Dunyo

“Qanday bo‘lmasin, qo‘naman”. 11-sentabr teraktlari sababli AQShga kira olmagan O‘zbekiston samolyoti bortida nimalar sodir bo‘lgan?

2001-yil 11-sentabr kungi teraktlar ortidan AQSh havo hududi yopilgach, 'O‘zbekiston havo yo‘llari'ning Toshkent-Nyu York yo‘nalishidagi 101-reysi Kanadaga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgandi. Gazeta ekipaj komandiri va yo‘lovchilar xotiralari hamda arxiv suratlarni taqdim etadi.

“Qanday bo‘lmasin, qo‘naman”. 11-sentabr teraktlari tufayli AQShga kira olmagan O‘zbekiston samolyoti bortida nimalar yuz bergan?

25 yil avval — 2001-yil 11-sentabrda jahon tarixidagi eng yirik terakt sodir bo‘lgan edi. “Al-Qoida” jangarilari AQShda to‘rtta yo‘lovchi samolyotini egallab oldi. Ulardan ikkitasi Nyu Yorkdagi Butunjahon savdo markazi minoralariga, uchinchisi Pentagon binosiga urildi, to‘rtinchisi esa Vashingtonga yetib bormay, dalaga quladi. O‘sha teraktlar oqibatida 2977 kishi halok bo‘ldi, shundan 2606 nafari egizak minoralarga qilingan hujum qurbonlari edi.

Hujumlardan keyin AQSh havo hududi fuqarolik aviatsiyasi uchun yopildi va mamlakat tomon yo‘l olgan yuzlab samolyotlar boshqa aeroportlarga burildi.

Ular orasida Toshkentdan Nyu Yorkka uchayotgan “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning 101-reysi ham bor edi.

Bortida 200 ga yaqin yo‘lovchi va ekipaj a’zolari bo‘lgan Boeing 757 samolyoti Kanadadagi Goose Bay aeroportiga yo‘naltirildi. Kanada Qurolli kuchlariga qarashli bu harbiy aerodrom 11-sentabr kuni AQSh havo hududi yopilgach, o‘nlab samolyotlarni qabul qilgan.

101-reys komandiri Zarif Saidazimov yo‘lovchilar — Gulnora Musayeva va Gulshoda Abdiyeva bilan suhbatlashib, chorak asr avvalgi voqealar, samolyotdagi holat va Kanadaga qo‘nish jarayoni haqidagi xotiralarini so‘radi.

2001-yil 11-sentabrdagi voqea paytida 45 yoshda edim. Aviatsiya sohasiga 1976-yilda kirib kelganman, 1996-yildan Nyu York yo‘nalishida uchardim. O‘sha paytda Boeing 757 samolyotida uchardim va pilot-instruktor edim.

Reys Toshkent — Birmingem — Nyu York yo‘nalishida edi. Toshkentdan Birmingemga uchdik, u yerda samolyotga yoqilg‘i quydik va Nyu Yorkka yo‘l olayotganimizda samolyotga chiqish vaqtida farg‘onalik ayol trap oldida to‘satdan yiqilib, vafot etdi. Darhol shifokorlarni chaqirishdi. Keyin so‘rasam, ayolning hatto yuki ham bo‘lmagan, faqat kichik qo‘l sumkasi bor ekan. Biz esa reysni kechiktirmaslik uchun uchishga va uni o‘sha yerda qoldirishga majbur bo‘ldik. Samolyot 184 kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, o‘sha kungi reysda 180 nafar yo‘lovchi bor edi.

Samolyot Atlantika okeani ustidan uchayotgan paytda hammasi odatdagidek edi. Osmonda turli davlatlardan Amerika va Kanadaga uchayotgan ko‘plab samolyotlar bor edi. Uchuvchilar bir-birini maxsus chastota orqali eshitib turardi. Shu payt amerikalik uchuvchilarning suhbatidan Nyu Yorkda samolyot halokatga uchraganini eshitdik. Avvaliga “qanday qilib samolyot halokatga uchraydi?”, deb hayron bo‘ldik. Keyin yana bir samolyot Pentagonga urilgani, savdo markaziga hujum qilingani va boshqa samolyotlar bilan bog‘liq voqealar haqida aytib qolishdi. Shundan keyin Amerika havo hududi yopilgani ma’lum bo‘ldi.

Nyu York uchun zaxira aeroportimiz Boston edi.

Ammo Boston ham, boshqa aeroportlar ham samolyotlar bilan to‘lib ketgan, bizga ularning havo hududiga kirishga ruxsat berilmadi. Shunda xaritadan yaqinroq aeroport qidirib, Kanadadagi Goose Bay harbiy havo bazasini topdik va o‘sha tomonga yo‘l oldik.

Goose Bay’ga yaqinlashganimizda ob-havo ham yaxshi emasdi. Bu hududda bulut, chaqmoq va boshqa noqulayliklar bo‘lardi. Pasayish jarayonida chaqmoq va bulutlarni aylanib o‘tishga to‘g‘ri keldi.

Yonilg‘i ham tugab borardi.

