Mahalliy

Qashqadaryoda 500 nafar yosh Germaniyaga haq to‘lanadigan amaliyotga yuboriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryodagi kasbiy mahorat texnikumi va uning negizida tashkil etilgan «Kasblar shaharchasi» faoliyati

Qashqadaryoda 500 nafar yosh Germaniyaga haq to‘lanadigan amaliyotga yuboriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryodagi kasbiy mahorat texnikumi hamda uning negizida tashkil etilgan «Kasblar shaharchasi» faoliyati bilan tanishdi.

Qiymati 42 mlrd so‘m bo‘lgan texnikum 5,2 gektar hududda joylashgan. Muassasa 14 ta bino va inshootni o‘z ichiga oladi, 80 ta ish o‘rni yaratilgan. Unda o‘quv binolari, laboratoriyalar, ustaxonalar, yotoqxona, sport maydonchasi, oshxona va «Kasblar shaharchasi» mavjud.

Ayni paytda texnikumda 10 ta yo‘nalish bo‘yicha 417 nafar yosh ta’lim olmoqda. O‘quv jarayoniga Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasi joriy etilmoqda. Texnikum viloyatdagi boshqa kasbiy ta’lim muassasalari uchun ham metodik va amaliy baza vazifasini bajaradi. Ularda o‘qiyotgan 2 ming 800 nafar o‘quvchi texnikumda amaliyot o‘taydi.

Amaliyot va dual ta’limni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 32 ta yirik tashkilot bilan shartnomalar imzolangan. Yana 11 ta tashkilot bilan hamkorlikni boshlash rejalashtirilgan. Yil oxirigacha 500 nafar yoshni nemis tiliga o‘qitib, Germaniyada haq to‘lanadigan amaliyotga yuborish ko‘zda tutilgan. Prezident stajirovkaga ketayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi.

— Barcha sa’y-harakatlarimiz sizlar kasb egallashingiz uchun. Kasbli bo‘lsangiz, hech qachon kam bo‘lmaysizlar. Bilim va hunarni puxta egallasangiz, qayerda bo‘lmang, o‘z o‘rningizni topasizlar. Bugun sizlarga shunday imkoniyat berilyapti. Undan to‘g‘ri foydalansangiz, o‘zingiz, farzandlaringiz va nevaralaringiz uchun farovon hayotga zamin yaratasizlar. Shuning uchun bir daqiqangiz ham bekor o‘tmasin, — dedi Prezident.

«Kasblar shaharchasi» maktab o‘quvchilarining qiziqishi va qobiliyatini erta aniqlash, ularni kasbga yo‘naltirish maqsadida tashkil etilgan. Bu yerda yoshlar axborot texnologiyalari, «yashil» energetika, robototexnika, dronlarni boshqarish va elektromobillarga xizmat ko‘rsatish bilan tanishadi. Shuningdek, tikuvchilik, oshpazlik, santexnika, zootexnika va agronomiya bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni ham oladi.

Viloyatdagi investitsiya loyihalari yangi mutaxassislarga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Shu sababli ta’lim dasturlarini ish beruvchilar ehtiyojiga moslashtirish, texnikum imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish va yoshlarni yangi korxonalar uchun maqsadli tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.

Tashrif chog‘ida Qashqadaryo viloyati ta’lim tizimidagi zamonaviy yondashuvlar hamda Germaniya bilan hamkorlikdagi istiqbolli qo‘shma loyihalar haqida ham ma’lumot berildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.