“Tolibon” Pokistonni harbiy amaliyot o‘tkazmaslik haqida ogohlantirdi va Saudiyani vositachilikka chaqirdi

“Tolibon” Pokistonni harbiy amaliyot o‘tkazmaslik haqida ogohlantirdi va Saudiyani vositachilikka chaqirdi
“Tolibon” matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid Pokistonni Afg‘oniston hududida harbiy amaliyotlar o‘tkazmaslik haqida ogohlantirdi. Shu bilan birga, u Islomobodning Afg‘oniston hududidan jangarilar hujumlar uchun foydalanmoqda, degan ayblovlarini rad etdi va Saudiya Arabistonini vositachilikka chaqirdi.
Al Arabiya English telekanaliga bergan intervyusida Mujohid agar Pokiston mamlakatga zarbalar bersa, Afg‘oniston o‘z suverenitetini himoya qilishini aytdi.
“Agar Pokiston Afg‘oniston hududiga bostirib kirish uchun 51-moddani ro‘kach qilsa, Afg‘oniston o‘z yurtini himoya qilish huquqiga ega va buni qiladi”, dedi u hamda javob qaqshatqich bo‘lishidan ogohlantirdi.
Mujohid Pokiston armiyasi vakilining avvalroq bergan intervyusidagi ayblovlarga javob qaytardi. Pokiston rasmiysi Afg‘oniston hududi jangarilarni yollash, tayyorlash va qurollantirish uchun ishlatilayotganini aytgan edi.
“Tolibon” vakili bu ayblovlarni rad etdi. U Kobul “Tahriki Tolibon Pokiston” (TTP)ga Afg‘oniston hududida harakat qilishga ruxsat bermasligini va boshqa davlatlarga qarshi qurolli guruhlarni qo‘llab-quvvatlamasligini bildirdi.
Shuningdek, u Pokiston xavfsizlik muammolarini Afg‘onistonga to‘nkamasdan, mamlakat ichida hal qilishi kerakligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, TTP va baluj guruhlari bilan bog‘liq tartibsizliklar “Tolibon” hokimiyatga qaytishidan oldin ham bo‘lgan.
Keskinlikka qaramay, Mujohid Afg‘oniston Pokiston bilan muloqot qilishni xohlashini va razvedka ma’lumotlarini almashish hamda hamkorlik mexanizmlarini kuchaytirishga chaqirishini aytdi.
U, shuningdek, Kobul va Islomobod o‘rtasida vositachilik qilishda Saudiya Arabistonining rolini alohida ta’kidladi. Mujohid Qirollik har ikki davlatning do‘sti ekanini va kelishmovchiliklarni hal qilishda ijobiy rol o‘ynashi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Bishkek Xavfsizlik kengashining 2027–2028-yillar uchun doimiy bo‘lmagan a’zosi etib saylangan. “Tolibon” hukumati bu imkoniyatdan foydalanib, xalqaro tashkilotda o‘z manfaatlarini ilgari surish uchun qo‘shni davlat bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarni kuchaytirmoqchi.