Dvigatel ishdan chiqmagan, lekin yoqilg‘ini tejash uchun dvigatellarni kichik gazda ishlatdik, birini qisqa vaqtga o‘chirib, keyin yana yoqdim. Samolyotni ikki dvigatel ishlagan holda qo‘ndirdik. Aeroportga qo‘nish ham oson bo‘lmagan. Bunday vaziyatda dispetcherlar uchun ham juda og‘ir edi. Nihoyat aloqa o‘rnatib, qo‘nishga ruxsat oldik. Aeroportga yaqinlashib, qo‘nayotganimizda ular samolyotdagi illyuminatorlarni yopishimizni, hech kim ochmasligini aytdi.

Aerodromga qo‘nganimizdan keyin taxminan 7 soat yo‘lovchilar bilan birga samolyot ichida o‘tirdik.

Men styuardessalarga zaxiradagi bor ovqatlarni tarqatishni aytdim va yo‘lovchilarni tinchlantirishga harakat qildim. Ularga JFK (Jon F. Kennedi) aeroporti texnik sabablarga ko‘ra yopilgani, ochilsa, Nyu Yorkka parvozni davom ettirishimizni aytdim. Vahimaga yo‘l qo‘ymaslik kerak edi. Shu orada Vashingtondagi elchixonamizga qo‘ng‘iroq qildim. O‘zimni 101-reys komandiri ekanimni tanishtirib, barcha yo‘lovchilar sog‘-salomat ekani, Goose Bay aeroportiga qo‘nganimizni xabar qildim. Ular bu ma’lumotni O‘zbekistonga yetkazishdi.

Keyinroq mahalliy hokimiyat vakillari kelib, barcha samolyotlar shu yerda qolishini aytdi. Bizdan yo‘lovchilar ro‘yxatini olishdi va ularni samolyotdan tushirishdi. Samolyotlar qulflandi, yo‘lovchilar qo‘l yuklarini olib, aeroport binosiga kirishdi. Bizni harbiy kazarmalarga joylashtirishdi, ovqat, telefonlar, televizorlar, zarur gigiyena vositalari, hatto shippaklargacha berishdi. Telefonlar orqali hamma yaqinlari bilan gaplashdi.

Yo‘lovchilar televizor orqali Nyu Yorkdagi voqealarni qayta-qayta ko‘rishgach, hodisaning haqiqiy ko‘lamini tushunib yetishdi.

Shunga qaramay, ko‘pchilik Nyu Yorkka tezroq yetib borishni istardi. Ayrim yo‘lovchilar “u yoqda bolam kutyapti”, “boshqa shaharda zarur ishim bor”, deb, ketish yo‘lini so‘rashardi. Men esa ularga bu yerdan taksi ham, avtobus ham, poyezd ham yurmasligi, Goose Bay juda olis va chekka hududda joylashganini tushuntirardim.

O‘shanda ikki kun deyarli uxlamadim. Uchinchi kuni yo‘lovchilarni qayta Birmingemga, u yerdan esa Toshkentga olib qaytishga qaror qilindi. Yo‘lovchilarni yig‘ib, ularga vaziyatni tushuntirdim.

“Biz Birmingemga, keyin Toshkentga uchib ketamiz”, dedim.

Ular chiptalari nima bo‘lishini so‘rashdi. Men esa reyslar ochilganidan keyin chiptalaridan foydalanishlari yoki pullarini qaytarib olishlari mumkinligini aytdim.

Shunda yo‘lovchilar orasida “O‘zbekiston havo yo‘llari”da 15 yil ishlaganini aytgan bir ayol “biletlaringizni qaytarib berishmaydi”, degan gaplarni tarqata boshladi. Men “O‘zbekiston havo yo‘llari” bosh direktoriga qo‘ng‘iroq qilib, yo‘lovchilarga rasmiy kafolat berishni so‘radim. Ular xohlagan vaqtda reysdan foydalanishi yoki pullarini qaytarib olishi mumkinligi haqida kafolat tayyorlandi. Uni ingliz, rus va o‘zbek tillarida chop ettirib, har bir yo‘lovchiga tarqatdim.

Foto: Kinematografiya agentligi.

Komandirning vazifasi faqat samolyotni boshqarish bilan cheklanmaydi. U yo‘lovchi, bagaj va boshqa ko‘plab masalalar uchun ham javobgar hisoblanadi. Bunday vaziyatda komandir bir vaqtning o‘zida ham konsul, ham elchi rolini bajaradi.

Shundan so‘ng samolyotni parvozga tayyorladik, yoqilg‘i quydik, texnik tekshiruvdan o‘tkazdik. Har bir yo‘lovchi bilan alohida gaplashib, qaytishiga roziligini oldim. Kechasi Birmingemga uchdik.

Atlantika okeani ustidan o‘tayotganimizda osmonda birorta ham samolyot yo‘q edi.

Faqat biz uchardik. Ertalab Birmingemga qo‘ndik. U yerda ham aeroport deyarli ishlamayotgan, samolyotlar uchmayotgan edi.

Men boshqargan samolyotga Londonda turgan boshqa ekipajni olib kelishdi. Parvoz vaqtim va kuchim Birmingemdan Toshkentgacha yetib borishga yetmasdi. Samolyotni ularga topshirdim. Ekipaj a’zolarim bilan Londonda qoldik. Mehmonxonada uch kun ichidagi hamma xatti-harakatlarim, aytgan gaplarimni birma-bir tahlil qildim.

