Iqtisodiyot

Qariyb 2 trillion yevro ustida bahs: Yevropa Ittifoqi byudjet boʻyicha kelisha olmadi

Bryusseldagi sammitning birinchi kunida Yevropa Ittifoqi yetakchilari yetti yillik byudjet boʻyicha kelishuvga erisha olmadi. Germaniya va yana bir qator davlatlar xarajatlarni qisqartirishni talab qilayotgan boʻlsa, Fransiya, Ispaniya va Polsha byudjetni oshirish tarafdori. Muzokaralar dekabrda davom etadi.

Qariyb 2 trillion yevro atrofidagi byudjet yuzasidan kelishuvga erishilmadi: Yevropa Ittifoqida tortishuvlar kuchaydi

DW nashri AFP agentligiga tayanib yozishicha, sammit davomida tomonlar o‘rtasida keskin bahslar yuz bergan. Tejamkorlikni yoqlovchi davlatlar safida Germaniyadan tashqari Avstriya, Shvetsiya, Daniya, Niderlandiya va Finlandiya ham bor edi.

Yevrokomissiya yoz oylarida 2028–2034-yillarga mo‘ljallangan, qariyb 2 trillion yevrolik byudjet loyihasini taqdim etgan edi. YEI Kengashiga raislik qilayotgan Irlandiya esa uni 140 milliard yevroga kamaytirishni taklif qilgan.

Irlandiya ilgari surgan taklif raqobatbardoshlikni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar, mudofaa va tashqi siyosat yo‘nalishlaridagi xarajatlarni qisqartirishni ko‘zda tutadi.

Fransiya esa byudjetni a’zo davlatlar badallarini oshirmasdan ko‘paytirish uchun yangi umumevropa yig‘imlarini joriy etishni taklif qilmoqda. Gap raqamli xizmatlar, kriptoaktivlar va internetdagi qimor o‘yinlaridan yig‘im undirish haqida ketmoqda.

Germaniya kansleri Fridrix Mers muzokaralar boshlanishidan oldin Yevrokomissiya taklif qilgan byudjetni sezilarli darajada qisqartirishga chaqirgan. U qishloq xo‘jaligi hamda hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy va ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish siyosati uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratilishiga qarshi chiqqan.

YeIga a’zo ko‘plab davlatlar byudjetni 2026-yil oxirigacha tasdiqlash tarafdori. Ular 2027-yildagi saylovlar natijasida ayrim mamlakatlarda hokimiyatga yevrointegratsiyaga shubha bilan qaraydigan siyosiy kuchlar kelishi kelishuvni murakkablashtirishi mumkinligidan xavotirda.

Biroq Avstriya kansleri Kristian Shtoker muzokaralar kelasi yilgacha cho‘zilishi ehtimolini ham istisno qilmagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.