Pokistonning Afgʻonistondagi zarbalari oqibatida toʻrt nafar tinch aholi vakili halok boʻldi, deydi Tolibon
Pokiston 10 ta nishonga zarba berganini maʼlum qilib, bu zarbalar "faqat aniqlangan harbiy obʼyektlar bilan cheklanganini" qoʻshimcha qildi.

Pokistonning Afgʻonistondagi zarbalari oqibatida toʻrt nafar tinch aholi vakili halok boʻldi, deydi Tolibon
Afgʻonistonning Tolibon hukumati ikki tomon oʻrtasidagi keskinlikning navbatdagi kuchayishi fonida Pokistonning bir qator havo hujumlari oqibatida toʻrt nafar tinch aholi vakili halok boʻlganini maʼlum qildi.
Manbalarning BBC’ga xabar berishicha, zarbalar Tolibonning hokimiyat markazi boʻlgan Qandahor kabi viloyatlarga berilgan. Mahalliy aholi vakili AFP axborot agentligiga samolyot ovozini, keyin esa kuchli portlashni eshitganini va shaharda yongʻin boshlanganini aytgan.
Pokiston oʻz kuchlari Afgʻonistondagi 10 ta nishonga zarba berganini maʼlum qildi, biroq ularning qayerda joylashganini ochiqlamadi va zarbalar «faqat aniqlangan harbiy nishonlar bilan cheklanganini» bildirdi.
Bu Pokistonda 18 sentyabr kuni politsiya mahkamasiga uyushtirilgan qonli hujumdan keyin, soʻnggi bir hafta ichida Pokistonning Afgʻoniston hududiga bergan ikkinchi havo zarbalari seriyasidir.
Tolibon oʻz bayonotida hujumdan keyin «munosib javob» boʻlishini bildirdi, Pokiston esa har qanday navbatdagi «provokatsion harakat»ga javob qaytarilishini aytdi.
Tolibon hukumati matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid hujumlar Afgʻonistonning Qandahor, Paktiya va Xost viloyatlarida sodir boʻlganini maʼlum qildi.
Paktiyada rasmiy vakilning aytishicha, qiruvchi samolyotlar Afgʻoniston Qurolli Kuchlarining Tolibon nazorati ostidagi 203-Mansuriy korpusini bombalagan, biroq qurbonlar haqida batafsil maʼlumot bermagan.
Xostda matbuot kotibi zarbalar oqibatida uylarga shikast yetganini, qurbonlar haqida maʼlumot yoʻqligini aytdi. Mahalliy guvoh Abdulloh Reuters axborot agentligiga zarbalar yarim tunda sodir boʻlganini bildirdi.
«Odamlar baqirishardi, hamma yoqda vahima edi», dedi u. «Keyin qishloq oqsoqoli kelib, uylarga qarab ovoz berdi va halok boʻlganlar bor-yoʻqligini soʻradi. Xayriyatki, hech kim halok boʻlmagan».
Yana bir mahalliy aholi vakili Salamat Xon Reuters agentligiga «bu yerda hech qanday harbiy baza yoʻq, harbiy xizmatchilar ham yoʻq»ligini aytib, «bu yerda faqat oddiy tinch aholining uylari joylashgan»ini qoʻshimcha qildi.
Zabihulloh Mujohid hujumni «oʻylamay qilingan, beparvo va dushmanona» deb atadi va bu «Pokiston harbiylari uchun salbiy oqibatlarga olib kelishini» aytdi.
Pokiston Axborot vaziri Attaulloh Tarar zarbalar «puxta oʻylangan, aniq, meʼyorlangan va mutanosib boʻlganini hamda faqat Pokistonga qarshi uyushtirilgan hujumlarga bevosita aloqador boʻlgan aniqlangan harbiy nishonlar bilan cheklanganini» taʼkidladi.
AFP xabariga koʻra, oʻtgan hafta Pokiston shimoli-gʻarbidagi politsiya majmuasida joylashgan masjidda kamida 31 kishining hayotiga zomin boʻlgan hujumdan keyin janglar qayta boshlangunga qadar, Tolibon va Pokiston oʻrtasida uch oylik nisbiy osoyishtalik hukm surgan edi.
Islomobod Kobulni TTP (Pokiston Toliboni harakati) jangarilariga boshpana berishda ayblab keladi. Afgʻonistonning Tolibon hukumati buni inkor etib, jangarilik Pokistonning ichki muammosi ekanini aytadi.
Pokiston politsiya mahkamasiga qilingan hujumdan soʻng, shu hafta boshida Afgʻoniston-Pokiston chegara hududida havo zarbalari berganini va 28 jangarini yoʻq qilganini maʼlum qilgan edi.
Kunar viloyatidagi Tolibon hukumati matbuot kotibi Farid Dehqon BBC’ga bergan intervyusida zarba oqibatida uch kishi halok boʻlgani va yana toʻrt kishi yaralanganini aytdi. BMTning Unama missiyasi ham kamida uch nafar tinch aholi vakili halok boʻlganini tasdiqladi.
Keyinchalik, chorshanba kuni Pokiston Afgʻonistondan oʻz hududiga uchirilgan dronlarni aniqlaganini va ularning barchasi «zararsizlantirilganini» maʼlum qildi. Tolibon rasmiylari oʻsha kuni oʻz hukumati Pokistonga qarshi dronlar uchirganini inkor etdi.
Unama tashkilotining iyul oyida maʼlum qilishicha, 2025 yilning oktyabridan 2026 yilning iyuniga qadar Tolibon hukumati kuchlari va Pokiston xavfsizlik kuchlari oʻrtasidagi transchegaraviy qurolli toʻqnashuvlar oqibatida kamida 499 nafar tinch aholi vakili halok boʻlgan va 1216 kishi yaralangan.
Eng dahshatli yagona hodisa mart oyida sodir boʻlgan boʻlib, unda Pokistonning Kobulga bergan havo zarbasi oqibatida 269 dan ortiq odam halok boʻlgan edi. Afgʻoniston Toliboni ushbu zarba narkologik reabilitatsiya markaziga berilganini aytgan. Islomobod bu ayblovni rad etib, «harbiy inshootlar va terrorchilarni qoʻllab-quvvatlovchi infratuzilmani aniq nishonga olganini» bildirgan.
Qoʻshni davlatlar mart oyida oʻt ochishni toʻxtatishga kelishib olgan edi, biroq xalqaro vositachilik barqaror tinchlikka olib kelmadi.
Shu hafta boshida BMT Bosh Assambleyasi doirasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Pokiston Tashqi ishlar vaziri Ishoq Dor Afgʻoniston hududidan «terrorizm» uchun foydalanilmasligini taʼminlash maqsadida «aniq va tekshirilishi mumkin boʻlgan» choralar koʻrishga chaqirdi.