Shunda barcha qarorlarimni to‘g‘ri qabul qilganimga ishonch hosil bo‘ldi.

Ikki kundan keyin Toshkentga oddiy reys bilan uchib keldik. O‘zbekistonga qaytganimda alohida marosim bilan kutib olishmagan. Aeroportdan chiqib, taksi to‘xtatib, uyga ketganman (kuladi). 2001-yilda biz bilan bog‘liq voqea katta shov-shuv bo‘lmagan. Yillar o‘tib, e’tirof etildik. 2007-yilda O‘zbekiston Qahramoni unvoniga loyiq ko‘rildim.

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov bilan.

2001-yilning oktabr oxirlarida yana Nyu Yorkka uchdim, voqea sodir bo‘lgan joyga — savdo markazlari vayron bo‘lgan hududga bordim.

Hali ham u yerda tutun chiqib turardi. Gul sotib olib, o‘sha joyga qo‘ydim. Begunoh odamlar halok bo‘lganidan qattiq ta’sirlanganman.

11-sentabr kuni parvoz vaqtida qo‘rquv bo‘lganmi, degan savolga kelsak, uchuvchi qo‘rqsa, samolyot boshqarishi qiyin. Bunday vaziyatda sovuqqonlik kerak.

Bilimingizni ishlatib, vaziyatdan chiqish yo‘lini o‘ylashingiz zarur. Qo‘rqqan odamning bilimi ham, fikri ham chalkashib ketadi. Men esa shu paytgacha turli tang vaziyatlarda bilimimga tayanib ish qilganman. Goose Bay’ga qo‘nishda ham boshqa variant qolmagan edi.

Men “qanday bo‘lmasin, qo‘naman”, degan ishonchda edim.

U yerda ILS tizimining Backcourse deb ataladigan kamyob turi bor edi. Men bu tizimni yaxshi bilardim, hatto boshqa uchuvchilarga ham o‘rgatganman. Qo‘nish paytida shu bilimlarim qo‘l keldi.

101-reys qalbimda chuqur iz qoldirgan, hech qachon o‘chirib bo‘lmaydi. Bu oddiy reys emas edi. O‘sha voqeani eslaganimda, xayolimga birinchi navbatda xavf va mas’uliyat keladi. Uchuvchilik oson kasb emas. Odamlar “avtopilotni yoqib qo‘yadi, o‘tirib choy ichib ketadi”, deb o‘ylashi mumkin. Aslida unday emas. Men 45 yil osmonda uchdim, 26 ming soat parvoz qildim. Bu kasb kuchli sog‘liq, chuqur bilim va har qanday vaziyatda o‘zini bosib tuta olishni talab qiladi.

Komandir bir vaqtning o‘zida psixolog ham, shifokor ham, boshqa ko‘plab vazifalarni bajaradi.

Uchuvchi har bir reys oldidan orqasida o‘tirgan 200–250 nafar odamning hayoti uning qo‘lida ekanini his qilishi kerak.

Keyinchalik Nyu York ko‘chalarida ketayotib, bir ayol meni tanib qolib, yugurib kelib, quchoqlab oldi. “Siz mening komandirim bo‘lgansiz, eslaysizmi, Goose Bay aeroportida?”, dedi. Men bilan suratga tushdi, unga yordam berganim uchun rahmat aytdi. Aeroportlarda ham bir-ikki o‘zbekistonlik yo‘lovchi meni tanib, “bu bizning komandirimiz”, degani haligacha esimda.

O‘sha voqeadan keyin ham uchuvchilik faoliyatimni davom ettirdim. Ko‘plab parvozlarni amalga oshirdim, uchuvchilarni tayyorladim, jumladan Koreyada ham Boeing samolyotlarida uchishga o‘qitdim, ko‘plab shogirdlar yetishtirishga hissa qo‘shdim.

2020-yil pandemiya boshlanganida Moskvadan reys bilan qaytib kelgandim. Bizni ekipaj bilan birga karantinga olishdi. O‘sha paytda 65 yoshga yaqinlashgan edim va pensiya masalasi ko‘tarildi. Ariza yozib, nafaqaga chiqdim.

Keyin ham aviatsiyadan uzilib qolmadim.

Boeing samolyotlari uchuvchilari trenajyorda har uch yoki olti oyda tekshiruvdan o‘tishi kerak. Trenajyorda instruktor bo‘lib ishladim, yangi uchuvchilarni tayyorladim. 70 yoshga to‘lganimdan keyin esa “endi o‘zim uchun yashayman”, deb faoliyatimni to‘xtatdim.

Hozir nabiralarim bilan vaqt o‘tkazaman. Ikki qizim ham bir muddat bort kuzatuvchisi bo‘lib ishladi. Ikki-uch yilcha uchishdi, keyin oilaviy sabablarga ko‘ra kasbdan ketishdi. O‘g‘lim ham aviatsiya sohasida ishlaydi — aviakompaniyaning Turkiyadagi bosh vakili.

101-reys men uchun hech qachon oddiy reys bo‘lib qolmaydi.

