Poyezdlardagi ayollar vagonlari — bu qanchalik toʻgʻri qaror?
«Kazaxstan temir joli» Almati-Toshkent poyezdi tarkibida «ayollar vagoni»ni yoʻlga qoʻymoqda. Kompaniya bu xizmatni xaridorgir deb atamoqda. Nemolchi.uz asoschisi Irina Matviyenko oʻzi ham shunday vagonni tanlagan boʻlishini aytdi. Ammo gender segregatsiyasining salbiy tomoni ham bor.

Poyezdlardagi ayollar vagonlari — bu qanchalik toʻgʻri qaror?
Qozogʻistonning «Kazaxstan temir joli» milliy temir yoʻl kompaniyasi 1 oktyabrdan boshlab Olmaota-Toshkent-Olmaota poyezdi tarkibida «ayollar vagoni» yoʻlga qoʻyilishini eʼlon qildi.
Bunday vagonga chiptalar faqat ayollarga sotiladi, unga esa faqat ayol kuzatuvchilar (provodnitsalar) xizmat koʻrsatadi. Ayollar bilan birga 7 yoshgacha boʻlgan (7 yosh ham kiradi) oʻgʻil bolalar ham hamrohlik qilishi mumkin.
«Passajirskiye perevozki» kompaniyasi rahbari Anuar Axmetjanov «Ayollar vagoni» xizmati ichki yoʻnalishlarda katta talabga ega ekanini — undan allaqachon 946 mingdan ortiq yoʻlovchi foydalanganini maʼlum qildi. Yangi vagonning ishga tushirilishi bilan bunday yoʻnalishlar soni 14 taga yetadi.
Uning aytishicha, bir tomondan, bu qarorni tushunish mumkin va u oʻzi ham shunday vagonni tanlagan boʻlardi. Ikkinchi tomondan, gender segregatsiyasining salbiy tomoni ham bor — uzoq muddatli istiqbolda u dunyoni xavfsizroq qilmaydi.
— Olmaota-Toshkent yoʻnalishida ayollar vagoni yoʻlga qoʻyilishiga nisbatan munosabatim ikki xil. Bir tomondan, bu chora menga tushunarli. Markaziy Osiyoda ayollar jamoat transportida: avtobuslar, taksilarda tegajogʻlikka tez-tez duch kelishadi. Qozogʻistonda bir necha yil avval poyezd yoʻlovchisini zoʻrlagan kuzatuvchilar jinoiy javobgarlikka tortilgan edi. Afsuski, ular muddatidan oldin ozodlikka chiqishdi.
Biroq, bu faqat bizning mintaqamizga xos muammo emas. Fuqarolar xavfsizligi davlatning masʼuliyati boʻlishiga qaramay, butun dunyodagi ayollar oʻz xavfsizligi haqida oʻzlari qaygʻurishi kerak boʻlgan sharoitda yashamoqdalar.
Masalan, men sayohatlarimda xostellarda ayollar kupesi yoki ayollar xonalarini tanlayman va ular uchun qoʻshimcha haq toʻlayman — bu men yaratmagan muhitdagi oqilona tanlovdir.
Agar men poyezdda Olmaotaga ketayotgan boʻlsam, katta ehtimol bilan men ham ayollar vagoni yoki kupesini afzal koʻrgan boʻlardim. Oʻylaymanki, bunda yolgʻiz emasman. Biroq, bunday tanlovning, umuman gender segregatsiyasining salbiy tomoni bor — uzoq muddatli istiqbolda u dunyoni xavfsizroq qilmaydi.
Britaniyalik feminist tadqiqotchi Maksin Molinyu hali 1985 yildayoq «ayollar manfaatlari» tushunchasi juda mavhum ekanini taʼkidlab, ularni amaliy va strategik gender manfaatlariga ajratgan edi. Amaliy manfaatlar mavjud voqelik doirasida ayollar hayotining muayyan sharoitlaridan (ayni damdagi oziq-ovqat, uy-joy, sogʻliq, xavfsizlik) kelib chiqadi. Ular strategik gender manfaatlaridan farqli oʻlaroq, gender tengsizligi tizimining oʻziga shubha tugʻdirmaydi. Oxirgilari esa boʻysunish tuzilmalarining oʻzini oʻzgartirishga qaratilgan: kamsitishlarni bekor qilish, reproduktiv huquqlar, siyosatdagi tenglik, zoʻravonlikka qarshi kurash. Ayollar vagoni — bu amaliy manfaatning amalga oshishidir.
