Mahalliy

Prezident biznesni roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazish taklifini ma’qulladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev biznesni roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazish taklifini tasdiqladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish yakunlari hamda milliy statistika tizimida islohotlarni jadallashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekiston aholisi 1989-yildan buyon qariyb ikki barobar, iqtisodiyot esa soʻnggi sakkiz yilda ikki karra oʻsgan. Bunday oʻzgarishlar aholi tarkibi, yashash manzillari, yer resurslari, qishloq xoʻjaligi hamda oziq-ovqat manbalari toʻgʻrisida aniq va ishonchli maʼlumotlarga boʻlgan ehtiyojni oshiradi.

Shu maqsadda joriy yilda oʻtkazilgan aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish natijalari boʻyicha axborot berildi.

Dastlabki natijalarga koʻra, mamlakatda doimiy aholi soni 39 million 47 ming nafarni tashkil etdi. Amaldagi hisobda aks etmagan 810,6 ming nafar aholining yashash manzili va ijtimoiy maqomiga aniqlik kiritildi.

Amaldagi maʼlumotlar bilan solishtirganda Jizzax viloyati aholisi 2,7 foiz, Namanganda 1,3 foiz, Surxondaryoda 0,9 foiz va Qashqadaryoda 0,7 foiz kam ekani aniqlandi. Buxoro viloyatida koʻrsatkich deyarli oʻzgarmagan, boshqa hududlarda esa oʻsgan. Xususan, Toshkent tumani aholisi avvalgi hisobga nisbatan 1,6 barobar koʻp, Andijon shahrida esa 15,8 foiz kam ekani maʼlum boʻldi.

Qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish natijasida hisobda aks etmagan 985,5 ming gektar yerning chegarasi va toifasi aniqlashtirildi. Shundan 789,5 ming gektari ekin yerlari, 14,1 ming gektari issiqxonalar, 75,3 ming gektari bogʻlar, 21,4 ming gektari tokzorlar va 85 ming gektari baliqchilik havzalariga toʻgʻri keladi.

Jarayonlarning raqamlashtirilgani hisobiga roʻyxatga olish xarajati aholi jon boshiga 1,5 ming soʻmdan oshmadi. Bu MDH davlatlaridagi koʻrsatkichlarga nisbatan 15 barobar kam. Internet orqali roʻyxatga olish qamrovi 82,3 foizni tashkil etdi. Barcha jarayonlar 15 kunda yakunlanib, Oʻzbekiston roʻyxatga olish tezligi boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrinni egalladi.

Roʻyxatga olish natijalari asosida aholi va qishloq xoʻjaligining doimiy yangilanib boradigan statistik registrlari shakllantiriladi. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlariga oid 100 ta, qishloq xoʻjaligi va ekin maydonlariga doir 50 ta koʻrsatkich yangilanadi. Shuningdek, 2017-2025-yillar uchun milliy hisoblar koʻrsatkichlari qayta baholanadi.

Taqdimotda iqtisodiy faoliyatni toʻliq statistik hisobga olish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Bugungi kunda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 23 foizni yoki 246 trillion soʻmni tashkil etmoqda. Qishloq xoʻjaligida umumiy aylanmaning 60 foizi ushbu sektor hissasiga toʻgʻri keladi.

Mehnat bilan band boʻlgan 15,2 million aholining 6,5 millioni yoki 42 foizining daromadlari rasmiy hisobda toʻliq aks etmayapti. Roʻyxatdan oʻtgan koʻplab kichik va oʻrta biznes subyektlari amalda ishlamaydi yoki faoliyatini toʻxtatgan.

Mazkur holat halol ishlayotgan va soliq majburiyatlarini toʻliq bajarayotgan korxonalar uchun nosogʻlom raqobat muhitini yuzaga keltirmoqda. Har 4-5 soʻmlik iqtisodiy aylanmaning 1 soʻmi rasmiy statistika eʼtiboridan chetda qolmoqda. Ushbu faoliyatni tartibga solish budjetga qoʻshimcha oʻnlab trillion soʻm tushum taʼminlash va kelgusida soliq yukini kamaytirish imkonini beradi.

Shu munosabat bilan joriy yilning 15-oktyabridan 30-noyabriga qadar biznesni roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazish taklifi maʼqullandi. Uning doirasida mamlakatda faoliyat yuritayotgan barcha iqtisodiy birliklar xatlovdan oʻtkazilib, subyektlarning holati, tarkibi va iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha taqsimotiga aniqlik kiritiladi. Korxona va tashkilotlar toʻgʻrisidagi statistik registrlar yangilanib, tanlanma kuzatuvlar uchun ishonchli asos yaratiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.