Men uchun eng katta mukofot — 180 nafar yo‘lovchini xavfsiz joyga olib chiqish, ularni yana Birmingemga eson-omon qaytarish va og‘ir vaziyatda mening gaplarimga ishonib, ortimdan ergashgani. Ayniqsa, notanish aeroportga, boshqacha tizimda birinchi marta qo‘nib, shuncha odamning xavfsizligini ta’minlash — men uchun shuning o‘zi katta mukofot!

Gulnora Musayeva, sobiq “Bahor” davlat o‘zbek xalq raqs ansambli artisti, Tamaraxonim uy-muzeyi direktori

2001-yilda o‘zimning “Guli-Bonu” prodyuserlik markazimga rahbarlik qilardim va “Anor” vokal guruhining prodyuseri edim. Mamlakatimizda va xorijda madaniy tadbirlarni tashkil etish bilan shug‘ullardim. O‘zbekistonning Germaniya, AQSh, Fransiya va Hindistondagi elchixonalari bilan hamkorlik qilardik.

Sentabr oyida to‘rt nafar ijrochidan iborat “Anor” guruhi AQShdagi elchixona tomonidan O‘zbekistonning Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etish uchun taklif qilindi. Biz madaniy dastur uchun mas’ul edik.

Bayram tadbiri 13-sentabr kuni Vashingtonda o‘tkazilishi kerak edi. Delegatsiyamiz ancha katta edi.

Biz bilan birga Vazirlar Mahkamasi vakili, Tashqi ishlar vazirligining ikki nafar xodimi, dutorchi Abbos Qosimov va raqqosa Gulshoda Abdiyeva ham uchgan.

Gulnora Musayeva.

Avvaliga AQShga 9-sentabr kuni, boshqalardan ikki kun oldinroq uchib ketishni rejalashtirgandim. Nyu Yorkdagi hamkorlarim bilan birgalikda madaniy loyiha tayyorlayotgandik. Ularning ofisi Jahon savdo markazi minoralaridan birining 78-qavatida joylashgan edi. Safarlarim davomida u yerga tez-tez borib turardim, ba’zan butun kunni ham o‘sha yerda o‘tkazardim.

Safarga chiqishimdan bir necha kun oldin elchixonadan qo‘ng‘iroq qilib, rejalarimni o‘zgartirishni so‘rashdi. Menga ikki variant taklif qilindi: 9-sentabr kuni uchib borib, bir necha kunga turar joyni o‘zim hal qilish yoki 11-sentabr kuni delegatsiya bilan birga yo‘lga chiqish. Butun delegatsiyani o‘z hisobimdan joylashtirish qiyin edi. Shuning uchun san’atkorlarning aviachiptalari o‘zgartirildi. Avvaliga baribir 9-sentabr kuni yolg‘iz uchib, Nyu Yorkdagi hamkorlarimnikida qolishni o‘ylagandim. Ammo hamma bilan birga ketishga qaror qildim.

11-sentabr kuni Toshkentdan Nyu Yorkka uchdik. O‘sha yillarda samolyotlar bu yo‘nalishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bosib o‘ta olmasdi, shuning uchun reysimiz yo‘l-yo‘lakay Angliyada texnik qo‘nish qilib, yoqilg‘i quydi. To‘xtash vaqtida yo‘lovchilardan birining yuragi xuruj qildi. Bu voqea yaxshi yodimda. Tranzit hududi kichik edi. Men ayolga skameykaga yotishiga yordam berdim va doim o‘zim bilan olib yuradigan dorilarimdan berdim. Keyin tibbiy yordam chaqirildi va uni shifokorlar olib ketishdi. Reysimiz taxminan bir soatga kechikdi. Qolgan yo‘lovchilar samolyotga qaytganida, o‘sha ayol vafot etgani ma’lum bo‘ldi. Shu tariqa, reysimiz fojia bilan boshlandi. Keyinchalik bu kechikish haqida ko‘p o‘yladim. Agar o‘z vaqtida uchganimizda, havo hududi yopilgan paytda Nyu-Yorkka ancha yaqinlashib qolgan bo‘lishimiz mumkin edi. O‘shanda voqealar qanday rivojlangan bo‘lardi — buni hech kim bilmaydi.

Gulnora Musayeva “Anor” guruhi va Gulshoda Abdiyeva bilan. Kanadadagi Goose Bay aerodromida. / Foto: Shaxsiy arxiv.

Parvozni davom ettirdik. Mening eslashimcha, Nyu Yorkka yetib borishimizga taxminan 40 daqiqa qolganida, bort kuzatuvchilari ob-havo sharoiti tufayli samolyot belgilangan aeroportga qo‘na olmasligini ma’lum qilishdi. Samolyot Kanadadagi Goose Bay aeroportiga yo‘naltirildi. Marshrut o‘zgarishining asl sababi haqida bizga hech narsa aytishmadi. Ehtimol, samolyot bortida vahima ko‘tarilmasligi uchun haqiqiy sababni aytmagan bo‘lishsa kerak.

Samolyot Goose Bay aeroportiga qo‘nganidan keyin ortimizdagi qatorda uxlab kelgan bir yigit uyg‘ondi. Biz allaqachon AQShga yetib keldik, deb o‘ylab, onasiga qo‘ng‘iroq qildi: “Oyi, yetib keldim”. Birdan uning ovozi o‘zgarib ketganini eshitdim:

“Nima? Qanday? Urushmi? Egizak minoralarmi?”