Amerikalik tadqiqotchi Vendi Braun «States of Injury» kitobida liberal davlat gender tengsizligiga transformatsiya va kamsitishlarni yoʻq qilish logikasi orqali emas, balki protektsionizm logikasi orqali javob berishga moyilligini koʻrsatdi. Braun, shuningdek, paradoksga eʼtibor qaratadi: gender segregatsiyasi orqali himoya qilish qurbon maqomini mustahkamlaydi.
Ayollar vagonidagi ayol xavfsizlikda, chunki u tahdidlardan ajratilishi kerak boʻlgan zaif subʼyekt sifatida taqdim etiladi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston va Qozogʻiston Konstitutsiyalariga koʻra, ayol jamoat joylarida teng huquqlarga ega boʻlgan fuqaro ekanligi unutiladi. Ammo protektsionistik logika bu tamoyilni yoʻqqa chiqarib, uni qoʻriqlanadigan subʼyekt maqomi bilan almashtiradi.
Protektsionizm siyosiy jihatdan qulay: u erkaklar hokimiyatini qayta koʻrib chiqishni ham, real institutsional oʻzgarishlarni ham talab qilmasdan, gʻamxoʻrlik koʻrinishini yaratadi. «Ayollar vagoni» — protektsionistik choraning ideal namunasidir: davlat goʻyoki «Biz sizni himoya qilyapmiz» demoqda, lekin «Biz sizni kimdan himoya qilyapmiz? Nima uchun sizni aynan shunday himoya qilish kerak? Tahdid solayotganlar nima boʻladi?» degan savollarni bermayapti.
Hech kim oʻylab koʻrmaydi: agar ayollar uchun «xavfsiz» vagon boʻlsa, bu qolgan vagonlar haqida nimani anglatadi?
Goʻyoki «ayollar vagoni»da ayol xavfsizlikda, qolganlarida esa u tavakkal qilib ketaveradi. Agar biror koʻngilsiz hodisa yuz bersa, «U oʻzi nima xohlagandi? Oʻzi umumiy vagonga oʻtirdi-ku» degan ayblovlar yangrasa, hayron qolmayman. Goʻyoki boshqa vagonga chipta sotib olgan ayol «notoʻgʻri tanlov» qilgandek.
Aslida, xavfsizlik uchun javobgarlik davlat va aybdordan ayolning oʻziga yuklanadi — faqat yumshoqroq, deyarli gʻamxoʻrlik shaklida. Bu amaldagi protektsionizmdir.
Bu chora sabab bilan emas, balki simptom bilan kurashayotganini ham taʼkidlash muhim.
Transportda shilqimlik qilishga moyil boʻlgan erkak, ayollar alohida vagonga joylashtirilgani sababli bunga kamroq moyil boʻlib qolmaydi. U buni boshqa vagonlarda, avtobuslarda, koʻchalarda va boshqa joylarda davom ettirishi mumkin. Bundan tashqari, boshqa mamlakatlarda alohida «ayollar vagonlari»ni joriy etish amaliyoti shuni koʻrsatdiki, erkaklar ham ularga kirishi mumkin.
Ayollar uchun vagon yoʻlga qoʻyilgani haqidagi yangiliklarni koʻryapman, lekin davlat muhitni oʻzgartirish uchun nima qilayotgani haqidagi yangiliklarni koʻrmayapman. Kuzatuvchilar va qoʻriqchilar shilqimlikni aniqlash va unga chora koʻrish boʻyicha treningdan oʻtishdimi? Istalgan poyezd va vagonda shilqimlikka duch kelgan ayol uchun shikoyat qilishning tushunarli algoritmi bormi? Ushbu tashabbusga shilqimlikka yoʻl qoʻyib boʻlmasligi haqidagi ommaviy kommunikatsiya hamrohlik qilishi rejalashtirilganmi?
Va nihoyat, buning uchun adekvat jazo qani? Oʻzbekistonda shilqimlik uchun beriladigan besh sutka allaqachon memga aylanib ulgurdi. Bu chora yetarli emasligi yarim yil avval tan olinganiga qaramay, haligacha qonunchilikda oʻzgarishlar yoʻq.
Ushbu yoʻnalishda ketayotgan ayollar muqobil variantga ega boʻlishganidan xursandman. Bu variant transportdagi xavfsizlikka tizimli yondashuvning bir qismi boʻlishini istardim. Yuqorida tilga olingan savollarga batafsil javoblar va harakatlar boʻlmaguncha, tizimli oʻzgarishlar haqida gapirishga hali erta.

