Shavkat Mirziyoyev Nukusdagi 1-son texnikum faoliyati bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev Nukusdagi 1-son texnikum faoliyati bilan tanishdi
Shavkat Mirziyoyev Nukus shahridagi 1-son texnikum faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbarining 2026-yil 17-iyuldagi “Respublikada xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, ushbu texnikumda Buyuk Britaniyaning Pearson BTEC xalqaro ta’lim dasturi joriy qilindi.
Dunyoning 70 ta mamlakatida qo‘llanilayotgan mazkur dastur O‘zbekistonda ilk bor aynan shu texnikumda yo‘lga qo‘yildi. Uning asosiy jihati nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirishdan iborat. Shu maqsadda ta’lim standartlariga mos zamonaviy o‘quv ustaxonalari va raqamli laboratoriyalar tashkil etildi.
Loyihaning umumiy qiymati 11,9 milliard so‘mni tashkil etadi, shundan 2 milliard so‘m hamkorlar tomonidan ajratilgan. Natijada 240 o‘rinli zamonaviy ustaxonalar barpo etildi. Texnikumda jami 1 ming 203 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.
Muassasa 4 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, bino va inshootlarining umumiy maydoni 4,6 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Bu yerda dual ta’limni yo‘lga qo‘yish orqali hudud iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlash rejalashtirilgan. Xalqaro dastur bitiruvchilariga 70 dan ortiq davlatda tan olinadigan diplom beriladi.
Xususiy hamkor Salovutdin Ilyosov ishtirokida “spin-off” ta’lim dasturi ham ishga tushirilgan. Uning doirasida 136 nafar o‘quvchi talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasblarni o‘zlashtirmoqda. Asosiy fanlar ingliz tilida o‘qitilib, o‘quv-uslubiy materiallar ham shu tilda taqdim etilmoqda. Bu o‘quvchilarning kasbiy bilimlari bilan birga sohaviy til ko‘nikmalarini ham rivojlantirishga xizmat qiladi.
Amaliy tayyorgarlik natijasida bitiruvchilarning xorijda ishlash imkoniyatlari kengaymoqda. Joriy yilda texnikumda payvandchilik bo‘yicha o‘qitilgan 25 nafar ishsiz fuqaro Estoniyaga ishga yuborildi. Ular oyiga 3 ming yevrogacha ish haqi olmoqda.
Shuningdek, tashkil etilayotgan 40 million dollarlik sanoat zonasi uchun zarur mutaxassislarni aynan shu texnikumda tayyorlash bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. Bu ta’limni ishlab chiqarish bilan bog‘lash va bitiruvchilar bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Davlat rahbari texnikumda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Xalqaro mehnat bozorida malakali kadrlarga talab ortib borayotgani qayd etilib, o‘quv jarayonlarini ish beruvchilar ehtiyojlariga muvofiq tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

