Pokiston-Afg‘oniston chegarasida besh soatlik otishma yuz berdi — manba

Pokiston-Afg‘oniston chegarasida besh soat davom etgan otishma yuz berdi — manba
Afg‘onistonning Paktiya viloyatidagi chegara hududida 22-sentyabr kuni kechqurun “Tolibon” kuchlari bilan Pokiston harbiylari o‘rtasida qariyb besh soatlik otishma bo‘lib o‘tdi. Amu TV nashri manbalariga ko‘ra, Zazi Oryub tumanida yuz bergan to‘qnashuv natijasida bir nechta uy zarar ko‘rgan, ayrim odamlar esa uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
Qurbonlar va jarohatlanganlar haqida ma’lumot berilmagan. Har ikki tomon rasmiylari ham hodisa yuzasidan izoh bermagan.
Shu bilan birga, 23-sentyabr kuni Pokiston xavfsizlik kuchlari Kohat va Torxam yaqinida Afg‘onistondan uchirilgan sakkizta dronni urib tushirganini da’vo qildi.
TOLOnews manbasining bildirishicha, “Tolibon” Pokistonga Afg‘oniston tomonidan dronlar uchirilgani haqidagi xabarlarni rad etgan. Manbaning qo‘shimcha qilishicha, Afg‘oniston harbiy-havo kuchlari hozircha hech qanday dron hujumini amalga oshirmagan.
Mazkur hodisalar Kunar va Paktika viloyatlariga Pokiston tomonidan havo zarbalari berilganidan keyin yuz berdi. BMTning Afg‘onistondagi missiyasi Kunardagi havo hujumlarida kamida uch nafar tinch aholi vakili halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Pokiston tomonining ta’kidlashicha, harbiy operatsiyalar vaqtida chegaraga yaqin hududdagi “terrorchilar” obyektlari nishonga olingan va 28 nafar jangari yo‘q qilingan.

