“PSJ” o‘z xodimlariga qariyb 4800 yevrodan mukofot puli to‘laydi

"PSJ" xodimlariga qariyb 4800 yevro miqdorida bonus to‘laydi
Fransiyaning "PSJ" futbol klubi 2025/26-yilgi mavsum yakunida o‘z xodimlariga mukofot puli ajratadi. Bu haqda L'Équipe nashri ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, soliqlar chegirilmagan holda, bonus miqdori 4772 yevroni tashkil etadi. To‘lov ikki bosqichda amalga oshiriladi, xodimlar birinchi qismini avgust oyi maoshlari bilan birga oladilar.
Klub rahbariyati o‘tgan mavsumdagi muvaffaqiyatlar, xususan, Chempionlar Ligasidagi navbatdagi g‘alaba munosabati bilan xodimlarni taqdirlashga qaror qilgan. Parijliklar o‘tgan yili ham Chempionlar Ligasidagi ilk g‘alabadan so‘ng xodimlarga shunga o‘xshash mukofotlar tarqatgan edi.
"Barcha yo‘nalishlardagi sport yutuqlarimiz, shuningdek, kompaniya va brend sifatida o‘sishimiz ulkan jamoaviy mehnat natijasidir. Bu barchangizning yutug‘ingiz", — deyiladi "PSJ" prezidenti Nosir al-Xelayfining xodimlarga yo‘llagan maktubida.
Ushbu mukofot puli klubning futbol va gandbol bo‘limlarida, shuningdek, "Park de Prens" stadionida va klubning xayriya fondlarida ishlayotgan barcha xodimlarga to‘lanadi. Mukofot pulini olish uchun xodim o‘tgan mavsum davomida klubda kamida 8 oy ishlagan bo‘lishi talab etiladi. Alohida sport bonuslari oluvchi xodimlar bu ro‘yxatga kirmaydi.

