga hujum qilindi
Qashqadaryo viloyatida ekologik nazorat tadbiri chog‘ida ekopolitsiya xodimlariga qarshilik ko‘rsatildi. Hodisalardan birida G‘uzor tumani Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘limi boshlig‘i hushsiz holatda shifoxonaga olib ketilgan.
Ma’lum qilinishicha, 11-sentyabr kuni Qashqadaryo viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasining G‘uzor tumani bo‘limi boshlig‘i Bahrom Toshpo‘latov hushsiz holatda viloyat shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markaziga yetkazilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Bahrom Toshpo‘latov G‘uzor tumani “Qovchin” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Qashqadaryo daryosida noqonuniy qum-shag‘al qazib olish holatlarini aniqlash bo‘yicha reyd vaqtida huquqbuzarlar hujumiga uchragan.
Uni shu hududda fuqarolardan biri hushsiz holatda topib, shifoxonaga olib borgan. Hozirda tibbiyot muassasasida unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, 6-sentyabrdan 7-sentyabrga o‘tar kechasi G‘uzor tumani “Qovchin” MFYning Arab qishlog‘i hududida ekopolitsiya inspektorlari ekologik nazorat reydini o‘tkazgan.
Reyd davomida Qashqadaryo daryosining muhofaza etiladigan hududida noqonuniy qum-shag‘al qazib olinayotgani aniqlangan. Ekopolitsiya xodimlari qonunbuzarlikni to‘xtatib, texnikani jarima maydoniga olib ketayotgan paytda huquqbuzarlar ularga faol qarshilik ko‘rsatgan.
Xususan, davlat raqamisiz qora rangli Kia K5, shuningdek, davlat raqami 70 K 413 AA bo‘lgan Lacetti va Cobalt avtomobillarida kelgan shaxslar yo‘lni to‘sib, inspektorlardan biriga tan jarohati yetkazgan. Bundan tashqari, jarima maydoniga olib ketilayotgan texnika vositasini olib qochgan.
Mazkur ikki holat yuzasidan G‘uzor tuman prokuraturasi va IIBning tezkor-tergov guruhi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