Yigitning gaplaridan hamma birdaniga unga qaradi. Bort kuzatuvchilaridan biri uning oldiga borib, o‘zi bilan birga yurishini so‘radi.

U qaytib kelganida, onasi go‘yoki film ko‘rayotgani va uning gaplarini noto‘g‘ri tushunganini aytdi. Telefonini esa undan olib qo‘yishdi. Qo‘nishdan keyin samolyot ichida taxminan sakkiz soat qoldik. AQSh havo hududi yopilgan, Kanadaga esa juda ko‘p reyslar yo‘naltirilayotgan edi. Yonimizga yana bir nechta samolyot qo‘ndi, ular orasida Rossiya va Buyuk Britaniya samolyotlari ham bor edi. Samolyotimiz atrofida esa qurollangan harbiylar turishardi.

Shu paytga kelib, samolyotdagi ovqat tugagan, suv ham deyarli qolmagan edi. Suvni, avvalo, bolalar va keksa yo‘lovchilarga berishga harakat qilishardi. Men san’atkor hamrohlarim bilan tez-tez xorijga borib turardim. Shuning uchun tanishlarim qarindoshlariga berib yuborish uchun orqali menga turli yeguliklar — non, qazi, qo‘rt berib yuborishardi. Bu safar ham shunday bo‘ldi.

Chemodanimdagi barcha mahsulotlarni olib, bort kuzatuvchilariga berdim va: “Hammasini to‘g‘rab, bo‘lib chiqinglar. Avvalo, albatta, uchuvchilarni ovqatlantiringlar — agar parvozni davom ettirsak, ular och qolmasligi kerak. Qolganini yo‘lovchilarga tarqatinglar”, — dedim.

Shu tariqa, olib kelgan yeguliklarimizni samolyotdagi barcha odamlar o‘rtasida bo‘lib berishdi. O‘sha reysda biznes-klass deyarli bo‘sh edi. Gulshoda homilador bo‘lgani uchun bort kuzatuvchilaridan uni biznes-klassga o‘tkazishga ruxsat so‘radim. Uzoq parvozdan keyin biroz yotib, dam olishi uchun shunday qilishga rozi bo‘lishdi.

Nihoyat, samolyotdan tushishga ruxsat berilganida, bizga o‘zimiz bilan faqat hujjatlar, pul va boshqa qimmatli buyumlarni olishimiz mumkinligi aytildi. Sumkalar va qolgan barcha yuklar samolyotda qolishi kerak edi. Harbiy baza hududiga kirishdan oldin bizni sinchiklab tekshirishdi. Esimda, hatto qandaydir dezinfeksiya jarayonidan ham o‘tgandik. Atrofda qo‘lida qurol ushlagan askarlar turardi. Bularning barchasi juda g‘alati va xavotirli tuyulardi. Biz hanuz nima bo‘lganini aniq tushunmasdik.

Samolyotda biz bilan birga Buxoro yahudiylari diasporasi vakillari — avval O‘zbekistonda yashagan amerikaliklar ham uchib kelgan edi. Katta dam olish xonasiga kirganimizda, ular allaqachon televizor qarshisida o‘tirishgan ekan. Meni chaqirib: “Gulnora, bu yoqqa keling, nima bo‘lganini ko‘ring”, — deyishdi.

Televizor ekranida samolyotning egizak minoralardan biriga urilib, bino ichiga kirib ketayotgani ko‘rsatilayotgan edi. Avvaliga bu kadrlarni filmdan olingan, deb o‘yladim.

Bunday voqea haqiqatan ham sodir bo‘lishi mumkinligi xayolimga sig‘masdi. Bu voqea aynan bugun sodir bo‘lganini aytishganida esa qattiq shokni boshdan kechirdim.

Ekranga qarab, bir necha oy oldin borgan joylarimni, u yerdagi tanishlarimni, 78-qavatda joylashgan ofisni va o‘sha yerda deraza yonida turib shaharni tomosha qilganimiz aks etgan videoni o‘yladim. Keyinchalik samolyot minoraga ular ishlagan qavatlar balandligiga yaqin joydan urilganini bildim. O‘sha safarimizda bizga hamrohlik qilgan inson va boshqa hamkorlarimning bir qismi teraktda halok bo‘lgan.

Yonayotgan egizak minoralar. Chapda — Janubiy, o‘ngda — Shimoliy minora. Surat: Thomas Nilsson / Getty Images.

Xabar tarqalgach, odamlar yaqinlariga qo‘ng‘iroq qila boshlashdi. O‘sha paytda onam hali hayot edi. U ham boshqa yo‘lovchilarning yaqinlari kabi voqealarni televizor orqali ko‘rib, qattiq xavotirlangan. Bazada bizga telefonlardan bepul foydalanish imkonini berishdi. Istaganimizcha gaplashib, yaqinlarimizga hammamiz sog‘-salomat ekanimizni aytishimiz mumkin edi.

Nega samolyotda shuncha vaqt qolib ketganimiz keyinroq ma’lum bo‘ldi.

Harbiylar biz uchun vaqtincha yashash joylarini tayyorlayotgan ekan.

