Prezident «Yangi O‘zbekiston» universitetiga tashrif buyurdi
Shavkat Mirziyoyev universitetda uzluksiz ta’lim islohotlari taqdimotini ko‘zdan kechirib, talabalar uchun yaratilgan zamonaviy ilmiy va

Prezident «Yangi O‘zbekiston» universitetiga bordi
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida «Yangi O‘zbekiston» universitetiga tashrif buyurib, ta’lim sohasidagi islohotlar hamda kelgusidagi rejalar haqida tayyorlangan ko‘rgazma bilan tanishdi.
Avval ta’limning uzviyligini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar va belgilangan rejalar taqdim etildi. «Maktabgacha ta’lim», «Maktab ta’limi», «Iqtidorli maktab o‘quvchilari», «Professional ta’lim» va «Oliy ta’lim» pavilonlarida ta’limning turli bosqichlaridagi islohotlar namoyish qilindi.
Taqdimotda bolaning ilk yoshidan boshlab kasb egallashigacha bo‘lgan ta’lim jarayonida yuz berayotgan o‘zgarishlar aks ettirildi.
Prezident universitetning o‘quv va ilmiy infratuzilmasi bilan ham tanishdi. «Kelajak muhandislari» maydoni, «Bloomberg» laboratoriyasi, fizika o‘quv laboratoriyasi, muhandislik fanlari o‘quv zali va «Apple Training Center»da talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, «Idrock» sun’iy intellekt klasteri, biotexnologiya va bioinformatika laboratoriyasi, materialshunoslik, lazer va nanotexnologiyalar hamda «ADM» mashinasozlik laboratoriyalari faoliyati namoyish etildi.
Mazkur infratuzilmalar talabalarning nazariy bilimlarini amaliy mashg‘ulotlar, ilmiy tadqiqotlar va loyihalar bilan bog‘lashga xizmat qiladi.
Tashrif davomida davlat rahbari universitet professor-o‘qituvchilari, talabalari hamda xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etishda hamkorlik qilayotgan xorijiy hamkorlar bilan suhbatlashdi.
Uchrashuvlarda ta’lim sohasidagi islohotlar va zamonaviy o‘quv muhitini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Prezident, shuningdek, faol va tashabbuskor o‘qituvchi hamda murabbiylar bilan esdalik uchun suratga tushdi.
Ta’lim sohasidagi islohotlarning keyingi bosqichida zamonaviy ko‘nikmalar, axborot texnologiyalari va mustaqil fikrlashga e’tibor kuchaytirilayotgani rasmiy taqdimotlarda ham qayd etildi.