Bizni ikki kishidan joylashtirishdi. Bu mehmonxona xonalari emasdi, ammo sharoitlar ancha qulay edi: xonalarda krovat, hojatxona va dush bor, bizga yotoq jihozlari, tish cho‘tkasi va zarur bo‘lgan boshqa narsalar ham berildi. Kuniga uch mahal to‘liq ovqatlanishni tashkil qilishdi.

Menga harbiylarning hudud bo‘ylab doimiy ravishda yurib turgani yodimda qolgan. Hatto ulardan: “Nega umuman uxlamaysizlar?”, deb so‘raganman. Keyinroq esa biz ularning xonalarini egallab olganimizni, shuning uchun ularning o‘zlari dam oladigan joyi qolmaganini tushundim.

Bazada ikki kecha va uch kun bo‘ldik. Tashqariga chiqishimizga ham ruxsat berishardi. Menda saqlanib qolgan suratlarda yigitlarimiz harbiylar bilan bilyard o‘ynayotgani, kichik barda o‘tirib suhbatlashayotgani aks etgan. Biz kelganimizdan ko‘p o‘tmay, barchamizni oshxonaga yig‘ib, shahar meri bilan uchrashuv tashkil qilishdi.

U kimdir siyosiy boshpana so‘rab, Kanadada qolishni istaydimi, deb so‘radi. O‘zbekiston fuqarolaridan hech kim bunday istak bildirmadi.

Men uchun ham uyga qaytish muhim edi — o‘zimni hech qachon boshqa mamlakatda yashaydigan inson sifatida tasavvur qilmaganman.

Oramizga jurnalistlar ham kelib, O‘zbekiston va qayerga ketayotganimiz haqida savollar berishdi. Men mahalliy radiostansiyaga intervyu berdim. Mamlakatimiz, “Anor” guruhi va Mustaqillik kunini nishonlash uchun yo‘lga chiqqanimiz haqida gapirdim. Intervyudan keyin “Vatan” qo‘shig‘ini qo‘yishni taklif qildim. Uni guruh solisti Karen Gafurjanov yozgan edi. Qo‘shiq haqiqatan ham Kanada radiosida efirga uzatildi.

Gulnora Musayeva “Anor” guruhi va Gulshoda Abdiyeva bilan. Kanadadagi Goose Bay aerodromida. / Foto: Shaxsiy arxiv.

Ertasi kuni bizni mahalliy madaniyat markaziga olib borishdi. U yerda yo‘lovchilar uchun dengizchilar chiqish qildi — ularning o‘z havaskor jamoasi bor ekan. Keyin kimdir o‘zbek san’atkorlari ham chiqish qilsa, degan taklifni bildirdi. “Anor” guruhi bir nechta qo‘shiq ijro qildi, Gulshoda esa raqsga tushdi. Menimcha, o‘sha paytda musiqa odamlarni biroz bo‘lsa-da, og‘ir o‘ylardan chalg‘itishga va yolg‘iz emasliklarini his qilishga yordam berdi.

Kanadadan O‘zbekistonga qaytdik. Safar amalga oshmagani uchun aviachiptalar pulini bizga qaytarishdi. 13-sentabr kuni Vashingtonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbir ham, tabiiyki, bekor qilindi. O‘zbekistonga qaytganimdan keyin, ehtimol, bunday fojiani boshdan kechirgan har qanday inson kabi o‘zimni his qildim. Qancha odam halok bo‘lganini anglash og‘ir va alamli edi.

Tashqi tomondan hayotim o‘zgarmadi, ammo ichimdagi qayg‘u qoldi.

Bunday voqealar, hatto fojia joyida bevosita bo‘lmagan bo‘lsangiz ham, izsiz o‘tib ketmaydi.

O‘sha yilning noyabr oyida kompaniyam tashkil etgan tadbirda ishtirok etish uchun yana Nyu Yorkka borishimga to‘g‘ri keldi. Bu safar yolg‘iz bordim, chunki guruhni o‘zim bilan olib borishdan qo‘rqdim. Jahon savdo markazi hududi o‘rab qo‘yilgan edi. To‘siq ortida hali ham ishlar davom etayotgan, vayronalarning hammasi tozalanmagan edi. Men kichik bir tirqish topib, qolgan manzarani suratga oldim. Noyabr oyida ham u yerdan chang ko‘tarilib turardi. Bu juda qo‘rqinchli manzara edi.

Men bilan birga 11-sentabr teraktida egizak minoralardan birida halok bo‘lgan o‘zbekistonlik qizdan qolgan ota-ona ham uchdi.

Bu ularning qizlari vafotidan keyin AQShga birinchi safari edi. Otasi 11-sentabr kuni ertalab qizlari bilan telefonda gaplashganini aytdi. O‘sha paytda Toshkentda kech, Nyu Yorkda esa kun endi boshlanayotgan edi. Uning aytishicha, qizi baxtli edi, yangi ishi haqida gapirgan. Bu ularning so‘nggi suhbati bo‘lib qolgan. Farzandidan ayrilgan ota-onaga tasalli berish uchun qanday so‘z topish mumkinligini bilmaysan.

25 yil o‘tib, albatta, bu dahshatlarning barchasini unutishni istardim, ammo buning iloji yo‘q.

Ko‘z oldimda hamon televizor ekranidagi vayron bo‘layotgan minoralar, harbiy bazada televizor qarshisida o‘tirgan odamlar, ikki oydan keyin Nyu Yorkda ko‘rganim o‘rab qo‘yilgan hudud gavdalanadi.

Bunday voqealar inson hayoti qanchalik qisqa ekanini va ertangi kun bizga nimalar olib kelishini qanchalik kam bilishimizni yanada teranroq his qildiradi.

Shuning uchun bugungi kun bilan yashash, yaxshilik qilish, o‘zingdan mazmunli biror narsa qoldirish muhim. Eng muhimi esa — sevgan insonlarimizni asrash va ular bilan ko‘proq birga bo‘lish, deb o‘ylayman.

Gulshoda Abdiyeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi dotsenti

2000-yillarda “O‘zbekraqs” ijodiy birlashmasi tarkibidagi “Tanovar” raqs-teatrlashtirilgan ansamblida faoliyat yuritardim. O‘sha davrda Gulnora Farhodovna prodyuserligidagi “Anor” guruhi bilan hamkorlikda ko‘p ishlaganman. Karen Gafurjanov guruh solisti edi. “Anor” zamonaviy qo‘shiqlar kuylardi, men esa konsertlar orasida milliy raqslarimizni ijro etardim. Dasturimizda “Tanovar”, “Munojot”, “Rohat” kabi raqslar bor edi. Mazkur guruh bilan Germaniya, Fransiya, Italiya, Gollandiya va Yevropaning boshqa davlatlariga ko‘p marta ijodiy safarlarga chiqqanman.

Gulshoda Abdiyeva.

2001-yilda guruh bilan Amerikaga borish taklifi bo‘ldi. O‘sha paytgacha juda ko‘p xorijiy gastrollarda bo‘lganman, ammo okeanortiga hali bormagan edim. Biz O‘zbekiston mustaqilligining 10 yilligi munosabati bilan Nyu Yorkda o‘tkaziladigan tadbirda ishtirok etishimiz kerak edi. AQShdagi elchixonamizda uchrashuv va konsertlar rejalashtirilgandi.

11-sentabr kuni Toshkent aeroportidan Nyu Yorkdagi Kennedi aeroporti tomon uchdik. O‘sha paytda 23 yoshda edim va to‘rt oylik homilam bor edi. Lekin ozg‘in va bo‘yim baland, milliy liboslarimiz ham kengroq bo‘lgani uchun homiladorligim sezilmasdi.

Guruhimiz sakkiz kishidan iborat edi. Hammamizga ekonom-klassdan bilet olingan. Samolyot havoga ko‘tarilib, parvoz boshlanganidan bir-ikki soat o‘tib, Gulnora opa ekipaj rahbariyati bilan gaplashib, meni biznes-klassga o‘tkazib qo‘ydi. U homiladorligimni bilardi va uzoq parvozda bemalol o‘tirib, dam olishimni istagandi. Shu sababli parvoz davomida biznes-klassda uxlab-uyg‘onib, ovqatlanib, yana uxlab ketganman. Gulnora opa tez-tez oldimga kelib, “Yaxshi yotibsanmi? Qorning ochmadimi? Biror narsa yeysanmi?”, deb holimdan xabar olardi.

Reysimiz yo‘lda Angliyada yoqilg‘i quyish uchun texnik qo‘nishni amalga oshirib, parvozni yana davom ettirdi. Yodimda, samolyot illyuminatoridan tashqariga qarayotganimda, yonimizda qandaydir kichik samolyotni ko‘rgandim. Keyin bilsam, u qiruvchi samolyot ekan. O‘sha paytda uning nima uchun yonimizda uchib yurganini tushunmaganman. Keyin illyuminatorlarni yopishdi, qayta ochishga ruxsat berishmadi. Gulnora opa va styuardessalarning doimiy e’tiboridan buni oddiy holat, homiladorligim sabab meni asrashyapti, deb o‘ylaganman. Aslida esa o‘sha paytda havoda juda katta voqealar sodir bo‘layotgan ekan.

Gulshoda Abdiyeva, Gulnora Musayeva hamda “Anor” guruhi. Kanada. / Foto: Shaxsiy arxiv.

Amerikaga yaqinlashayotgan paytimizda samolyot kapitani ayrim sabablarga ko‘ra Nyu York aeroportiga emas, Kanadaga qo‘nishimizni aytdi. Lekin men vaziyatning jiddiyligini tushunmaganman. Gulnora opa ham oldimga kelib, konsertlarimiz bekor bo‘lganini ma’lum qilgan.

Samolyot Kanadaning Gus-Bey shahridagi harbiy baza aerodromiga qo‘ngach, besh-olti soat davomida samolyot ichida qoldik. Bizga ovqat tarqatildi, chiroqlar o‘chirildi, illyuminatorlar ochilmadi. Ammo hech qanday baqir-chaqir, vahima yoki janjal bo‘lmadi.

Keyin o‘ylab qarasam, ekipaj salonda tinchlikni juda yaxshi saqlagan ekan, hech kimni vahimaga solishmagan.

Aerodromga tushganimizdan keyin bizni harbiy bazaga joylashtirishdi. Baza juda toza va qulay edi. Yotoqxonalarda ikki qavatli divanlar bor ekan. Gulnora opa ikkimiz bitta xonada yashaganmiz.

O‘sha yerda nihoyat Gulnora opa menga nima bo‘lganini ochiq aytdi: Nyu Yorkda terakt sodir bo‘lgani, samolyotlar binolarga urilganini eshitganman. U “biz konsert qo‘yadigan bino tomonga samolyot kelib urilgan”, degan mazmunda aytib bergan. Balki Gulnora opa shu vaqtgacha meni ruhan himoya qilib, asablarimni asrab kelgandir. O‘shanda birinchi farzandimni kutayotgan bo‘lsam-da, “Endi nima bo‘ladi, qayerda qolib ketamiz, o‘lib qolmaymizmi?”, degan qo‘rquv menda yo‘q edi.

Bazaga ko‘plab telefon apparatlari o‘rnatib qo‘yishgandi.

Hamma o‘z oilasi bilan bemalol va bepul gaplashishi mumkin edi.

Men ham kuniga ikki-uch marta uydagilarga qo‘ng‘iroq qilardim. Yaqinlarim voqeadan televizor orqali xabar topishgan ekan. Ularga sim qoqqan paytimda birinchi aytgan gaplari “Voy, yaxshi telefon qilding, Xudoga shukur!” bo‘lgan. Ular mendan xabar kutib o‘tirishgan, qayerdaligimizni va biz bilan nima bo‘lganini bilmay xavotirda bo‘lishgan ekan.

Kanadada bizga juda yaxshi munosabatda bo‘lishdi. Ko‘p odam bo‘lishimizga qaramay, hamma bir-birini hurmat qilib, navbat bilan telefonlashar, ovqatlanardi. Bizga issiq kiyimlar ham berishdi, chunki 11-sentabr kuni O‘zbekistonda hali issiq edi, Kanadada esa bunday sovuq bo‘lishini bilmay, yengi uzun kiyimlar olmagan ekanmiz.

Ertasi kuni harbiy shaharchaga ekskursiya uyushtirildi.

“Anor” guruhi bilan mahalliy aholi uchun kichik konsert ham berganmiz.

O‘zimiz musiqa chalib, ayollar va harbiylar bilan birga raqs tushganmiz. Bu bir yarim soatcha davom etgan.

Bir necha kundan keyin bizni yana samolyotga o‘tqazib, Toshkentga qaytarishdi. O‘sha paytda mening eng katta afsusim Amerikaga borma olmaganim edi. Ammo sog‘-salomat qaytib kelganimiz katta baxt bo‘lgan. Keyinchalik Amerikaga sayyoh sifatida ikki marta borish nasib qildi. Nyu York, Vashington va Amerikaning boshqa joylarini ko‘rdim.

Shu safarlardan birida 2001-yilda samolyotlar urilgan binolar turgan joyni ham ko‘rdim. O‘sha paytda atrofi o‘ralgan, qurilish ishlari ketayotgan edi. Odamlar u yerda avvalgidek aylanib yurmasdi. Keyin u yerda maydon qilinganini eshitdim, lekin o‘zim keyingi holatini ko‘rmaganman.

Safarlarimning birida 2001-yilgi reysda bo‘lgan ekipaj a’zolari bilan yana ko‘rishdik.

Gaplashib, o‘sha kunlarni esladik. Keyinroq ekipaj a’zolari bilan asosan shu voqea haqidagi ko‘rsatuvlarda tez-tez uchrashdik.

25 yil o‘tib, 11-sentabr kunini eslasam, birinchi bo‘lib o‘sha samolyotda biznes-klassda uxlab, ovqatlanib ketganim yodimga tushadi. Biz gastrollarga doim ekonom-klassda uchardik. Biznes-klassda esa deyarli hech qachon uchmaganmiz (kuladi).

O‘sha voqeaning aslida qanchalik mudhish bo‘lganini yillar o‘tib tushundim.

Agar biroz ertaroq uchib o‘tganimiz yoki o‘sha hududga kirib qolganimizda nima bo‘lardi? Yoki aksincha, biroz oldinroq Amerikaga yetib borib, samolyot urilgan binoda konsert qilayotgan bo‘lganimizda-chi? Shularni o‘ylasam, hozir ham etim jimirlab ketadi.

“101-reys” filmini ko‘rganimda ham juda ta’sirlandim, hatto yig‘ladim. Filmda uchuvchilarning o‘zaro gaplashgani, havoda nima bo‘layotgani, O‘zbekiston samolyotining qanday vaziyatda uchib borgani haqidagi voqealarni ko‘rib, o‘sha paytda men bilmagan narsalarni angladim.

Umuman, 11-sentabr nafaqat mening, balki butun dunyo odamlarining hayotiga katta ta’sir qilgan voqea, deb o‘ylayman.

Tinchlik va xotirjamlikning qanchalik muhimligini anglashga undagan.

2002-yil 28-yanvar kuni qiz farzandni dunyoga keltirdim. Ismi Madina. Hozir oilali. Unga o‘sha voqea haqida tez-tez gapirib turaman. Hozir ham o‘sha kunni eslasam, “Xudo asragan ekan”, deyman.

Kapitanimiz Zarif aka ham samolyotni juda ehtiyotkorlik bilan olib borib, yana bizni sog‘-omon qaytargan ekan. O‘sha paytda buning qadrini bilmagan ekanman. Yillar o‘tib esa buni yanada chuqurroq anglayapman.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.